Choymi yoki chang? Paketchali choylar ichida nima bor?

0

Bu kabi arzon choylar choy bargi qoldiqlari, to'g'rirog'i, uning changidan tayyorlanishi hech kimga sir emas. Choy changi nima degani? Bu shunchaki pishirilayotgan choy bargidan to'kilgan ortiqcha bo'lakchalardir, afsuski ularda biron bir foydali hech nima qolmagan bo'ladi. Bunday ushoq qaynatilganda kerakli ta'm va rang bermaydi, shu bois ishlab chiqaruvchilar paketchali choy tarkibiga bo'yovchi va ta'm beruvchi moddalar qo'shishadi. Ba'zi bu kabi choylar ishlab chiqaruvchilar uning tarkibiga turli o'simliklarning kukunini ham qo'shib yuborishadi. Yoki qo'llash muddati o'tgan choylardan ham foydalanishadi.

ZARARI BORMI?

Paketcha mo'rt qog'ozdan tayyorlanib, u choy ta'miga umuman ta'sir etmaydi. Choyning elita navlari esa bejirim neylon, ipak yoki muslin qopchalarga solinadi. Lekin baribir qopchadan ko'ra uning ichidagi mahsulot muhimroqdir. Yaproqli yoki maydalangan choylardan farqli o'laroq, bunday choylarda qo'llaniladigan choyning biron bir qattiq joyi bo'lmay, u juda maydalab kesiladi. Bu maqsadda katta bargli choy yaproqlari ishlatiladi. Shu bois ham bunday choy mazasi tez chiqib, rang va ta'm uyg'unlashadi. Chunki kukun suvda juda tez erib, o'zida bor xususiyatlarni suvga chiqaradi.

Amerikalik tadqiqotchilar bu kabi choylarning organizmga ta'sirini tadqiq etib, uning miqdori kuniga besh piyoladan oshib ketmasligi kerakligini aniqlashdi. Bu bilan siz organizmingizni ftorning ortiqcha yig'ilmasidan bartaraf etgan bo'lasiz. Olimlar paketchali choylarda ftor miqdori millonga 6,5 qismni tashkil etishini aniqlashdi, u me'yordan ancha yuqoridir. Masalan, suvda bu ko'rsatgich millionga 2/4 qismdir. Ftorning ortiqchasi suyak to'qimalarining qotishi va ayni damda uning mo'rtlashuviga olib keladi. Choyga mukkasidan ketish skelet flyuoroziga olib keladi, ya'ni bu kasallikda to'qima va suyaklar qaqshab og'riydi.

QANDAY BO'LIShI KERAK?

paketchali choy ustidagi qog'oz o'ta mo'rt yoki oqartirilgan bo'lmasligi darkor. Damlanganda qog'oz mazasi chiqsa, demak bu sifatsiz choy.

Uning ipi paketchaga tikilgan yoki bog'langan bo'lishi darkor, metal skrepka bilan qotirilganidan qoching. Chunki metal choyga o'zgach, maza berishi mumkin. Eng yomoni esa yelimlanganidir. Bu holda yelim choyga qo'shilib, uning ta'miga putur yetkazadi.

Paketchadagi qora choy qora rangda, zinhor jigarrang bo'lmasligi darkor.

Yaxshi choyda chang juda kam miqdorda bo'ladi, agar u ko'p bo'lsa, demak choy past sifatlidir.

Choyga bo'yoqlar solingan yo yo'qligini bilish uchun quyidagini bajaring: bitta paketchani olib sovuq suvga soling. Mineral bo'yoqlar darroq eriydi va ingichka jigarrang chiziq bo'lib, stakan tubiga cho'kadi. Agar 5-7 daqiqadan so'ng stakandagi suv ikki rangli (yuqorida to'q, pastda ochroq) bo'lsa, demak bu paketchaga sun'iy bo'yoqlar qo'shilgan.

MUMKIN EMAS!

Paketchali choyni hech qachon plastik stakanlarda damlamang, bu bilan o'z sog'lig'ingizga jiddiy putur yetkazib qo'yishingiz mumkin.

Och qoringa choy ichmang, chunki u oshqozon shilliq qavatini ta'sirlantiradi, oqibatda jig'ildon qaynashi kelib chiqadi va vaqt o'tishi bilan u yaraga aylanib ketishi mumkin.

Bir marta damlangan choyni o'ylab ham o'tirmay tashlab yuboring. Chunki bunday choylar o'z nomi bilan bir marta qo'llaniladigan choydir, uni ikkinchi marta ishlatib bo'lmaydi.

Iloji boricha, choyni suyuqroq qilib iching, aks holda asab tizimi, jigar va oshqozon bilan muammolarga duch kelishingiz mumkin.

Kuniga besh piyoladan ortiq choy ichmaslikka harakat qiling, ayniqsa bu qariyalar va homilador ayollarga taalluqli. Bolalarga paketchali choyni umuman bermagan ma'qul.

Bunday choy oddiy choyga qaraganda tez yaroqsiz holga keladi. U o'z hidini yo'qotib, namlikni o'ziga tortadi. Ular o'z sifatini yo'qotmasligi uchun qattiq qog'ozga yoki folgaga o'rab qo'ying.

loading...