O’zLiDeP: «Milliy Tiklanish» bizga yelimdek yopishib olgan»

0

Sportda aniqrog'i ko'pchilik muxlislarga ega futbolda nisbatan kuchsiz, tanilmagan biror jamoa yulduz futbolchilar jamlangan, butun dunyoda muxlislariga ega bo'lgan mashhur terma jamoalar bilan bellashishni orzu qiladi va shunga intiladi. Nega? Chunki, ular shu orqali tezroq tanilish mumkinligini yaxshi bilishadi, deb yozadi O’zLiDeP matbuot xizmati.

“Milliy tiklanish” partiyasining bugungi xatti-harakatlarini ham shunga mengzash mumkin. Chunki ular XDP yoki ”Adolat” partiyalari bir chetda qolib, aynan O‘zLiDePga yelimdek yopishib olishgan. Partiyamizning har bir qadamini poylab yurishibdi, desak ham mubolag'a bo'lmaydi.

Ayni daqiqalarda ham “Milliy tiklanish” Rasul Kusherbayev orqali partiyamizga tosh otishda davom etmoqda. Boya aytganimdek, kuchlilar mavqeidan foydalanib obro' orttirish “missiyasi” davom etmoqda. Lekin R. Kusherbayevni maqolasi yuzasidan MT axborot xizmatining javobida bir qator tushunmovchiliklar mavjud.

Birinchidan, maqolada “Rasul Kusherbayev zimmasiga navbatdagi nozik topshiriq yuklatilgan ko'rinadi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu safar hurmatli deputatimizga “Artel” kompaniyasi vakillarining “Milliy tiklanish”ga a'zo bo'lganlari sababini aniqlash va omma orasida ushbu harakatga nisbatan salbiy fikrni shakllantirish vazifasi qo'yilganmish” degan juda kulgili jumlalar yozilgan.

Ushbu so'zlarni o'qib, quyidagi fikrlarni aytib o'tmaslikning iloji yo'q. Avvalo Rasul Kusherbayev birovni gapi yoki ko'rsatmasi bilan ish qiladigan deputat emasligini ko'pchilik juda yaxshi biladi. Maqola avvalida “…o'z saylovchilari e'tiborini qozongan, parlamentda esa “o'jar deputat” sifatida nom qozongan” deb buni MT axborot xizmatidagi mutasaddilar alohida e'tirof etishganku. Nega o'zingizni gapingizga o'zingiz qarshi chiqayapsiz degimiz keladi, ularga qarab.

Ikkinchidan, “Milliy tiklanish” “Artel” kompaniyasi rahbarini a'zo qilib, uni ko'z-ko'z qilishdan maqsadi nima? Agar masalaga ongli ravishda yondashadigan bo'lsak, ushbu tashabbus ortida kompaniyaning ming-minglab ishchilarini boshliq ortidan shu partiyaga “ixtiyoriy majburiy” a'zo bo'lishga da'vat etishning uchqunlari yaqqol sezilib qoladi.

Yana bir tushunmagan joyimiz bor. “Milliy tiklanish” vakillari R. Kusherbayev xalq uchun, saylovchilari uchun biror foydali ish qilsa, bunga O‘zLiDePni aloqasi yo'q, deb ayuhannos solishadi. Partiya qolib deputatimizni ko'klarga ko'tarishganini bir necha marta guvohi ham bo'ldik. Endi esa Rasul Kusherbayevning MTga nisbatan bildirgan mutlaqo shaxsiy va xolis fikrini shakllanishida O‘zLiDeP “buyurtmachi” emish! Qani bu yerda mantiq? Bunday ikkiyuzlamachilik, soxta reklama kimga kerak? Xo'sh, “Milliy tiklanish” partiyasining bunday yengil-elpi, tuturiqsiz munosabatlardan asl muddasi nima?

Takror va takror aytishdan charchamaymiz. Ular o'z tasavvurlaridagi “Milliy tiklanishning yorug' kelajagini” O‘zLiDeP nomidan ko'r-ko'rona foydalanib yaratishmoqchi, shekilli!

Tamom!