Surxondaryodagi fuqarolar va organ xodimlari o'rtasidagi ommaviy to'polon yuzasidan raddiya

0

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bugun Surxondaryo viloyati Qumqo'rg'on tumani Temir yo'l vokzali oldida fuqarolar va organ xodimlari o'rtasida ommaviy to'polon sodir bo'lgani aytilmoqda» nomli videoxabar tarqaldi. Ushbu xabar bo'yicha Surxondaryo viloyati Qumqo'rg'on tumani hokimligi axborot xizmati quyidagilarni ma'lum qiladi:

Joriy yilning 8 oktyabr kuni Qumqo'rg'on tumani mahallasidan o'tuvchi M-41 «Bishkek-Dushanbe-Termiz» avtomobil yo'lining 1541 km da haydovchi B.U «Neksiya» rusumli avtomashinasida belgilangan tezlikni oshirib, IIB YHXB inspektorining to'xtash ishorasiga bo'ysunmasdan harakatlangan. YPX inspektori o'zi boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtoulovida kuzatib borayotgan vaqtida, «Neksiya» rusumli avtoulovni boshqarayotgan haydovchi qayrilish uchun to'xtagan «VAZ-2106» rusumli avtoulovni chap yon tomonidan urib yuborib, yo'lning qarama-qarshi tomoniga o'tib ketgan. «Neksiya» rusumli avtoulovni kuzatib kelayotgan IIB YHXB xodimi boshqaruvidagi «Lasetti» ham «VAZ-2106» rusumli avtomashinaning o'ng orqa qismidan turtib yuborgan, hodisani o'rganish jarayoni vaqtida fuqarolar to'plangan, shu vaqtda «Neksiya» rusumli avtoulov haydovchisining yaqin qarindoshlaridan biri YPX inspektorining ko'krak nishonini yulib olib qochib ketgan. Mazkur holat videotasvirda qayd etilgan. Ushbu hodisa yuzasidan Qumqo'rg'on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan yo'l-transport hodisasi bo'yicha fuqarolar tomonidan hech qanday ommaviy to'polonlar sodir etilmagan.

Qumqo'rg'on tuman hokimligi
Axborot xizmati

loading...