Rasmiy munosabat: MIB boshlig'i xodimlarini haqorat qilgani uchun xizmat tekshiruvi o'tkazilmoqda

0

Joriy yilning 9 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “MIBchilar o'z boshlig'ining og'zi shaloqligidan arz qildi” nomli xabar tarqalgan bo'lib, unda Majburiy ijro byurosining Payariq tuman bo'limi boshlig'ining xodimlarni belgilangan rejani bajarmagani uchun nojo'ya so'zlar bilan haqorat qilgani bayon qilingan.

Ushbu holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpulatov ma'lum qildi.

O'rganishda, Byuroning Payariq tuman bo'limi boshlig'i Z.Kasimov joriy yilning 15 sentyabr kuni soat 21:00 larda bo'lim binosida bo'limda faoliyat ko'rsatuvchi 33 nafar davlat inspektorlari bilan aholi va ulgurji tashkilotlardan energiya resurslari hamda suv iste'molidan bo'lgan undiruvni undirish yuzasidan yig'ilish o'tkazgani ma'lum bo'ldi.

Yig'ilishda ayrim xodimlarning belgilangan undiruv rejalarini bajarmaganliklarini vaj qilib, davlat inspektorlarini har xil nojo'ya so'zlar bilan haqorat qilgani aniqlandi.

Mazkur holat bo'limning ayrim xodimlari tomonidan uyali telefon orqali video yozuvga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga yuborilgani ham tasdiqlandi.

Olib borilgan tekshiruvlar davomida Byuroning Payariq tuman bo'limi boshlig'i Z.Kasimov yuqoridagi holatlarni tasdiqlab, sodir etgan nomunosib xatti-harakatlari uchun bo'lim xodimlaridan kechirim so'ragan.

Hozirda, Z.Kasimovning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi harakatlari olib borilmoqda.

Tekshiruv natijalari albatta, OAVda ma'lum qilinadi, deydi  matbuot xizmati rahbari.