SIG'INDI… (6-qism)

0

 

 

* * *

 

Nihoyat Husan alanglagancha pastga tushdi va Mannopga ko'z qisib tashqariga chiqdi.

Mannop shu zahoti yuqoriga yugurdi. Haqiqatan, zax hidi ufurayotgan, ta'mirga muhtoj kvartira eshigi qiya ochiq qoldirilibdi. Oyoq uchida yurib yo'lakka o'tdi-da, lang ochiq xonaga kirdi. Boshqa xonadan Vali kim bilandir valaqlashar, ora-sirada ayol kishining kulgisi eshitilib qolardi.

Mannop asta borib javonni ochdi. Haqiqatan, javonda eski-tuski kiyimlar qalashib yotgan ekan. Kiyimlar ostiga qo'l suqdi-yu, u yerdan ixchamgina qutichani chiqardi. Qopqog'iga qulf ilingan. Lekin qulflanmagan ekan. Ehtiyotkorlik bilan qutichani ochdi.

Qutichada bir necha taxlam pullar jam edi. Yuragi hovliqib, darhol qopqoqni qaytadan yopdi.

Narigi xonada hanuz suhbat davom etayapti.

Mannop telefonni cho'ntagidan chiqarib, vaqtni chamaladi. Rahim aka aytgan besh-o'n daqiqa allaqachon o'tib bo'libdi. Demak, shoshilish kerak. Yo'qsa ulgurmaydi.

Valini chaqirib o'tirishga ham fursat yo'q.

U hovliqib telefonni qo'liga oldi va kerakli raqamga gudok tashladi.

Buyog'i xuddi detektiv filmlardagi manzarani eslatardi. Kvartiraga bostirib kirgan to'rt nafar militsioner hash-pash deguncha Valining qo'llarini kishanladi.

Kvartira ichkari xonadan yugurib chiqqan keksa kampirning qichqirig'iga to'ldi.

— Hoy, nima qilayapsizlar? — baqirardi u militsionerlarga. — Bu bolada ayb yo'q! Nega bola faqirni bekordan bekorga qamaysizlar? O'g'ri… — U vannaxona tarafdan chiqib kelgan Mannopni ko'rdi-yu, battar tutoqdi. — Ana-ku o'g'ri!.. Berkinib turgan ekan-ku!..

Mannop munkaygan, oppoq sochli kampirni ko'rgandayoq adoyi tamom bo'lgandi.

Bir muddat qarshisida sochlarini yulgudek shovqin solayotgan onaxonga angraydi. Nima qilishni, nima deyishni bila olmay garangsidi…

— Ha, betingdan buzilgur, o'g'ri, battol! — kutilmaganda Mannopga yopishib qarg'ana ketdi kampir. — Hali kelib-kelib qari, hech kimi yo'q kampirning uyiga o'g'irlikka tushdingmi, juvonmarg?.. Qaysi insofsiz, yuzsizning farzandisan o'zi-a? Qon qusgur, gapir, gapir!.. Gapir anavilarga, it! Men o'g'riman, bu akamda gunoh yo'q degin! Nega jimsan? Nimaga ayta qolmaysan?..

Shu tobda Mannop gapiradigan ahvolda emasdi. Qalbida quvonch va nafrat o'zaro kurashar, qancha urinmasin, nafrat hissi ustun kelgandek, o'smirni yovvoyi jahdga bo'ysunishga majbur etardi.

Mannop hammasini endi-endi anglab yeta boshlagandi…

— Nimalar qilib qo'ydim? — o'ylardi ich-etini yeb. — Bilib-bilmay shu keksa odamning omonatiga qo'l urdimmi? Nega?.. Onajon, men bilmay qoldim!.. Keksaligingizni, Valini bu qadar yaxshi ko'rishingizni, unga ishonishingizni bilganimda, o'lsam ham uyingizga kirmasdim. Iflos Vali!.. Qanday qo'ling bordi kampirni qaqshatishga? Seni o'z o'g'liday ko'rishi kuyinib yig'lashlaridan ko'rinib turibdi-ku!.. Qanday vijdonsizsan o'zi?.. Yo'q, bir jihatdan senga qo'shilganim, taklifingga rozilik berganim yaxshi bo'ldi. Kampir asl basharangni ertami-kechmi baribir ko'radi. Qolaversa, sen bundan keyin harom ishlarga qo'l urolmaysan. Chunki qamalasan. Qilmishlaringga yarasha jazo olasan.

U kishanli qo'llarini siltay-siltay xalos bo'lishga urinayotgan zo'ravonga alamli nigohlarini tikdi.

So'ngra kampirga yer ostidan achinish bilan qarab qo'ydi…

Biroq hech narsa demadi.

Mannop aslida militsionerlar elchisi ekanini so'nggi lahzalardagina tushunib yetib nuqul so'kinayotgan Valining tepasiga yaqin bordi-da, sovuqqonlik bilan shivirladi:

— Ablah!.. Ko'rnamak!.. Ko'r bo'lasan hali!..

 

* * *

 

Bu yil yoz yanada issiq keldi. Ertalabdanoq kun qizdira boshlashiga qaraganda, kuzning yarmiga qadar quyosh tafti sovimaydigan ko'rinadi.

Mannop ertalab Rahim akaning navbatdagi topshirig'ini ado etish niyatida shaharga chiqqandi. Ikki bekat yurguncha qora terga botdi. Yo'l chetidagi chinorlardan biri ostida to'xtadi-da, dastro'molchasini olib peshonasidagi terlarni artdi. Shu asnoda ishni qanday amalga oshirish xususida bosh qotira boshladi.

Bir mahal sal naridagi istirohat bog'ida bir-birlariga tikilib turgan yigit va qizni ko'rib hayratga tushdi. Sevishganlar tik turgan ko'yi shirin suhbat qurishar, qiz qo'lidagi yigit taqdim etgan chiroyli va bejirim guldastani ko'rsatib nimadir der, yigit kulib qo'yardi.

Ularga havas bilan boqarkan, Mannopning yodiga Nozima opasi tushdi. Uning qayrilma qoshlari, pirpirab turguvchi uzun kipriklari, buyuk rassomlar chizgan suratlardagi kabi kelishgan qomati, yupqa lablari ko'z o'ngida gavdalanib, yuragi orziqdi. Muloyim, erkalab so'zlashlarini sog'indi.

«Nozima opa, hozir qaerdasiz? — xayolan muhabbatiga talpinardi Mannop. — Men sizni bir ko'rsam deyman. Axir, so'z bergansiz! Faqat meniki bo'lishingizga ishontirgansiz. Qaydasiz? Qarang, yigitlar suyuklisiga boqib bu hayotdan zavq olishayapti. Guldastalar taqdim qilishayapti. Men-chi? Mening haqim yo'qmi sevishga, sevilishga, Nozima opa? Nima qilay? Bolalikdan o'zingizga ishqim tushdi. Yuragimning to'rini egalladingiz… Yo'q, opa, sizni qidirib topmasam bo'lmaydi. Meni bilasiz-ku, o'zimga yetguncha o'jar va qaysarman! Agar bugun sizni topib, qo'lingizga hov anavi qizdagiday chiroyli guldasta tutqazmasam, tinchimayman».

Mannop shunday xayollar bilan ortga qaytdi. Rahim aka buyurgan ishni ham unutdi. Umuman, shu tobda unga hech narsa kerak emas, hech narsaning qizig'i yo'q edi. Nozimani ko'rish ishtiyoqi, sog'inch, armon, hijron bu bo'y yigitni o'z domiga olgandi.

Mannop kun bo'yi shahar kezdi. Do'konlarni, bozorlarni tomosha qildi.

Vaqt shomga yaqinlashgach, shahar markaziga bordi-da, gul bozoriga o'tdi va o'sha guldastadan bittasini sotib oldi. So'ngra Nozimanikiga yo'l oldi.

Atrofi temir to'siqlar bilan o'ralgan bu ko'p qavatli uyga bolaligida bir-ikki marta kelgandi. Yodida qolgan ekan. Sira adashmasdan to'rtinchi qavatga ko'tarildi va yashil rangli mato qoplangan temir eshikli kvartiraning qo'ng'iroq tugmachasini bosdi.

— Kim u? — ichkaridan Nozimaning ovozi jarangladi.

Mannop atayin indamadi. Javob berish o'rniga yana qo'ng'iroqni qayta-qayta chaldi.

— Tavba qildim-ey, — deya g'udrangancha eshik zulfinini sug'urdi Nozima… — Kim ekan kech kirganda shovqin solgan?..

U eshikni ochdi-yu, qarshisidagi baland bo'yli, sovuqqon Mannopni ko'rib beixtiyor rangi oqarinqiradi. Ammo Mannop guldastani qo'ltiqlagancha xotirjam turganini ko'rib sal o'ziga kelgandek jilmaydi.

— Mannopjon, o'zingmisan? — baribir Nozimaning yuragida qo'rquv alomati zohir edi. Ovozi titrab chiqdi. — Q-qaysi shamollar uchirdi?..

— Muhabbat shamoli, — dedi tirjayish qilib Mannop. — Kelishimni kutmaganmidingiz?

— Sira kutmagandim, — Nozima negadir tortinib, uyoq-buyog'ini to'g'rilagan bo'ldi. — Tinchlikmi? Guldasta ko'tarib olibsan?..

— Bu… Sizga! — shosha-pisha guldastani Nozimaga uzatdi u. — Men… Xullas, sizni ko'rgim kelgandi.

— Voy, rahmat, — quvonib ketdi Nozima. — Mannopjon, men yaxshi ko'radigan gul shu ekanini qaerdan bila qolding?

— Men sizning rentgeningizman! Ko'nglingizdan nimalar kechayotganigacha bilib turaman.

— O', zo'rsan-ku! — yer chizdi Nozima. — Nega endi aynan meni?

— O'zingizni bilmaganga solmang! Siz men uchun dunyoda bittaligingizni juda yaxshi bilasiz.

— Qo'ysang-chi shu gaplarni! Men sendan ancha katta bo'lsam! Boshingga urasanmi meni?

— Balki boshimga urarman. Ammo sizni hech kimga berib qo'ymayman. Esingizda bo'lsin, mabodo boshqasiga tegib ketadigan bo'lsangiz, o'sha odamni mana shu qo'llarimminan bo'g'ib o'ldiraman.

— Qo'rqitmagin-da unaqa! — jiddiy tortib bir qadam ortga tislandi Nozima. — Menga kimning ko'zi uchib turibdi?.. Yur, ichkariga kir! Ostonada turmaylik!..

— Yo'q, — dedi Mannop Nozimaning ko'zlariga tik boqib. — Kirmayman!

— Nega?..

— Ishlarim ko'p, Nozima opa, ishlarim ko'p! Faqat… Iltimos, mening muhabbatimni oyoqosti qilmang, o'tinaman! Sizdan tez-tez xabar olib turaman.

— Bo'pti, jonim, — deya eshik kesakisiga bosh qo'ydi Nozima. — O'zimning himoyachimdan o'rgilay!.. Aytgancha, Mannopjon, hozir nima ish bilan bandsan?

— E, mayda-chuyda ishlar qilib yuribman, — qo'l siltadi Mannop. — Tirikchilik deganday… Xullas, militsiyaga xizmat qilayapman… Ammo o'sha gapim gap. Men qanday bo'lmasin, boyib ketishim kerak. O'shanda albatta sizni bu uydan olib ketaman.

— Yo'q, yo'q, unday qilma!.. Militsiyadan nari yur, ukajon!.. Unday ishlar senga to'g'ri kelmaydi!..

— Nega? — hushyor tortdi Mannop. — Gapiravering!..

— Bilmadim… Sendan militsioner chiqmaydi!.. Undan ko'ra, boshqa ishlar bilan shug'ullan!.. Yaxshilikka xizmat qiladigan yumushlar ko'p-ku!.. Undan keyin… hech qachon mazlumlarning haqiga xiyonat qilmagin! Harom ishlarga qo'l urmagin! Agar meni chindanam sevsang, aytganimni qil!.. Keyin…

— Xotiringiz jam bo'lsin, Nozima opa! Men nima qilayotganimni yaxshi bilaman. Mayli, yaxshi qoling! Ko'rishguncha!..

— Seni Yaratganning o'zi panohida asrasin! — Nozimaning beixtiyor ko'ngli bo'shab, ko'zlari yoshlandi. Biroq sir boy bergisi kelmay, majburan hazillashgan bo'ldi. — O'zimning Romeomdan aylanay!..

 

* * *

 

Tashqariga chiqqach, Mannop o'ylanib qoldi. Qaerga borsa bo'ladi? Yarim kecha bo'lsa. Rahim aka kutayotganini biladi. Bir marta qo'ng'iroq ham qilib qo'ymadi. Xavotir olayotgandir. Balki jahli chiqqandir. Kim bilsin?

— Yo'q, u yerga bormayman, — ko'nglidan o'tkazdi Mannop. — Nozima opamning gapini ikki qila olmayman. Ko'nglini qoldirishga haqim yo'q. Ko'zlari yoshga to'lsa, mendan yuz o'girsa, bardoshim yetmaydi. Yaxshisi, hozircha barga kiraman. Bugungi uchrashuvni yuvmasam bo'lmaydi. Uyog'iga biror yo'li topilib qolar…

Barda nari borsa o'zidan bir-ikki yosh katta to'rt yigit ulfatchilik qilardi.

Ulardan pakanaroq, jingalak sochlisi sheriklariga nimanidir hikoya qilar, qolganlar qotib-qotib kulardi.

Ichkari yigitlar chekkan sigaret tutuniga to'lgandi.

Mannop bir shisha pivo, sigaret oldi-da, yigitlarga yaqinroqdagi stol qarshisiga cho'kdi.

Qadahni to'ldirib pivo quydi va bir ko'tarishda sipqordi. So'ngra darhol sigaret olib tutatdi.

Uning sovuq tikilayotganini sezishdi chog'i, yigitlar baravariga Mannop tomon qarab qo'yishdi va kulishdi.

— Og'aynilar, — atayin Mannopga eshittirib so'z qotdi orqa o'girib o'tirgani. — Shaharda «delovoy» ko'payib ketibdimi?.. Munday erkin nafas olishgayam qiynaladi-ya odam!..

Bu gap o'ziga qaratilganini Mannop payqadi. Ammo indamadi. Tishni tishga bosib qolgan pivoni shishasi bilan ko'tarib bo'shatgach, dast o'rnidan turib borib yangisini sotib oldi.

Endi yigitning gapini jingalaksoch ilib ketdi.

— Pivoni qanday ichganini ko'rdilaringmi? — so'radi u Mannopga ko'z qirini tashlab. — Idishini yeb qo'yay dedi-ya!.. Maydalab, estetika bilan ichishniyam bilmaydimi, nima balo?

— E, eshitmaganmisan? — boshqasi uning so'zini kesdi. — Bular uyida sho'rvani kosasiminan ko'tarib ichib o'rganishgan. Sening estetikangni qaydan bilishsin?!.

Mannop hayron edi. Nima qilsa bo'ladi? Mana, bolalar uyidan butkul ketdi. Mustaqil hayotga qadam qo'ydi. Ilgari tarbiyachilar barcha bolalarni himoya qilguvchi edi. Endi ular yo'q. Hammalari ulg'ayib, o'z aravalarini o'zlari tortishga mahkum. Ko'chada esa manavilarga o'xshagan betamizlar ko'pga o'xshaydi. Ularning adabini berish vaqti yetmadimikan? Yuzingda ko'zing demay, ustidan kulishayapti, haqoratlashayapti. Nega tek qotib o'tiribdi? Qo'rqayaptimi? Yo'g'-e, bu oliftalarning nimasidan qo'rqadi? Ha, hozir boradi-da, «razbor» qiladi. Ularga «delovoy» qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yadi…

«To'xta, Mannop, — dedi o'ziga o'zi xayolan. — Shoshilmaslik kerak. Avval sotuvchidan imi-jimida bularning kimligini so'rab ko'radi. Balki ular ham o'zi kabi ko'cha bolalaridir? Negadir basharalari shunaqaga o'xshab turibdi».

Shunday o'ylar bilan endigina o'rnidan qo'zg'almoqchi bo'lgandi, bar eshigi ochilib, ichkariga yana bir yigit kirdi.

Uni ko'rdi-yu, Mannop sakrab ketayozdi. Tilla topgan odamdek hovliqib oldinga intildi.

Ha, bu o'zi qidirib topolmagan sinfdoshi To'lqin edi.

U chiroqning g'ira-shira shu'lasida Mannopni payqamadimi, to'g'ri borib stol atrofini to'ldirib o'tirgan yigitlar bilan so'rashdi.

— Ana, yana bittasi keldi, — dedi jingalaksoch kulib. — Bolalar, buyam pivoni sho'rva qilib icharmidi?..

Mannop chidolmadi. Bir sakrab jingalaksochning tepasida paydo bo'ldi va jonholatda yoqasidan bo'g'di.

— Jag'ingni ezib tashlayman, iflos! — xirillab yigitni qattiqroq bo'g'di. — Nima deding? Qaytar, xunasa!

Shubhasiz, qolgan sheriklar Mannopga tashlanishdi. Mannop bir qo'li bilan pakanadan kelganini itqitib tashladi. Orqadan turib tomog'iga chang solishga uringanining chotiga tepdi. Shu mahal To'lqin uni tanib qoldi. Kuch bilan Mannopni ikki yelkasidan tutib o'ziga qaratdi-da, xezlana boshlagan yigitlarga baqirdi.

— To'xtanglar! Nima qilayapsizlar? Bu mening sinfdoshim Mannop-ku!.. O'zimizning odam, tushunayapsizlarmi? Bas qilinglar!..

Shundan keyingina Mannop jingalaksochning yoqasidan qo'lini oldi va qo'rqa-pisa kelib ag'anagan kursilarni to'g'rilashga tushgan bar sotuvchisiga qarab qo'ygach, To'lqinning ko'ksiga mushtlab, so'rashgan bo'ldi.

— Xumpar, qaerlarda yuribsan? — To'lqin barchalarini tinchitib, joy-joyiga o'tqazdi-da, yugurib borib Mannop uchun ham kursi keltirdi. — Qani, o'tir-chi manavi yerga!.. Obbo sen-ey, haliyam jangariliging qolmabdi-da!..

— Sen nima deb o'ylovding? — qarshisidagilarga bir-bir sovuq qarab sovuqqonlik bilan javob qaytardi Mannop. — Manavinaqangi oliftalar ustimdan kulsayam jim o'tiraveraymi?..

— Mayli… — vaziyatni yumshatishga urindi To'lqin. — Bu yigitlarminan birga ishlaymiz, oshna! Zo'r yigitlar bular!.. Haqiqiy «mujik»lar! Xo'sh, o'zingdan gapir! Nimaga yotoqxonaga kelmading?

— Bordim, lekin sen yaramasni topolmadim, — dedi Mannop. — Qay go'rda yurasan, Xudo biladi seni.

— E, ishminan ketuvdim bir joyga. Mana bu akaxonlarminan birgaydik. Bo'ldi, endi sizlarni tanishtirmasam bo'lmaydi. Bahrom aka, — To'lqin oldin jingalaksochga yuzlandi. — bu Mannop, mening sinfdoshim! Bu Bahrom aka. Jo'raboshimiz. Manavi pakanasi Mehmonqul. Chap yonimdagi qirraburun O'rinboy aka. Bu kishini shaharda O'rin o'g'ri deyishadi. Vey, Mannop, — To'lqin hiyla ovozini pasaytirib Mannopga yaqinroq engashdi. — O'rin aka mol o'g'irlashga usta. Shunday og'ilxonaga kirib o'zi xohlagan sigirnimi, buqanimi, umuman mo''ratmasdan, oyog'ini yerga tekkizmay opchiqib keta oladi. Hammamiz tan beramiz. Manavi jikkakina akamiz Odilboy. Pullarimiz shu akamizda turadi. Shuning uchun bu kishini boy aka deb chaqiramiz.

— Bo'pti, — deya qo'liga pivo to'la shishani oldi jingalaksoch Bahrom. — To'lqin, jo'rang juda bizbop yigit ekan. Oshna, o'lguday qaytmas ekansan-a, vey!.. Shaharliklarning hurmati yo'qmi?..

Qolganlar bu qo'pol hazildan miriqib kulishdi. Mannop esa Bahromga sirli boqqancha qo'lidagi qadahni ko'tardi.

So'ngra sovuq kulimsirab so'z qotdi.

— Xo'sh, Bahrom aka, sizam pivoni sho'rvaday ichishni qotira olasizmi?..

O'rtada tag'in kulgi ko'tarildi…

Shu ko'yi bir soatcha o'tirishdi. Yangi tanishlar Mannopning zo'ravon, qaysar va tanballigini tan olishdi. O'zaro shivir-shivirdangina iborat suhbat davomida ancha qalinlashib qolishdi. Hatto, ular Mannopni ertangi «ish»ga taklif ham qilishdi.

 

* * *

 

Shu kecha Mannop Bahromlarnikida yotib qoldi. Ertalab ular Azamat degan o'g'riboshining oldiga boradigan bo'lishdi. Bahromning aytishicha, u shahardagi eng obro'li kishilardan ekan. O'g'rilar topganini Azamat aka bilan baham ko'rarkan. Shuning evaziga Azamat aka ularni yaxshi-yomon kunlarda qanoti ostiga olarmish.

Bahrom Mannopni ham u bilan yaqindan tanishrib qo'yadigan bo'ldi. Busiz «ish»ga sherik qila olmaskan.

Mannop erta tongda turib hovliga chiqdi-yu, o'yga toldi. Ochig'i, bu to'rt yigitning birontasini yoqtirmagandi. Barchalari bir-biridan sovuq va maqtanchoq. Qolaversa, kechagi masxaralashlari sira xayolidan chiqmadi. Tuni bilan alamdan yonib chiqdi.

— Bu yaramaslar men yo'g'imdayam ustimdan kulishlari aniq, — ko'nglidan o'tkazdi Mannop. — O'zlaricha sherik qilib olgach, mendan foydalanmoqchi. Tushingni suvga ayt, itlar! Senlardan bir-ikki yosh kichik bo'lsam-da, hali sovunimga kir yuvmabsanlar!.. Nima qilsam ekan? Rahim akaga sekin shipshitib qo'yaversammikan? Yo shoshilmaganim ma'qulmikan? Bo'shashib o'tiraversam, bular tag'in qaysidir sho'rlikning sho'rini quritishadi-ku!.. Yo'q, kallangni ishlat, Mannop!.. Nozima opaning gaplaridayam jon bor. Mendan baribir militsioner chiqmaydi. Rahim akaga yuk bo'lib yurgandan mustaqil ishlaganim durust. Ha, bu nonko'rlarga qo'shilib ishlayman. Ulushimni ham olaman. Keyin chuv tushirib ketaveraman. Oldin o'sha Azamatiniyam ko'rishim, qanday odam ekanini, qaerda yashashini bilib olishim zarur. Kerak bo'lib qoladi…

Nozima opa aytmoqchi, ezgu ishning katta-kichigi bo'lmaydi. Ishqilib, meni Xudo kechirsin!.. Men qaltis ko'chalarga kirib qoldim. Bu ko'chaga kirgandan keyin chiqib bo'lmaydi. Mayli, peshonamdan ko'rarman! Nima bo'lganda ham, bolalikdagi orzum ushalsa, boyib ketsam, eng badbaxt, ablah kimsalarni ta'zim qildira olsam bas.

Ular taksiga o'tirib, ko'z ochib yumguncha dalaga tutashgan hashamatli uyga yetishdi. Darvoza oldida yarqiragan chet el mashinasi turardi. Mannop bu manzarani esda saqlab qoldi. O'sha kunlar kelsa, albatta bundan-da zo'r mashinani uyi ro'parasiga qo'yadi. Shunda ko'rganlar bu kimning uyi ekanini taxminlab olaverishadi.

— Hozir ichkariga kiramiz, — dedi Bahrom Mannopning qulog'iga shivirlab. — Azamat aka sal jahldorroq odam. Bo'lar-bo'lmas gaplarni gapirib, qovun tushirib o'tirmagin tag'in!

— Namuncha aql o'rgatasiz? — uni jerkib berdi Mannop. — Nima, men laqma yo ovsarmidim? Menam ancha-muncha hayotni ko'rib qo'yganman, «brat»!..

— Ko'ramiz, — deya norozilanib darvozani qiya ochdi Bahrom. — Azamat aka siquvga olganda ishtoningni ho'l qilmasayding!..

— Bu gap uchun qaytib chiqqandan keyin gaplashamiz, — dedi Mannop bo'sh kelmay. — Qani, boshlay qoling endi!..

Ular xonalarga olib chiqadigan marmar zinaga yetmay, ichkaridan ozg'in, uzun bo'yli, sochlari o'siq bir yigit chiqdi.

— Ha, ulush opkeldingmi? — so'radi u Bahromdan.

— Yo'q, kecha berib ketdim-ku ulushni! — norozi to'ng'illab yerga chirt etib tupurdi Bahrom. — Boshqa ish bilan keldik.

— Yoningdagi kim? Nega keldi?

— Akaxonda ishi boridi. Iltimos, aytgin tezroq! Ishimiz mana munday zarur!

— Xo'p, kutib turinglar!

Yigit ortga qaytib yigirma-yigirma besh soniyadan so'ng yana qaytib chiqdi.

— Kiringlar, — dedi ichkariga ishora qilib. — Biroq aytib qo'yay, akaning avzoyi buzuq.

— Tinchlikmikan? — pichirlab so'radi undan Bahrom. — Biror gap bo'ldimi?

— Kecha bir ishlari o'xshamabdi shekilli. Shundan beri hammani ezayapti.

Bahrom yonidagi Mannopga ko'z qisib oldi-da, ichkariga boshladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...