MIB Farg'onada 101 ta jinoyat va 2188 ta ma'muriy huquqbuzarlikni aniqladi

0

Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.05.2017 yildagi PF-5059, 5241-sonli Farmonlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Chunonchi, Byuroning Farg'ona viloyati boshqarmasi va tuman-shahar bo'limlari tomonidan o'tgan davrda energiya resurslari va ichimlik suvi tarmoqlariga o'zboshimchalik bilan ulanish, noqonuniy foydalanish hamda talon-toroj qilinishi bilan bog'liq jami 2289 ta holat aniqlangan bo'lib, shundan 101 ta jinoiy va 2188 tasi ma'muriy huquqbuzarlikka taalluqlidir.

Jinoyat va huquqbuzarliklar oqibatida davlatga 8,3 mlrd so'm miqdorda moddiy zarar yetkazilganligi fosh etilgan.

Xususan, 101 ta jinoiy holatlarning 29 tasi bo'yicha 2 mlrd 654 mln so'mlik zarar aybdor shaxslar tomonidan qonunda belgilangan imtiyozli muddat davomida to'lanmaganligi sababli jinoyat ishlari qo'zg'atilgan hamda 72 tasi bo'yicha 2 mlrd 593 mln so'mlik zarar aybdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda to'langanligi sababli jinoyat ishi qo'zg'atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Masalan, Farg'ona shahrida joylashgan ohak ishlab chiqarish sexida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi bo'yicha davlat manfaatlariga yetkazilgan 117,7 mln so'mlik moddiy zarar aybdor shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasi JKning 185-2-moddasida belgilangan bir oylik muddat davomida to'langanligi sababli jinoyat ishi qo'zg'atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Fosh etilgan jinoiy holatlarning 71 tasi elektr energiyasi, 28 tasi tabiiy gaz va 2 tasi suv ta'minoti sohasida hamda 2188 ta ma'muriy huquqbuzarliklarning 1642 tasi elektr, 542 tasi tabiiy gaz va 4 tasi suv ta'minoti sohasida sodir etilgan.

Energiya resurslari va suv ta'minoti sohasida sodir etilgan talon-tarojliklar oqibatida davlatga yetkazilgan 8,3 mlrd. so'm moddiy zararning 6,1 mlrd so'mi undirilishi ta'minlangan. Qolgan qismini undirishga qaratilgan barcha zarur choralar ko'rilmoqda.

Shu munosabat bilan barcha iste'molchilardan energiyasi resurslari va ichimlik suvidan qonuniy asoslarda foydalanishliklari so'rab qolinadi.