Taqiqdagi Ozoda Saidzoda o'rnini Jahongir Otajonov egalladi

0

Bi-bi-si xabariga ko'ra, Ozoda Saidzodaning Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kechirilishi va taqiqdagi bo'shab qolgan o'rin yana bir xonanda Jahongir Otajonov bilan to'ldirilishi ijtimoiy tarmoqlarda ko'rlab muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

«O'zbekkonsert» davlat muassasasi bir necha yildan buyun taqiqda bo'lgan xonanda Ozoda Saidzoda (Nursaidova)ning Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kechirilganini ma'lum qildi.

Xabarda aytilishicha, 13 oktyabr kuni Ozoda Saidzoda so'zga chiqib, xatolarini tan olgan.

U «bundan bir necha yillar oldin bilib-bilmay, asoslanmagan ma'lumotlarga ishonib, hissiyotlarga berilib, jamoatchilik orasida o'zining noo'rin fikrlarini ommaviy axborot vositalari orqali bayon etganidan astoydil pushaymon ekanligini» bildirdi,- deyiladi «O'zbekkonsert» xabarida.

Ozoda Saidzodaning taqiqdagi o'rni ko'p bo'sh turmadi.

14 oktyabr kuni «O'zbekkonsert» taniqli xonanda Jahongir Otajonovni «ma'naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo'lgan nomunosib harakatlari» uchun litsenziyadan mahrum qildi.

Jahongir Otajonovning konsert-tomosha, to'y-yubiley va boshqa tantanalarda qo'shiq aytishi taqiqlangani ma'lum qilindi.

Bir hafta avval «Munosabat» ko'rsatuvida studiya monitorida xonanda Jahongir Otajonovning yerga yotgancha qo'shiq kuylayotgani, ustidan esa pul sochilayotgani tasvirlangan video namoyish etilgandi. Uning odob-ahloqi va «ma'naviyat darajasi» savol ostiga olingan.

O'z litsenziyasi olib qo'yilishi muhokama qilinayotganiga munosabat bildirgan Otajonov ijtimoiy sahifalarida: «ALLOH ga shukurlar bolsinkim bizni ish shu darajada keng miqyosda taxlil qilinyabdi 😅🔥Oramizdagi ba’zilar in sha ALLOH har doim orqamda bolasizlar tez orada sizlarga javobni ALLOHdan kutaman 🔥🔥🔥» deb yozdi.

Kun so'nggida Jahongir Otajonovning himoyasiga O'zbekiston matbuot va axborot agentligining direktori Komil Allamjonov ham fikr bildirdi.

«Jahongir Otajonovning qo'shiqlarini oilam va farzandlarim bilan yaxshi ko'rib tinglayveramiz! Buning uchun shaxsan bizga litsenziya kerak emas!»- deb yozdi u telegram kanalida.

Allamjonov bir necha marotaba O'zbekistondagi bloger va jurnalistlar agentlik himoyasida ekanligini ta'kidlagan.

 

loading...