Davlat byudjeti qani?

0

Byudjet kodeksiga ko'ra, hukumat 15 oktyabrga qadar parlamentga 2020 yilning byudjetini taqdim qilishi kerak edi. Hukumat byudjetnomaga qo'shib, «Fuqarolar uchun byudjet» axborot nashrini ham taqdim qilishi kerak (Bu sizu bizga byudjet parametrlarini tushunishga yordam beradi). Parlamentda hali davlat byudjeti bo'yicha muhokamalar boshlanmadi, demak, katta ehtimol kecha topshirilgan yoki hali ham taqdim qilinmagan.

Ma'lumki, bu yildan davlat byudjeti qonun sifatida qabul qilinadigan bo'ldi. Qonun, qoida tariqasida, jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilinishi kerak. Moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan qonun loyihasi qup-quruq, unda na bir raqam bor, na bir ilova keltirilgan. “E'lon qildingmi — e'lon qilding”, qabilida ish tutishgan. O'zingiz o'qishingiz ham mumkin. 12 sentyabrdan 27 sentyabrga qadar muhokamada turgan. Bitta izoh qoldirilgan: “Ilovarni xam chop eting, iltimos. A gde sami prilojeniya? Bez nix dokument bespolezen”.

Darvoqe, o'tgan yili ham deputatlar hukumatga byudjetnoma bilan bog'liq qonunni kechiktirib taqdim qilgani uchun dashnom bergan edi (https://t.me/davletovuz/4245).

P.S.: Davlat byudjeti xalqning puli. Uning taqsimoti ochiq-oshkora, shaffof bo'lishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashishning ilk talabi ham shu o'zi.

P.S.S.: yaqinda Daniya bosh vaziri parlamentda chiqish qilib, to'rtta filni sirkdan davlat byudjeti mablag'lari hisobidan sotib olishga qaror qilinganini aytadi. Gap shundaki, Daniyada o'tgan yili sirklarda yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlandi, shu sababli hukumat sirklardagi fillarni sotib olib, ularga munosib hayot uchun sharoit yaratmoqchi. Ammo sirkdagi Rambolin ismli fil Ali ismli tuya bilan qalin do'st ekan. Ekspertlar ularni bir-biridan ajratish yaxshi emas, degan xulosaga kelishdi va hukumat fillarga qo'shib, tuyani ham sotib olishga qaror qilgan. Ya'ni hukumat rahbari tuyani byudjet puliga sotib olish sababini deputatlarga izoh berayapti. Albatta, bosh vazir va deputatlarning reaksiyasini o'zingiz ham ko'rishingiz mumkin. Darvoqe, fillar va tuya eng yaxshi sharoitlarni taklif qilgan park yoki zooparkka beriladi. Gap kulguda emas, balki byudjet masalasida mayda narsaning yo'qligidadir.

Xushnudbek Xudoyberdiyev