Shirk amaldan uzoq bo'ling!

0

Keyingi paytlarda ziyoratgoh va qabristonlarga boruvchi ba'zi kimsalar o'sha yerdagi zinalar, ustunlar, eshiklar, qabrlarga egilib, ularga yuz-ko'zlarini surtib, o'pib, marhumlardan hojatlarini so'rash, qabrlarni aylanish kabi holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Islom dini ko'rsatmasi bo'yicha bunday qilish harom amal, shirk amal bo'lib, insonning iymoniga futur yetib qolishi mumkin.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, Alloh o'ziga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o'zga (gunohlar)ni (O'zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (to'g'ri yo'ldan) juda uzoqqa adashibdi” (Niso surasi, 116-oyat).

Musulmon banda barcha hojatlarini faqatgina Alloh taolodan so'raydi, Ungagina sajda, ibodat qiladi. Yordam, madad, ehtiyoj va shifoni ham faqat Undan so'raydi.

Alloh taolo yana bir oyatda bunday marhamat qilgan:

“…Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo'lishdan umidvor bo'lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasi, 110-oyat).

Shuningdek, qabristonlarda qabrdagi marhumga atab jonliq so'yish kabi holatlardan ham tiyilish kerak! Jonliq faqat Alloh uchun, Uning roziligi uchun so'yiladi.

Musulmon banda shirk, harom amallarning barcha ko'rinishlaridan yiroq bo'lishi kerak!

Ziyoratgohlarga olib borilgan bolalarning ota-onalariga taqlid qilib mazkur og'ir gunoh ishlarni qilishi, ulardan shirk amallarni o'rganishi o'ta achinarli va qo'rqinchlidir. Bularning hammasi diniy ilm yetishmasligi, o'qib-o'rganishga qiziqmaslikning oqibatidir.

Afsuski, ba'zi joylarda ziyoratgohlarga borishning o'zini din deb tushunuvchilar ham bor. Go'yo ularning nazdida oyda-yilda bir marta biror avliyoning qabrini ziyorat qilib kelsa, shu bilan bo'ldi. Boshqa amallarni qilmay, namoz o'qimay, zakot bermay, halol-haromning farqiga bormay yashashadi. Bu juda og'riqli va musibatli holatdir.

Bir necha yil avval O'zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan shunday holatlar yuzasidan “Daraxt va tosh kabilarni muqaddas deb bilishning shirkligi haqida”gi fatvo e'lon qilingan. Shuningdek, ziyoratgohlarga ziyorat qilish odoblari haqida lavhalar ham qo'yilgan edi.

Dinimizda qabriston ziyorati odoblari bo'yicha ko'rsatmalar bor. Qabrni ziyorat qilishga borgan odam avvalo qabriston ahliga salom beradi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu borada bir qancha hadislar vorid bo'lgan.

Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga qabristonga chiqqanlarida “Assalomu alaykum ahlad diyari minal mu'miniyna val muslimiyn. Va innaa inshaa Allohu bikum laahiquun. As'alulloha lanaa va lakumul 'aafiyah” deyishni ta'lim berardilar”. Imom Muslim rivoyatlari.

Hadisdagi duoning ma'nosi: “Assalomu alaykum, mo'min musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo'shilamiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so'raymiz”.

Keyin Qur'on suralari, oyatlaridan o'qib, savobini marhumlarning ruhiga bag'ishlanadi. O'lim esga olinadi, unga yaxshi tayyorgarlik ko'rish kerakligi, solih amallarni ko'proq qilish lozimligi ko'z o'ngidan o'tkaziladi. Qabrlarni bosmay, ustiga o'tirmay, odobga rioya qilinadi.

Alloh taolo barcha odoblar qatori qabriston ziyorati odoblariga ham rioya qilishimizni nasib etib, shirk, harom amallardan barchamizni O'zi saqlasin! Omin!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

 

muslim.uz

loading...