Dam olmay ishlayversak, nima bo'ladi?

1

Bir kuni ikki o'tinchi o'rmonga o'tin kesgani boribdi va kim ko'p o'tin chopishga o'zaro musobaqalashishibdi. Birinchi o'tinchi ko'proq o'tin chopish maqsadida tanaffussiz, dam olmasdan ishlabdi. Ikkinchi o'tinchi esa, ma'lum vaqt ishlagach, biroz dam olar, keyin yana ishini davom ettirardi.

Birinchi o'tinchi raqibi tomondan ahyon-ahyonda boltaning taq-tuq ovozi jimib qolayotganini eshitib, quvonchi ichiga sig'masdi. Kun oxirida ikkalasi natijani hisoblashsa, ikkinchi o'tinchining o'tinlari ancha ko'p emish.

Birinchi o'tinchi hayron bo'lib so'rabdi:

– Qanaqasiga sening o'tinlaring ko'p bo'lishi mumkin, axir sen dam olib, men esa tanaffussiz ko'proq ishladim. Mantiqan olganda, mening o'tinlarim ko'p bo'lishi kerak edi-ku!

Shunda ikkinchi o'tinchi javob beribdi:

– Barchasi oddiy, dam olgan paytlarim boltamni charxlab, o'tkirladim, shu sababli natijam samarali bo'ldi. Sen esa tinimsiz ishlaganing uchun boltang o'tmaslashib qoldi, kun oxiriga borib, deyarli o'tin chopolmay qolding.

Ushbu rivoyatdan ko'rish mumkinki, dam olishsiz ishlash har doim ham samara beravermaydi. Aksincha bu xodimlarning tinkayi madorini quritadi, ish sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Afsuski O'zbekistonda xodimlar, ayniqsa davlat tashkilotlarining ishchilari mehnat qonunchiligida ko'rsatilgan ish vaqtidan haddan tashqari ortiqcha ishlaydi.

• Har kuni soat kechki 11-12 gacha ishlash odatiy ish rejimiga aylanib qolgan.

• Agar ishdan o'z vaqtida, ya'ni soat 18:00 da ketsang, boshing baloga qoladi, kamida hayfsan olasan yoki ishdan haydalasan.

• Tungacha olib o'tirishganda qonunlarni unutishadiyu, lekin ertalab ishga ozgina kech qolsang, darrov tartib va qoidalar esiga tushib qoladi.

• 5 kunlik ish haftasini deyarli unutishgan, shanba – so'zsiz ish kuni. Shanbani qo'ya turaylik, hatto yakshanba ham ishga chiqiladi.

• Ortiqcha ish uchun mehnat qonunchiligida qo'shimcha haq to'lanishi ko'rsatilgan, ammo bu faqat qog'ozda.

Axir xodimlar robot emas, odamku! Hatto texnika ham uzluksiz ishlatilsa, qizib ketadi va tez buziladi.

Yaqinda Reuters nashrida chiqqan maqolani o'qigan bo'lsangiz kerak. Maqolada O'zbekistonda davlat xizmatchilari kuniga 15 soatdan va dam olish kunisiz uzoq yillar ishlayotganligi, natijada ularda kuchli charchoq va stress borligi, o'zbek amaldorlari uchrashuvlar paytida uxlab qolishlari haqida yozilgan.

«33 million aholiga ega sobiq sovet respublikasida hukumat ishchilari orasida uzoq vaqt mobaynida shakllangan an'ana bor – ular o'z boshliqlari ketmagunga qadar ofisni tark eta olishmaydi», – deyiladi xabarda.

Farzandlarimizning tarbiyasi yildan yilga yomonlashib bormoqda, ularning o'qishi, ma'naviyati, saviyasi pasayib ketyapti, deya ko'p noliymiz. Buning eng katta sabablaridan biri otalar kun bo'yi ishda, yarim tunda keladi, erta tongda ketadi, hatto dam olish kunlari ham farzandlarining tarbiyasi bilan shug'ullana olmaydi.

Yildan yilga ajrimlar ko'paymoqda, notinch oilalar soni ortmoqda, xiyonatlar oddiy hol bo'lib qoldi, deb xavotir olamiz. Chunki erlar kun bo'yi ishda, turmush o'rtoqlariga tayinli vaqt ajrata olmaydi, oilasini biror joyga olib borolmaydi, dam olish kunlarini oilasi davrasida o'tkaza olmaydi, kerak bo'lsa bozor-o'charni ham xotin kishining gardaniga tashlab qo'yishgan. Sababi er davlat xizmatchisi, uning oilasi uchun bir daqiqa vaqti yo'q. Yarim tunda charchab, sillasi qurib keladi, erta tongda uyqusirab, nonushta ham qilmasdan ketadi.

Bunaqa sharoitda qanaqa tarbiya, qanaqa tinch-totuv oila haqida orzu qilish mumkin?

Haddan tashqari ko'p ishlash kadrlar sifatiga jiddiy putur yetkazishini, bundan baribir samara bo'lmasligini, aksincha ish vaqtidan tashqari ortiqcha sarflanayotgan resurslar davlatga faqat zararligini qachon tushunib yetamiz-a?

Mehnat huquqlari yetarlicha ta'minlanmagan jamiyatning rivojlanishi qiyin. Chunki davlatning asosiy boyligi, rivojlanishning eng muhim poydevori – insonlar! Uyqusiragan va sillasi qurigan askarlar bilan jangda g'alaba qozonishning imkoni yo'q.

Yaxshi kunlardan, ijobiy o'zgarishlardan umidvormiz.

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos

loading...

1 TA FIKR

Comments are closed.