“AJDAHO” ChANGALIDA… (4-qism)

0

 

 

* * *

 

Qorin ochganda odam suv bormi-yo'qmi qarab o'tirmaydi. Yo'ldosh Mavjuda olib chiqqan nonni tishlab-tishlab yerkan, nuqul kulardi.

— Zap anavilardan qutulib qoldik-da, — derdi qadrdon shahar ko'chalarini zavq bilan tomosha qilib borarkan. — Ko'rib qolishganda bormi, xuddi detektiv kinolardagidek quvg'in boshlanardi.

— Yuzini teskari qilsin o'shalarning. — qo'l siltab qo'ydi Mavjuda. — Hammasiga o'shalar sababchi. Binoyiday hayotimizni do'zaxga aylantirishdi.

— Ulargayam boqqan balo bordir. — birdan jiddiy tortib qovog'ini uydi Yo'ldosh. — Bizni, bolamizni sarson qilishayaptimi behudaga, demak, ular ham bir kun kelib javobini olishadi. Sen qayg'uraverma, oyning o'n beshi qorong'i bo'lsa, qolgan o'n beshi albatta yorug' keladi. Eskilarimiz bekorga bu gapni o'ylab topishmagan…

Shu payt orqada militsiya mashinasining ketma-ket signali eshitildi. Mavjuda shoshib ortiga o'girildi. Yo'ldosh hayajonda sal qursa mashinani chetdagi daraxtga borib urayozdi. Lekin tez fursatda o'zini o'nglab, tezlikni oshirdi.

— Sen qo'rqma, — xotinini yo'l-yo'lakay tinchlantirib borardi u. — bolani bag'ringga bos-da, yotib ol. Ko'rishmasin seni. Biz albatta ularni chalg'itib ketamiz.

Yo'ldosh yon oynadan yaxshilab kuzatdi. Mashinada haydovchi bilan qo'shib hisoblaganda, to'rt nafar militsioner o'tiribdi. Hammasining qo'lida to'pponcha. O'zi ham har ehtimolga qarshi cho'ntagidagi to'pponchani olib o'qlab qo'ydi.

— Nima, ular bilan otishmoqchimisiz? — xavotir aralash so'radi Mavjuda yotgan yerida. — Qo'ying, yana bir balo orttirib olmaylik boshimizga!

— Xijolat chekavermasang-chi! Baloning bundan ortig'i bo'lmaydi. Yashash uchun kurashish kerak-ku axir!..

Shahar ortda qolib keng dalalar boshlanganda, militsionerlar o'tirgan mashina oldinga o'tib oldi va yigirma metrlar narida Yo'ldoshning yo'liga ko'ndalang bo'ldi-qo'ydi.

Endi qochib hech qayoqqa ketib bo'lmasdi. Mabodo orqaga bursa, aniq o'q uza boshlashadi.

— Itlar-ey, — so'kinib asta to'pponchani qo'liga oldi Yo'ldosh. — qayoqdan hid ola qolishdi, Xudo biladi. Ha mayli, boshga tushganni ko'z ko'radi deyishadi-ku!.. Sen jim yotaver, hozir sekin tushaman-da, ta'zirini beraman ularning!..

— Ha, qahramon, — militsionerlardan biri mashinadan tushib kelib Yo'ldosh o'tirgan tomonning eshigini ochdi. — yetib kelding manzilga. Qani, tushaqol endi!..

Yo'ldosh shoshilmasdan mashinadan tushdi. Ammo qolganlari ham tayyor turishgandi. Pastga tushgani hamono, qo'llarini qayirib mashina kapotiga boshini tirashdi.

— Qimirlama!.. Qochoq, dizertir!.. — baqirardi orqada turgani. — Qimirlasang, miyangning qatig'ini chiqarvoramiz! Hoy, nega qarab turibsanlar? Xotinini olib tushib qo'llariga kishan sol!.. U qanjiq kattani yulib tashlagan!..

Mana shu haqorat Yo'ldoshning paymonasini to'ldirdi. Sport bilan shug'ullangan, nozirlik davrida karate bo'yicha qanchalab musobaqalarda qatnashib nom qozongan sobiq militsioner qo'llarini qayirib turgan yigitning chotiga poylab turib qattiq tepdi. U shu zahoti yerga engashgancha aylana boshladi. Yo'ldosh esa, fursatni boy bermaslik uchun shu qadar tez harakat qildiki, ko'z ochib yumguncha to'rtalasi ham yer tishladi. Hatto, Mavjudaning qo'llariga kishan solishga ulgurishmadi.

— Mana endi o'zingdan ko'r, — harsillardi Yo'ldosh. — yaxshilikchasiga ko'nmadingmi, jazoing shu!..

— Voy, bularni o'ldirib qo'yibsiz-ku! — vahima aralash so'radi Mavjuda chinqirib yig'lay boshlagan qizchasini yupatish asnosida. — Endi nima qilamiz?.. Aybingizga ayb qo'shishadi…

— Bularni osonlikcha o'ldirib bo'larkanmi? — dedi Yo'ldosh mashinaga o't qo'yayotib. — Shunchaki… O'chirib qo'ydim xolos. Yarim soatlardan keyin o'zlariga kelishadi.

— Ishqilib o'lmagan bo'lishsin.

— Aytdim-ku, o'lmagan deb!.. Bo'ldi, ketdik, shoshilmasak bo'lmaydi!..

 

* * *

 

— Voy Xudoyim, qanday kunlarga qoldik-a! — zorlanib yig'lardi Mavjuda. — Nahotki, butun umrimiz qochish bilan o'tsa-a? Qachongacha berkinib kun ko'rarkanmiz? Baribir bir kunmas bir kun qo'lga tushirishadi.

— Qo'lga tushguncha qochaveramiz. — dedi Yo'ldosh. — Buyam Xudoning bir sinovi. Taqdirdan qochib qutulib bo'lmaydi. Qiziq, anavi Malla qaerda ekan?

— Qaysi Mallani aytayapsiz?

— Birga qochgandik. O'shani aytayapman.

— Keyin… Ajralib ketdilaringmi?

— Ha, u yaramas menminan ketishni istamadi. O'zining rejalari bo'lsa kerak-da!

— Dadasi, ehtiyot bo'ling, qochganingiz yetmay, mashinani opqochdingiz. Anavi milisalar…

— Qo'rqma, menga jin urmaydi. Qurbir yetganicha chap beraverman. Mabodo qo'lga tushsam… E, bu gaplarning mavridi emas hozir. Yaxshisi, qara, men aytgan qishloqqa kirib kelayapmiz! Qara, qanday go'zal! Sizlar Mavluda bilan vaqtincha shu yerda yashab turasizlar.

— Kimnikida?

— Bir kampir bor. Savri momo degan. Juda mehribon ayol. Bir paytlar shu qishloqqa amaliyot o'tashga yuborishgandi. Shu momonikida yashaganman. Ona-boladay bo'p ketganmiz. Ishqilib, tanisin-da!..

Yo'ldosh o'nqir-cho'nqir yo'llardan mashinani ehtiyotkorlik bilan haydab o'tdi-da, taxta eshikli uy ro'parasida to'xtatdi.

— Qani, tusha qolinglar, vaqt ziq!.. Hoy Savri momo, qaerdasiz?

Bir-ikki chaqirgandan so'ng ostonada yoshi yetmishlarni qoralagan, qaddi bukchayib qolgan kampir ko'rindi.

— Kelinglar bolalarim, sizlarga kim kerak?

— Tanimadingizmi, momo? — kulib kampirni quchdi Yo'ldosh. — Men Yo'ldoshman. Esingizdami, bir paytlar siznikida turib amaliyot o'taganman? Birga sigirlaringizga o't terardik.

— E, esim qursin! — kampir kula-kula Yo'ldoshning yelkasiga shapatiladi. — Yo'ldoshmisan? Voy momong aylanib qo'ya qolsin sendan!.. Menga qara, semiribsanmi ancha-a?

— Ha endi… Yosh ham o'tib borayapti-da, momo!

— Bu qizim kelinmi deyman? Qani, bag'rimga bosay! Voy qoqindiq, bu qizchaning asalligini!..

— Momo, sizga bir iltimos bilan keldim! — nihoyat maqsadga o'tdi Yo'ldosh uzoq-uzoqlarga tez-tez ko'z tashlab. — Yo'q demaysiz degan umidda kelaverdim.

— Ie, sen kelasan-u, ko'kragingdan itararmidim? Aytaver, momong senday yigitning boshida suv o'girib ichadi-ya!..

— Mana shu… Keliningiz siznikida vaqtincha yashab tursa degandim.

— Sen uzoqroqqa ketayapsanmi?

— Ha, ish bilan uzoqqa ketishim lozim. O'zingiz tushunasiz, shaharda bulardan xabar olib turadigan odam topilmadi.

— Bo'pti, bolam, behijolat ishingni bitirib kelaver! Oilangdan xavotir olma! Men borakanman, bularga hech kim tegmaydi. Boraver! Yo osh yeb ketasanmi?

— Yo'q, shoshib turibman. Xo'p, Mavjuda, ehtiyot bo'linglar! Ko'chaga chiqmagin iloji bo'lsa!

Yo'ldosh ko'zlariga yosh olib xotini bilan xayrlashdi. Qizchasini qayta-qayta o'pib bag'riga bosgach, keskin orqasiga o'girilib mashinaga o'tirdi…

 

* * *

 

Detektiv kinolardan ma'lumki, ta'qib ostidagi odam ba'zi hollarda qaerga borishini, nima qilishini bilmay o'yga toladi. Qaerga boqmasin, u o'tib borishi lozim bo'lgan yo'llar berkdek tuyuladi. Yo'ldosh ham momonikidan chiqib o'n-o'n besh chaqirimlar yo'l bosgach, karaxt bo'lib qoldi. To'g'ri ketaveray desa, yana Qozog'iston tomon borishi lozim. Orqada esa, xavf xuddi ajdardek og'iz ochib turibdi…

— Yo'q, yo'l baribir qaysidir boshqa tarafga qarab burilishi kerak-ku! — ko'nglidan o'tkazdi u uzoq-uzoqlarga tikilib. — Agar tog'lar bor yerga borib qolganimda juda yaxshi ish bo'lardi. Tog'da harqalay tinchlik, osoyishtalik. Ko'zdan pana. Qani, tavakkal haydayveray-chi!..

Yo'ldosh tag'in yigirma chaqirimlar yo'l bosdi. Xudonin inoyatimi, yo omadi kuldimi, bilmaydi, qaysidir qishloqqa olib boradigan yo'lga tushib qoldi.

«Ishqilib, qozoqlar ovuli bo'lmasin» dedi-yu, yo'lda davom e

tdi. Xayriyat, qishloqdan o'tib o'ttiz chaqirimlar yurgach, olis-olislardan tog' cho'qqilari ko'zga tashlanib qoldi. Yo'ldosh shoshib mashina oynasini tushirdi. Havo ham juda toza. Muzdek shabada odamning bahri dilini ochgulik edi…

— Qiziq, — derdi Yo'ldosh atrofni, onda-sonda eshak minib yurgan odamlarni zimdan kuzatib. — Qaerdaman o'zi? O'zbekistonda shunday joylar borligini ilgari bilmagan ekanman. Qara-ya, qanday pana, ajoyib yerlar!.. Ha mayli, vaqti kelib bilib ham olarman. Hozir esa, qanday bo'lmasin, o'zimga qulay joy topib olishim kerak…

Mashina tobora tog' ichkarisiga yaqinlashib borar, Yo'ldosh yonboshdagi sharillab oqayotgan soydan ko'z uzolmasdi…

— Ana, — deya quvonch bilan mashina rulini mushtladi u yuz metrlar naridagi uychaga ko'zi tushgach. — mana shu uy yonida to'xtayman. Eh, go'yo ertaklardagi qahramonlarga o'xshab qoldim o'zim ham. Qaerga borsam, albatta omadim kelayapti. Ishqilib, oxirigacha shunday bo'lsin!..

U uychaga yaqinlashib kelgach, shoshib mashinadan tushdi-da, ehtiyot shart atrofga ko'z tashlab qo'ydi va ichkariga kirdi.

Hech kim yo'q. Uychada qotgan-qutgan nonlar, vinodan bo'shagan shishalar qalashib yotardi.

— Bu uycha menga o'xshab adashganlarga panoh shekilli. — dedi o'ziga o'zi. — Endi gal bizniki. Bemalol yashab turaveramiz. Xavf tug'ilsa, yonimda to'pponcham bor. Qo'rqmasam ham bo'ladi…

Yo'ldosh mashinadan mayda-chuyda narsalarini olish va eshiklarni qulflash maqsadida yugurib tashqariga chiqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, mashina yonida to'rt nafar qirq-qirq besh yoshlar atrofidagi barzangi erkaklar qo'llarida zanjir, pichoq ushlagancha tirjayib turishardi…

 

* * *

 

Yo'ldosh biroz o'zini yo'qotdi. Kutmagan edi. Yana kimlardir yo'liga g'ov bo'lishi haqida o'ylab ko'rmagan, osongina panoh topganidan quvongandi. Bular esa…

U sal o'zini o'nglab olgach, «chaqirilmagan mehmonlar»ni bir-bir ko'zdan kechira boshladi.

— Ie, nahotki?.. Malla?..

Haqiqatan, erkaklar orasida Malla ham bor edi. U qo'llariga o'ralgan zanjirni o'ynatgancha tirjayib turardi.

— Malla, — xavfni ham unutib unga peshvoz chiqdi Yo'ldosh. — Qara-ya, yana ko'rishdik!.. Oshna, nega indamay turibsan? Yo tanimay qoldingmi-a?

— Men senga endi oshna emasman. — sovuqqonlik bilan javob qildi Malla. — Gapni aylantirmasdan, yaxshisi, qo'llaringni orqaga qil! Yo'qsa, itday o'lib ketasan.

— Nima?.. Sen-a?.. Sen meni o'ldirish uchun keldingmi hali bu yerga?

— Ha, sen meni o'shanda qattiq ranjitding. Bir o'zing xayr-ma'zurniyam nasya qilib jo'nab qolding. Men esa, sotqinlarni hech qachon kechirmayman.

Yo'ldoshning mushtlari tugildi. Beixtiyor lablarini asabiy tishlab oldinga intildi.

— Shunaqami hali? Yaxshi, qani, o'ldirib ko'r-chi! Kuchlaring yetarmikan menga?

Malla birdan xoxolab kulib yubordi.

— Sengami? Chumolini ezg'ilaganday yer bilan bitta qip tashlaymiz, yigit!.. Katta ketavermay, qurolni topshir. Bilaman, cho'ntagingda to'pponcha bor.

Haqiqatan yodidan ko'tarilayozgan ekan. Yo'ldosh sekin cho'ntagiga qo'l solib to'pponchani chiqardi.

— Yaxshi esimga solding. — dedi Mallaga to'pponchani ko'z-ko'z qilarkan. — Mana endi senlarminan olishish oson kechadi. Qani, jo'nab qollaring! Aksincha, asfalosofinga jo'natib yuboraman. Bo'l tez!..

Erkaklardan bittasi Mallaning qulog'iga nimadir deb pichirladi va orqaga tislanib mashina eshigi ro'parasiga bordi.

Bu harakatni Yo'ldosh qo'rqqanga yo'ygandi. Unday bo'lib chiqmadi. Erkak mashina salonidan Kalashnikov avtomatini chiqardi va shosha-pisha o'qlab Yo'ldoshga o'qtaldi.

— Xo'sh, qahramon, — silkinib kulgancha Yo'ldoshga yaqin keldi Malla va ohista uning qo'lidagi to'pponchani tortib oldi. — bular o'taketgan go'l deb xayol qilganmiding?.. E, yo'-o'q, bu yigitlar mening qiyomatli do'stlarim. Turma deganini-chi, uyog'idan kirsalar, buyog'idan qanday chiqib ketganlarini payqamay qolasan. Odam o'ldirishda esa, manaman degan kallakesaring ham ularga yetolmaydi. Qani, ko'tar yaramas qo'lingni!..

Yo'ldoshning boshqa iloji qolmagandi. Itoatkorona ikki qo'lini baland ko'tarib Malla ta'qibi ostida mashinaga yaqin bordi. Uchinchi erkak qo'lidagi zanjirini salonga otdi-da, Yo'ldoshni bo'ynidan changallab kapot ustiga boshini bosdi.

— Vey, G'alcha, (Avtomat ko'targanning laqabi shunday edi) — baqirdi Malla. — avtomatni joyiga qo'yib kishanlarni chiqar! Turaverasanmi so'ppayib?..

— Xo'p bo'ladi, shef!..

— Sen bugun qilmishlaring uchun javob berasan. — Yo'ldoshga yuzlanib so'zlashda davom etdi u. — Afsuski, sendan sodiq sherik chiqmadi.

— Ko'ramiz, — boshi kapotga bosib turilganiga qaramay qichqirdi Yo'ldosh. — men bunaqangi zo'rliklarga o'rganib ketganman. O'zing ehtiyot bo'lgin, tag'in kuningni ko'rsatib ketmay!

— Xa-xa-xa-xa-xa!.. — baravariga kulib yuborishdi uch erkak. Bu Mallaga negadir erish tuyildimi, kuchining boricha Yo'ldoshning yelkasiga musht tushirdi.

— Sen itdan tarqagan hali meni chuv tushirib ketmoqchimisan? Obbo enag'ar-ey, sen-a?.. Ortlaring buni mashinaga! O'tovga boraylik, chuv tushirish qanaqa bo'lishini bilvoladi bu o'zboshimcha!

 

* * *

 

Malla aytgan o'tov tog' ichkarisida edi. Bu yerlarda itlardan bo'lak jonzot ko'rinmasdi. Atrofi ko'm-ko'k maysazor bilan qoplangan adir o'rtasiga qora uy o'rnatilgan bo'lib, aylana atrofi avtomat tutgan soqchi yigitlar tomonidan qo'riqlab turilardi…

Yo'ldoshning ko'zlarini boylab qo'yishgani sabab qaysi yo'ldan yurishganini, necha marotaba qay tomonga burilishganini xayolan eslab qola oldi xolos…

— Xo'sh, G'alcha, buni nima qilsak ekan-a? — yonidagi barvasta erkakka yuzlanib kuldi Malla. — Itfe'lni kabob qip qo'ya qolmaymizmi-a? Qorin ham ja ochib turibdi o'zi.

G'alcha sekin Mallaning qulog'iga Yo'ldosh ham eshitadigan qilib pichirladi.

— Avval-chi, shef, buni asalarilarga talatish kerak. Ko'ramiz, tirik qolsa, undan keyin ma'lum bo'ladi. Axir, shunday sotqinni osonlikcha o'ldirib yuborsak gunoh bo'ladi!

— To'g'ri aytasan. Ayni muddao. Hov anavi qoya ortida bir qozoq asalarichi yashaydi. O'shaning bir-ikki yashik asalarisini olib kelamiz.

— Bo'lmasa, birontasini jo'nata qolay men!

— Ha, — Malla bir chetda qo'l qovushtirib turgan kalbosh barvastaga yuzlandi. — To'qim, sen borib asalarilarni opkelasan!

— Bermasa-chi? — ikkilangannamo so'radi To'qim.

— Vey, qanaqangi bo'shashgansan-a? Qo'lingga avtomatni ol-da, tez yetib bor! O'zini uyoq-buyoqqa tashlasa, otib tashlaysan-u, yashiklarni ko'tarib kelaverasan. Bahonada o'zimiz ham bir asalxo'rlik qilamiz, nima deding, G'alcha?

— To'ppa-to'g'ri, shef! Anchadan beri sovug'im oshib yurgandim…

Malla to'satdan Yo'ldosh tomon o'girilib, iyagidan ko'tardi.

— O'sha kecha bekor anavi jononni xursand qilmading-da! Vey, ja seni xohlab turgandi. Gunohga botganing shu. Agar begunoh bo'lganinda, menga chap berib keta olgan bo'larding. Nimayam qilardim?!. Peshonangga shunday o'lim bitilgan ekan. Chidaysan.

— Ko'p xomtama bo'laverma. — bo'sh kelmadi Yo'ldosh ham. — Meni o'ldirish sendaqangi xotinsifatlarga oson kechmaydi. Agar mard bo'lganingda, yakkama-yakka, erkakka o'xshab olisharding menminan.

— Vey, senminan-chi, ahmoqlar yakkama-yakka olishadi. Hali aqldan ozganimcha yo'q. Qolaversa, shuncha xizmatchilarim, yordamchilarim turib nega senminan olishishim kerak ekan? O'ldirganimda o'sha uychaning o'zida o'ldirib yuborardim. Ammo bu bilan o'ch olgan bo'lib qolmayman. Qiynab huzur qilishim zarur seni…

— Bo'yning uzilib tushmasin tag'in!

— Nima?.. Vey, G'alcha, yaxshilab do'pposlagin-da, hov anavi anhor bo'yiga boylab qo'y! Asalarilar kelguncha itday akillab tursin o'sha yerda…

Buyruq shu zahoti ado etildi. G'alcha yoniga yana bir yigitni olib qo'llari kishanlangan Yo'ldoshni qora terga botguncha tepkiladi. So'ngra aytilganidek, anhor bo'yiga sudrab borib yotqizdi-da, oyog'ini ham boylab tashladi…

 

 

* * *

 

— Ifloslar, — yuz-ko'zlari momotaloq bo'lib ketgan Yo'ldosh tomog'iga oqib tushayotgan qonlarni iyagi bilan artib ingranardi. — bunaqa iflos odamni ko'rmagandim. Shuning uchun qamoqdan qochgan ekan-da!.. Buyoqda shaykasi kutib turgan ekan-da!.. Ey, Xudo, o'zing madad ber! Shu ityaloqning qo'lida o'lib ketishdan o'zing asra! O'zing menga kuch-quvvat ato et!..

Yo'ldoshning badanlari simillab og'riyotgani bir dard bo'lsa6 qorni tatalab ketayotgani bir dard bo'ldi. Ustiga ustak shu qadar chanqagan ediki, yonginasidan oqib o'tgan anhorning ko'm-ko'k suvlariga boqqani sayin yumalab-yumalab suvga o'zini tashlagisi kelar, biroq yana bir arqon bilan daraxtga ham qo'shib boylashgani xalal berardi…

— Mayli, agar peshonamga shu yerlarda xor bo'lib o'lish yozilgan bo'lsa, o'larman. — ko'nglidan o'tkazdi u. — Oilamni bexavotir joyga yashirib ulgurdim-ku!.. O'shalar tinch-omon bo'lishsa bas. Menga endi baribir…

Shu payt Yo'ldoshning ko'zlari sal narida yotgan yarimtaki pichoqqa tushib birdan hushyor tortdi. Pichoqning sopi yo'q, qolgan qismi ham zanglab ketgandi.

U har ehtimolga qarshi o'tov tomonga ko'z tashladi. Faqat qurol tutgan soqchilargina aylanib yurishar, Malla ko'rinmasdi.

— Bu pichoqni Xudoning o'zi yetkazdi menga. — xayolidan o'tkazdi Yo'ldosh va pichoq tomon intildi.

Qo'llari orqasiga qayirib kishanlangani sabab uzatishning imkoni yo'q edi. Birpas o'ylab turgach, oyoqlarini oldinga cho'zib pichoqni o'zi tomon surib ko'rdi. Bu ishi muvaffaqiyatli kechib, pichoq asta-sekin qumga aralashgan holda Yo'ldoshning yaqiniga surildi. Endi uni qo'llariga olib birinchi galda oyoqlarini bo'shatish zarur. U amal-taqal pichoqni barmoqlari orasiga qistirib oldi-da, oyoqlari boylangan arqonga cho'zildi. Bu juda mushkul ekan. ORqaga qayirib boylangan qo'llarni to oyoqlariga yetkazib olgncha Yo'ldoshning beli qayishayozdi. Chidadi. Tishlarini tishlariga bosib tig'ni ohista arqonga surkay boshladi.

Ko'z ochib yumguncha arqon ham uzildi. Oyoqlar bo'shaldi. Erkinlik isi tobora yaqin kelgani sayin Yo'ldosh tanasidagi charchoqlarni, og'riqlarni, hatto, o'lgudek och ekanini ham unutgan, ikki xayoli qochishda edi…

U daraxt panasiga o'tib yana bir bor o'tovni kuzatdi. Be, soqchilarning parvoyi falak. Bir marta bo'lsin u tomonga qarab qo'yishayotgani ham yo'q.

— Bularga davlatni ishonib topshirib qo'yishsa bormi, — o'ziga o'zi so'zlanib anhor bo'yiga bordi Yo'ldosh. — bir soat ichida hammayoqni dushman bosadi… E, o'lib ketishmaydimi?!. Qochib olsam bas…

Xo'sh, endi buyog'iga nima qiladi? O'ylab o'tirishga fursat yo'q. Mabodo anavi soqchilardan birontasi anhor tarafga o'girilib qolsa, urdi Xudo. Yana quv-quv boshlanadi…

Suv anhorni to'ldirib oqar, tezligi ham soylarnikidan qolishmasdi…

Yo'ldosh tavakkal suvga tushdi-da, chalqancha yotib oldi. Lopillab oqayotgan suv uni shu zahotiyoq o'tovdan uzoq-uzoqlarga oqizib ketdi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT