Bojxonachilar mamlakatimizdan maymun bolasini olib chiqishga uringan shaxslarni qo'lga olishdi

0

Davlat bojxona qo'mitasi axborot xizmatining ma'lum qilinishicha, bojxona qonunbuzilishi holatlariga qarshi bojxona organlari xodimlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishiga qarshi kurashish bo'limi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbir davomida noodatiy bojxona qonunbuzilish holati o'z vaqtida fosh etildi.

Tadbir davomida, Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan o'tuvchi davlatimiz chegaralari yaqinida turgan “Spark” rusumli avtomashina bojxonachilarimiz e'tiborini tortdi va avtoulov hamda uning ichida o'tirgan fuqarolar F.U. va J.S.lar belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o'tkazildi.

Natijada, avtomashina salonida noyob orangutan turiga mansub maymun bolasi borligi ma'lum bo'ldi.

Shuningdek, fuqaro U.F. bojxonachilarni payqashi bilanoq uddaburonlik bilan mashina yoniga uloqtirgan tamaki qutisi ham tekshirildi.

Tekshiruv jarayonida tamaki qutisida 0,36 gramm gashish giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Fuqaro J.S.ga tegishli sumkada esa 4 dona turli dori vositalari borligi ham ma'lum bo'ldi.
Qonunbuzardan olingan maymun bolasi Toshkent hayvonot bog'iga topshirildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.