Boy berilgan fursat

0

Bir boy odam masjidga kirib, namoz o'qibdi. Namozdan so'ng duo qilayotsa, yonida o'tirgan bir darveshning duosini eshitib qolibdi:
– Allohim! Qornim juda och. Menga falon taom, falon shirinliklardan yetkazgin!
Boy ichida «Bu darvesh menga eshittirish uchun ataylab ovozini chiqarib duo qilyapti. Shu narsani o'zimga aytsa ham bo'lardi-ku. Shu qilgani uchun unga hech narsa bermayman»,- deb o'ylabdi (nafs ana shunday narsa, har ishga burnini suqaveradi).
Darvesh duolarini tugatib, o'rnidan turibdi, so'ng masjidning bir chetiga borib yonboshlabdi. Bir ozdan so'ng masjidga bir odam qo'lida savat bilan kirib kelibdi. U to'g'ri darveshning oldiga borib, savatni uning oldiga qo'yibdi. Darvesh savatning ustini ochsa, duosida so'ragan taom va shirinliklar turgan emish.
O'tirgan joyida hamma narsani ko'rib turgan boy angrayib qolibdi.
Darvesh taomdan ham, shirinliklardan ham to'yguncha yeb, qolganini savatni olib kelgan odamga qaytarib beribdi. Haligi odam indamay savatni ko'tarib, masjiddan chiqib ketibdi.
Boy sakrab turib, savat ko'targan odamning orqasidan yuguribdi. Yetib olgach, uni to'xtatib, so'rabdi:
– Siz kimsiz?
– Bir hammolman.
– Bu narsalarni kim yubordi?
– Hech kim. O'zim olib keldim.
– Siz boyagi darveshni taniysizmi?
– Yo'q, tanimayman.
– O'zingiz tanimagan, bilmagan odamga nega shuncha narsa olib keldingiz?
Hammol kishi kulib qo'yib, shunday debdi:
– Men bir faqir odamman. Odamlarning yukini tashib kun ko'raman. Bugun bir boy odamning yukini tashib bergan edim, juda ko'p pul berib yubordi. Xursand bo'lib, bozorga bordim, boshqa payt bolalarimga yedira olmagan taomlarimni olib, uyga bordim. Rosa charchagan ekanman, ayolim ovqatni tayyorlaguncha uxlab qolibman. Tushimda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vassallamni ko'rdim. U zot menga shunday dedilar:
– Mana shu masjidda bir valiy inson o'tiribdi. U hozir mana shu taomlarni so'rab, Allohga duo qildi. Sen unga taomlaringdan, shirinliklaringdan olib borib, yedirgin. U bu taomlardan yeganicha yesin. Qolganini olib kelib, o'zing bola-chaqang bilan yesang, senga barakat bo'ladi. Shu ishni qilsang, jannatga kirishing uchun kafil bo'laman.
Men uyg'ondim-u, taomlarni olib, masjidga yugurdim. Bor gap shu. Qolgan gapni o'zingiz ko'rdingiz.
Boy undan «Shu qilgan bozor-o'charingga qancha ketdi?»- deb so'rabdi. Hammol faloncha ketganini aytibdi.
– Shu pulning o'n baravarini beraman. Shu savobning bir bo'lagini menga ber! – debdi boy.
– Bo'lmaydi, – debdi hammol.
– Yigirma baravarini beraman.
– Bo'lmaydi.
– Ellik baravar!!!
– Yo'q.
– Yuz!!!…
Hammol boyga shunday debdi:
– Bekorga ovora bo'lmang, qancha bersangiz ham, savobimni sizga bermayman. Axir Payg'ambarimiz menga bu ishim uchun jannatni va'da qildilar. Siz menga butun dunyoni bersangiz ham, men sizga bu ne'matni bermayman.

loading...