ERIMNING YaNGI JAZMANI…

0

 

* * *

 

Katta ko'chaga chiqdi-yu, Muharramning ko'ngli g'ash tortdi. Ancha narida eri bilan bir fabrikada ishlaydigan bo'rsildoq yuzli Zahro uyiga kirib ketayotgan ekan. Tungi smenadan chiqqan shekilli, horg'in qadam tashlardi. Ammo shashti o'sha-o'sha. Muharramga ko'zi tushgani hamono, taqqa to'xtab, turgan yeridan qichqirdi:

— Ha-a, Muharram opa! Qalaysiz? Matlab aka yangisini topganmish, yangisini! Eshityapsizmi? Yaxshilab eshitvoling! Eringiz yangisini topganmish, xa-xa-xa-xa-a-a-a!!!

Azaldan shu ayolni jini suymasdi. Tovuq kabi qaqillab kulishi g'ashini keltirardi. Bu gapi oshib tushdi. Ayol-da, sovuq gap darrov qulog'iga yashin kabi urilib, etini junjiktirib yubordi. Gapning ma'nisiga yetmagan bo'lsa-da, «yangisi» degan so'z yuragini titrashga, tezroq urishga majbur etdi. Baribir o'zini qo'lga olishga urinib, Zahroga javoban qichqirdi:

— Nima deding? Yangisi? Q-qanaqa yangisi?..

Baxtga qarshi Zahro ko'zdan g'oyib bo'lgandi. Bir necha daqiqa orasida bo'lari-bo'layozgan Muharram qo'lidagi chelakni chetga irg'itib Zahronikiga kirishga chog'landi. Lekin ko'ngli chopmadi. Xayolida erining ma'yus chehrasi, fabrikadagi bir-biridan qaqildoq to'quvchi qizlar gavdalandi.

«Hali gap buyoqda ekan-da, — o'yladi Muharram lab tishlab. — Ikki smenlab fabrikada qolib ketishiga sabab bor ekan-da! Yashshamagur qaqildoqlardan birini topvolibdi-da! Mendanam ortiqroq ekan-da o'shalar! Meni aldab, oldimga poxol solib yurgan ekan-da! Nega? Qaysi aybim uchun? Kelishiga ovqatini tayyorlab qo'yganim, kirini yuvib, poyida poyipatak bo'lganim uchunmi? Yo Zahro meni sinamoqchi bo'ldimikan? Yo'-o'q, «Bir balosi bo'lmasa, shudgorda quyruq na qilur?» deb bekorga aytishmagan. Shamol bo'lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Demak, Zahroyam ko'rgan uni. Aks holda tomdan tarasha tushganday gapirmasdi shu gapni. Qiziq… Qiziq… Kim ekan-a Matlabning qo'yniga kirvolgan o'sha ilon? Basharasi qanday ekan? Shaytonsifatmikan yo baloning o'qidaymikan? Hoynahoy, gugurt cho'piday qiltiriq bir balodir-da! Qiltiriqlar ustamon bo'lishadi!.. Hali shoshmay tursin, tagiga yetmay qo'ymayman bu ishning!..»

 

* * *

 

Muharram hovliga kirgandan keyin ham tinchlana olmadi. Erining ishxonasiga borishga ahd qilib kiyinishga chog'landi. Ammo hali zamon o'zi kelib qolishi muqarrarligi yodiga tushib fikridan qaytdi.

— Keliboq, hoynahoy suvilonday eshila boshlaydi, — dedi o'ziga o'zi. — «Xotinjon»lab gapni boshqa yoqqa buradi. Burib bo'pti. Menam anoyilardanmasman. Menday xotinini qayoqdagi megajinga almashadi-yu, indamay qolaveramanmi? Kimdan kam yerim bor, kimdan?

Shunday deb Muharram beixtiyor ko'zgu qarshisiga keldi. Ko'zlari g'azabnok, yuzlari tund edi. Boshini zarda aralash silkitgandi, shu zahoti sariqqa bo'yalgan sochlari dengiz to'lqini kabi yoyilib, yelkalarini quchdi.

— Xo'sh, qaerim kam ekan o'sha qiltirig'idan? — dedi u bodom qovoqlarini barmoqlari bilan silab. — Menday xotini bo'la turib shunaqa qandlarni yeb yuribdiykanmi, kechirmayman! Oyimnikiga, ota uyimga ketaman, ha! Yelkamning chuquri ko'rsin shu hovlisini! Hozir… Ko'ch-ko'ronimni yig'aman-u, ketaman! O'shanda biladi xotinning qadrini!..

Muharram jonholatda ichkari uyga kirdi-da, qo'liga kirgan kiyimlarini olib yelim xaltaga joylay boshladi.

— Bosgan izlarimga zor bo'lasan hali, — g'udranib qo'yardi ora-sirada. — «Erim ishdan keladi, voy, qorni ochmikan-to'qmikan? Charchadimikan? Birov xafa qilmadimikan ishqilib? Kayfiyati qalay ekan? Gap so'rasam, jahli chiqmasmikan?» deb men ahmoq qosh-qovog'iga termilaman. Bu-chi? Qayoqdagi buzuqilarga qo'shilib yallo qilib yuribdiykan. Tag'in anavi Zahro megajindan aytib ham yuboribdi. Kuyib o'lsin degan-da!.. Iloyo ko'r bo'lgin! Mening yaxshiliklarimni bilmasang, oqib tushsin ko'zlaring!..

Muharram kerakli buyumlarini xaltaga joylab bo'lgach, ketish oldidan xona ichkarisiga, so'ngra deraza orqali hovliga tikilib qaradi. Ola mushugi narvondan tomga bezovta chiqib tushar, aftidan qaysidir qushni tutish payida edi. Tomorqada esa targ'il sigir kavshana-kavshana qur-qur uy tomon bosh burib olardi.

— Yo'q, ketishga shoshilmayman, — dedi daf'atan o'rnidan qo'zg'alib Muharram. — Bu itfe'lning aftiga oxirgi marta bir qarab olishim kerak. Aytarimni aytib-aytib keyin ketmasam, alamim chiqmaydi…

 

* * *

 

Hash-pash deguncha kun peshindan og'ib, Matlab horg'in qadam tashlagancha hovliga kirib keldi. Muharram tok ostidagi so'rining bir chetida oyog'ini pastga osiltirgan ko'yi unga ters o'girilib o'tirardi. Eri kirib kelganini eshitgan bo'lsa-da, miq etmadi. Lab burgancha tek o'tiraverdi.

— Ha, nima bo'ldi? — so'radi Matlab xotiniga yaqin kelib. — Xaltachadagilar nima? Qayoqqa otlanding?

Muharram javob bermadi. Ikki-uch yo'talib olish bilangina cheklandi.

— Biror gap bo'ldimi? — so'rashda davom etdi Matlab. — Gapirsang-chi! Og'zingga tolqon solvolganmisan?

— Ha, tolqon solvolganman, enam bervorganakan, nimaydi? — kutilmaganda eri tomon yuzlanib qichqirdi Muharram. — Ba'zilar qayoqdagi qiltiriqlarminan don olishib yurganda men og'zimga tolqon solmay balo solamanmi?

— Nima? Kim don olishibdi? Qaysi qiltiriq? Menga qara, nega xaltacha to'ldirvolding? Biror gap bo'ldimi? Qaerga otlanding?

— Uyimga, — dedi ko'zini lo'q qilib Muharram. — Oyimnikiga!

— Nega? Tinchlikmi?

Muharram javob berish o'rniga birpas eriga jim tikilib turdi. Keyin esa ko'zlarida yosh g'iltilladi.

— O'sha qiltiriqlardan mening qaerim kam? — yig'i aralash so'zlana boshladi u. — Gapiring! Tag'in Zahroga suyunchilabsiz. Nima, maqtangingiz keldimi? Hamma o'ynashingiz borligini bilib qo'ysin dedingizmi?..

Matlab hech narsaga tushunmay, yelka qisdi-yu, Muharramning ikki yelkasidan tutdi.

— Jinni bo'lganmisan? — dedi u hovlining uyoq-buyog'iga o'g'rincha ko'z tashlab qo'yib. — Qanaqa o'ynash? Kim? O'ylab gapiryapsanmi? Kim aytdi senga bunaqa gapni?

— Kim aytardi? Zahro-da! — dedi Muharram erining qo'llarini yelkasidan zarda aralash olib tashlab. — Aytvoribsiz-ku boshqasini topvolganingizni! Butun mahallani boshiga ko'tarib «Ana, ering yangisini topvolganmish» deb baqirdi. Ustimdan kula-kula uyiga kirib ketdi.

Matlab javob berishga shoshilmadi. Bir muddat xotiniga sirli qarab turdi-da, beixtiyor kulib yubordi.

— Voy, Zahro shayton-ey, — deya qotib-qotib kulardi Matlab. — Odamini topib aytibman-ku-a? Voy qurmag'ur-ey!..

— Kuling, ko'mganda kulsangiz ajabmas! — Muharram battar tutoqib so'ridan pastga tushdi va qo'liga xaltachani oldi. — Ana endi kuli-ib o'tiraverasiz! Men… Ketaman!..

Matlab astoydil yo'lga otlangan xotinini bilagidan mahkam siqib to'xtatdi. Ko'zidan tomog'iga qadar oqib tushgan yoshlarni kaftiga artib kuch bilan so'riga o'tqazdi.

— Sen Zahronikiga kirib bor gapni surishtirmadingmi? — so'radi u. — Gapir, xotin, surishtirmadingmi?!

— Men yerdan chiqqan qo'ziqorinmasman. Surishtirmasam ham hammasini aytib bo'ldi o'sha Zahrongiz!

— Birinchidan, u mening Zahrommas. Ikkinchidan, gapni tushunib ana undan keyin birovni ayblagin-da!

— Ha, men shunaqa ovsarman. — erini jerkib berdi Muharram. — Allakimlar boshqasini topvolib yallo qilsayam, tushunmay ahmoq bo'lib yuraveraman.

— Axir, men muzlatkichning yangisini topdim degandim Zahroga! — toqati toq bo'layozgan Matlab bor ovozda baqirdi. — Eshityapsanmi, muzlatkich!?. O'zingmasmiding yangi chiqqan muzlatkich toping deb qulog'imni qomatga keltirgan? Senmasmiding eski muzlatkich shaldirab quloqni qomatga keltiryapti deb noligan?.. Men ahmoq yangisini topibman-u, Zahroga aytibman. Sen ishdan qaytgunimcha xursand bo'lib o'tirgin debman!

— Nima? Muzlatkich? — sergak tortib asta ortga tislandi Muharram. — Qani muzlatkich?

— Halizamon opkeb qolishadi. — dedi Matlab darvoza tomon ishora qilib. — Shuning uchun sal ertaroq keluvdim ishdan.

— Rostdanmi? — Bir necha daqiqa ichida Muharramning zardasidan asar ham qolmagandek edi. Yig'i aralash kulimsiragancha eriga qattiqroq tikildi. — Rostdan muzlatkichmi? Begona ayolmasmi?

— Esing joyidami? — dedi Matlab qo'l siltab. — Qanaqa ayol? Ya-yangi muzlatkich, xotin! Oxirgi modadagisi-i!..

Ayolning ko'ngli ipakdan-da nozikroq deyishgani shu ekan. Yarim kun davomida ko'ngildan kechirilgan alamlar, qalbni kemira-kemira kemtik qilayozgan faryod bir zumda tuman kabi tarqalib, Muharramning yuzini mayin tabassum chulg'adi. Ammo baribir nigohlarida yovvoyi qo'rquv zohir edi. Xuddi shu qo'rquv ayolni hushyor turishga undadi. Muharram ko'ksi dag'-dag' titrab erining yelkasiga bosh qo'ydi va xuddi shu titroq iskanjasida shivirladi:

— Bekor tashvish tortibsiz!.. Menga uyimizdagi shaldiroq muzlatkich ham bo'laverardi! Teshib chiqmasdi!.. Siz… Siz meni tashlab ketmasangiz bo'ldiydi!.. Rahmat sizga, azizim, rahmat! Boringizga shukr! Men ovsar xotiningizni kechiring!

Olimjon HAYIT