“AJDAHO” ChANGALIDA… (11-qism. Oxiri)

0

 

 

* * *

 

— Latta, negadir Tanya bugun ko'rinmadimi? — tashqariga chiqishgach, so'radi Yo'ldosh. — Qo'ng'iroq qilib ko'r-chi!

— Aniqladim-ku, lekin…

— Nima lekin?

— Tanya jinnixonaga tushib qolganmish.

— Jinnixonaga?.. — birdan Yo'ldoshning qoshlari chimirilib Lattaga yaqin bordi. — Kim aytdi bu gapni senga?

— Uyiga qo'ng'iroq qilgandim. Onasi go'shakni ko'tardi. Aytishicha, qandaydir oq xalatli erkaklar bostirib kirishganmish-da, oyoq-qo'lini boylab olib ketishganmish. So'rasa, «Qizingiz ruhiy kasal, jinnixonaga yotqizmasa bo'lmaydi. Buyruq shunday» deb javob qilishganmish.

— Obbo itlar-ey!.. Shunaqami? Bu Goganing ishi bo'lmasin tag'in… Mayli, ketdik, o'sha yerda aniqlaymiz!..

Mashinalar o'qday uchgancha Goganing dala hovlisiga yaqinlashib kela boshladi.

— Shu yerda to'xtat! — haydovchiga buyurdi Yo'ldosh dala hovliga ikki yuz metrlar qolganda. — Oldindagi mashinaga xabar ber, gruzinni shu yerga chaqirib kelsin!

— Xo'p bo'ladi, boss!..

Rustam esa, hayron bo'lib Yo'ldoshga tikildi.

— Nega? To'g'ri kirib boraversak bo'lmasmidi?

— E, do'stim, bularning o'yinini bilmaysan. To'g'ri kirib borsak-u, bu itlar miltig'ini o'qlab tayyor turgan bo'lsa, g'aflatda qolamiz. Bo'lgan shunday voqealar. Bu yerda bo'lsa, qay ahvolda kelayotganini bemalol ko'rib turamiz…

Oradan o'n-o'n besh daqiqalar o'tgach, uzoqdan Goganing qora «Mersedes»i ko'rindi.

— Ana, ko'rdingmi?! — imladi Yo'ldosh. — Mana shu nusxa Goga deganlari bo'ladi. Juda ayyor hisoblaydi-ku o'zini, ammo g'irt latta. Hech narsani qoyillata olmaydi. Qovun tushirib qo'yaveradi har safar.

— O, do'stim! — mashina kelib Yo'ldoshning yaqinida to'xtagach, Goga tusha solib unga quchog'ini ochdi. — Ishonsang, seni juda sog'ingandim! Kel, bir bag'rimga bosay!..

Yo'ldosh o'zini hiyla chetga oldi. Shu tobda gruzin bilan quchoq ochib ko'rishishni sira istamasdi.

— Undan ko'ra, ayt, Semenni nega o'ldirding? — so'radi u hamon cho'ntakdan qo'lini chiqarmay. — Tanya nega jinnixonaga tushib qoldi?..

— Bu nima deganing, Rinad? — qo'llari havoda muallaq qolib achchiqlana boshlagan Goga taqqa to'xtadi. — Qaysi Semen?.. Men taniymanmi o'zi uni?..

— Juda yaxshi taniysan. Ikkovlashib aysh qilganlaringga ko'p bo'lgani yo'q.

— Ha-a, anavi mishiqini aytayapsanmi? — qo'l siltab qo'ydi Goga. — O'shaning oti Semenmidi? Vey, xafa bo'lmagin-u, lekin senday aqlli, ishbilarmon yigit qayoqdagi chuvrindilarni ishlatib yurganingga hayronman.

— Tushuntiribroq gapir!

— O'sha mishiqi oldimga kelib ustingdan arz qilganini bilasanmi? Bilmaysan. Rinadni o'ldirmoqchiman, yordam bering! Deyaverib hol-jonimga qo'ymadi ablah! To'g'risi, do'stimsan. Juda jahlim chiqdi. Mana senga o'ldirish dedim-u, o'zini… Haligiday… Sen mendan xafa bo'lma! Men hech qachon do'stlarga xiyonat qilmayman.

— Shunaqa degin? — Gogaga ma'noli boqib so'rashda davom etdi Yo'ldosh. — Unda Tanyani nima uchun jinnixonaga tiqding?..

— Bunisi endi ortiqcha. Men unaqangi mayda-chuyda ishlar bilan shug'ullanmayman.

— O'zingni ayyorlikka solmay qo'yaqol!.. Baribir ayyorlikni eplayolmaysan. Sen shu yo'l bilan meni sindirmoqchi bo'lgansan. Biroq esingda bo'lsin, men qayoqdagi ayolni deb sochini yuladiganlardan emasman. Sen shuni bilmay turib o'zingcha ish tutibsanmi, bilib qo'y, har bir jabr ko'rgan odamlarim uchun sening ikkitadan yigiting yer tishlaydi. Bunga men va'da beraman… Agar ko'ngilsizlik yuz berishini istamasang, hoziroq buyur, qizni joyiga qaytarishsin! Men uzoq kutishni yomon ko'raman. Qani, ketdik, yigitlar!..

Goga Yo'ldoshga tegishli mashinalar uzoqlashib ketgandan keyin ham ancha vaqtgacha bir yerda muallaq turib qoldi…

Turdi, turdi… Oxiri beixtiyor boshini ko'tarib qo'llarini musht qilib oldinga cho'zgancha mashinalar ortidan qichqirdi:

— Mana senga!.. Hali shoshmay tur, shunday to'rga ilintirayki sen o'zbakni!..

 

* * *

 

«Ko'rmaganning ko'rgani qursin» ekan.

Yo'lda mashinalarni to'xtatib kun ko'rib yurgan Rustam birdaniga katta imkoniyatlar, boyliklar og'ushida qolishini tushida ham ko'rmagan ekanmi, hovliqib qoldi. Avval qaradi. Yo'ldosh unga o'ziga ishonganday ishonadi. Qo'l ostida bir guruh yigitlar. Har biri devday-devday bo'lsa-da, bir og'iz so'zini ikki qilishmaydi. Doimo xizmatga shay. Qolaversa, Rustam uchun pul tomon boshlab boradigan barcha yo'llar ochiq. Axir, bir militsionerga bundan ortiq baxt bormi!..

— Bir paytlar yuvoshgina bo'lib yurardi. — kabinetida o'tirib o'ylardi Rustam. — Biror ishni qoyillatganiniyam eslay olmayman. Tanish-bilishining ham tayini yo'q edi. Endi bo'lsa, shahar so'rab o'tiribdi. Voy yaramas-ey, qanday qilib bu narsalarga erishdiykin?.. Kim yordam berdiykin?.. Shunday polkovnik tog'am ham mafiyaga aralasha olmagan bo'lardi… Yo'-o'q, bu yerda bir gap bor… To'xta, nega endi shunday imkoniyatdan foydalanib qolmasligim kerak?.. Unda bor nafs menda yo'qmi? E, ja bersa, qancha berardi? Qo'l bilan berganga qush to'ymaydi baribir. O'zim ham harakat qilishim kerakka o'xshaydi. Yo anavi gruzinni ishga solsammikan? Harqalay, ikkovi yovlashgan ekan. Qolaversa, pul hech qachon ortiqchalik qilmasligini bu mafiyachilar ja yaxshi bilishadi…

Ha, xuddi shunday qilaman. Hozir sekin boraman-da, gruzindan gap olib ko'raman. Mabodo kelishib qolsak, marra meniki. Omadim kulsa, Yo'ldoshni o'yindan chiqarib, barcha boyliklariga o'zim ega chiqarman. Ishqilib, sharmanda qilmagin-da, Xudoyim!..

Rustam dast o'rnidan turdi-da, derazadan tashqariga qaradi. Shomga yaqinlashib qolibdi. Shoshilmasa bo'lmaydi. Yo'ldosh qayoqqadir ish bilan ketgandi. Hali zamon kelib qolishi tayin.

— Hoy Latta! — derazaning bir qanotini ochib darvozaxonada kim bilandir gaplashib turgan barvasta yigitni chaqirdi Rustam.

— Labbay!

— Mashina tayyorlab qo'y, men shoshilinch bir joyga borib kelishim kerak!

— Mashina tayyor, shef! — javob qildi Latta. — Soqchi ham olasizmi?

— Ha, Barvastani ayt, to'pponchasini olib mashinaga o'tirsin!..

Rustam egniga Yo'ldosh sovg'a qilgan qimmatbaho kostyumni kiyib, ichki cho'ntagiga naganni joyladi-da, yo'l-yo'lakay o'zicha yuziga fotiha tortib hovliga chiqdi.

Bu paytda Tanya ro'para xonada o'tirgancha nimalarnidir hisob-kitob qilish bilan band edi. Rustamning shoshilinch chiqib ketganidan negadir shubhalanib hovliga chiqdi. Darvoza oldida Latta bamaylaxotir qahva ichib turardi.

— Rustam qaerga ketdi? — turgan yerida so'radi Tanya.

— Bilmadim. Mengayam hech narsa demay jo'nab ketdi.

— Siz darhol orqasidan tushishingiz lozim. Agar biror kor-hol bo'lsa, Rinad hammamizni jazolaydi.

— Axir… — Latta bosh qashiy-qashiy Tanyaga boqdi. — Qanday bo'larkin? Nima bo'lgandayam akaning yaqin do'sti…

— Bizning ishda hushyorlik kerakligini mendan yaxshi bilasiz-ku!.. Iltimos, orqasidan kuzatib boring! Hali zamon Rinad kelib qoladi…

— Xo'p, hoziroq tushaman ortidan!..

 

* * *

 

Vaqt xuftonga yaqinlashib qolgan. Yo'ldosh shu kuni tog' yon bag'ridagi dala hovlisida dam olib qaytardi.

Kun bo'yi hordiq chiqargan bo'lsa-da, baribir charchagan.

Orqa o'rindiqqa o'zini tashlagancha ko'zlarini yumgan ko'yi chayqalib borardi. Xayollari esa, butkul chalkashib ketgan. Goh Mavjudani Quvondiqning quchog'ida tasavvur qilib ijirg'ansa, goh qizchasini ko'z oldiga keltiradi. Xayolida u allaqachon chopqillab ketgan-u, podyezd ro'parasida dadasini ko'rib yugurgilagancha kelib bo'yniga osiladi.

Shularni o'ylaganda Yo'ldosh ma'yus jilmayib oladi…

Bir mahal cho'ntagidagi telefon bezovta jiringladi. Shoshib boshini ko'tardi-da, telefonni olib qulog'iga tutdi.

— Allo, kim?

— Bu men — Boryaman, aka!..

Yo'ldosh tanish ovozni eshitib kulib qo'ydi.

— Ha, senmisan, Latta? Nima gap?

— Ko'ngilsizlik!

— Nima? Yana qanaqa ko'ngilsizlik?

— Rustam sizni sotdi, aka!

— Rustam?.. Nima qilib sotadi u?

— Bilmadim… Miyasida qanday o'ylar borligini bilmayman. Lekin… Hozir Goganikiga kirib ketdi. Mashinaniyam tashqarida qoldirmay, ichkariga qo'ydi. Nima qilay?

— Sen kuzatishda davom et, men hozir yetib boraman!

— Tushundim.

— Hayda tezroq mashinani! — haydovchiga baqirdi Yo'ldosh. — Namuncha ammamning buzog'iga o'xshab yo'rg'alatmasang? Hayda!..

 

* * *

 

Yo'ldosh ko'zlangan manzilga yetib kelganda, Goga yigitlari qurshovida turar, qovoqlari uyilgan, nimadandir qattiq ranjiganini sovuq nigohlaridan bilib olish qiyin emasdi.

— Sen, og'ayni, qachon mening huzurimga xufiyalar yuborishni bas qilasan-a? — Yo'ldosh hali yaqinlashib ulgurmay, uni so'roqqa tuta ketdi Goga. — Seni hurmat qilsam, ko'rishib qolganda og'alardek qarshi olsam. Sen-chi?.. Bittasini yubording, indamadim. Endi ikkinchisini… Mendan nima istaysan o'zi-a?..

Yo'ldosh avvaliga tushunmadi. Axir, bu gruzin nima demoqchi?.. Nimaga sha'ma qilayapti?.. Yo Rustam bilan allaqachon til biriktirib navbatdagi ayyorligini ko'rsatmoqchimi?

— Ko'rsatib bo'psan! — xayolidan o'tkazdi u Gogaga yer ostidan o'g'rincha tikilib. — Sendaqalarning ko'pini ko'rib qo'ydim. Bu nomaring o'tmaydi menga!

— Kimga indamading? — Yo'ldosh Gogadan ikki metr naridan to'xtagandi. Turgan yerida savolga savol bilan javob qaytardi. — Kimga?..

— Kimga bo'lardi, do'stim? Semenni nazarda tutayapman. Axir, o'shaniyam sen yuborgansan! Bo'yningga olsang bo'lardi…

— Menga qara, men hech kimni xufiya qilib yuborgan emasman. Bunga zarurat ham yo'q. Chunki, men yolg'iz Xudoga, qolaversa, o'zimga ishonaman. Ba'zilarga o'xshab qo'rqoq emasman. Birinchi bo'lib hech qachon musht ko'tarmayman. Sen esa, bunaqangi mayda-chuyda gaplaringni yig'ishtirsang bo'lardi. Harqalay, bilasan, Semenni o'ldirganingni haliyam sir tutib kelayapman. Menam erkaklik qilib hech qaerga xabar bermadim.

— Xabar berolmaysanam.

— Nega endi? Xabar berishim ham mumkin.

— Vey, oshna, bunaqangi iflos ishlar ikkalamizniyam bo'ynimizda bor. Nima kerak pachakalashish?.. Yaxshisi, bugungi Rustam degan yigiting menikiga nima maqsadda kelganini ayt!..

— Rustam?.. Men ham xuddi shu narsani bilish uchun kelgandim.

— Yo'g'-e…

— Ha, hozirgina menga xabar qilishdi. Rustam sening oldingga panoh izlab kelganmish… Qani o'zi?..

Goga ovozining boricha kulib yubordi.

— Ichkarida. — dedi kulgidan o'zini to'xtatolmay. — Ichaverib bo'kib qolmasaydi deb qo'rqaman.

— Adashmasam, ba'zi yigitlarimga sening gruzincha sharobing yoqib qolganga o'xshaydi… Ha mayli, agar malol kelmasa, meni uning oldiga boshlasang!..

— Jonim bilan, marhamat!.. Dasturxon senday do'stimga muntazir!..

Yo'ldosh endigina ostona hatlab ichkariga qadam qo'ymoqchi ham bo'lgan ediki, telefon jiringladi.

— Bir daqiqa!..

U telefonni qulog'iga to'g'rilab jahl aralash so'radi.

— Kim?

— Quvondiq akang-da, kim bo'lardi?!.. — tanish ovoz eshitildi go'shakdan. — Hoziroq orqaga qarab yugur! Yo'qsa, halok bo'lasan.

— Nega? Tinchlikmi?

— Darvozadan ikki metr narida Rustam haydab kelgan mashina turibdi. Unga atayin portlovchi modda o'rnatib qo'yishgan. Maxsus sen uchun… Joningdan umiding bo'lsa, orqangga qayt!.. Ha, yana bir gap. Har ehtimolga qarshi o'zingning mashinanggamas, narigisiga o'tir!..

Yo'ldosh telefonni cho'ntagiga qaytadan joylarkan, qurolli yigitlarni avvalgi safargidek yig'ib kelmaganiga afsus qildi…

— Goga, zarur ish chiqib qoldi. — dedi qo'lini ko'ksiga qo'yib. — Rustam bilan keyingi gal gaplasharman. Hozir shoshilinch ofisga bormasam bo'lmaydi…

Bu gapni eshitib Goganing rangi o'zgardi…

Lekin indamadi.

— Nimayam derdik? — yigitlaridan biriga ma'noli qarab qo'ygach, Yo'ldoshning yelkasiga qoqdi u. — Bugun antiqa sovg'a tayyorlab qo'ygandim sen uchun. Na iloj? Kelasi safar kelib olib ketarsan…

Bunday lahzalarda qanday harakatlanish lozimligini Yo'ldosh yaxshi biladi. Mafiya o'zi shunaqa. Kim oldindan harakatini yaxshilasa, o'sha jangsiz ham yutib ketaveradi. Hozir Yo'ldosh ojiz edi. Yonida sanoqligina yigitlar. Buning ustiga ularda to'pponchadan bo'lak hech vaqo yo'q. Agar Goga istasa, hammalarini yer tishlatishi mumkin. Albatta, ko'chadamas, ochiqchasiga ham emas…

Quvondiq aka vaqtida xabar qilib qoldi. Bo'lmasa, hovliga kirishlari bilan hammalari yer tishlashar, Goga bo'lsa, buni ko'ngilsiz voqeaga yo'yardi-da, suvdan quruq chiqib qo'ya qolardi…

Yo'ldosh soqchilar hamrohligida boshqa mashinaga o'tirib yo'lga tushdi. Orqadagilar bo'lsa, tezlikni oshirmasdan, Goga tomondagilarni kuzatish bilan ovora edi…

— To'xtanglar! Meni tashlab ketmanglar!..

Yo'ldosh tanish ovozni eshitib orqasiga o'girildi. Uzoqdan ich kiyimlarda, oyoq yalang holda Rustam chopib kelar, nuqul qichqirib qo'l siltardi.

— Orqadagi mashinaga qo'ng'iroq qil! — haydovchiga buyurdi Yo'lddosh. — Rustamni olib bizning ortimizdan yurishsin!..

Mashina uning ko'rsatmasi bilan o'rmon ichkarisiga burildi…

Ancha yurib borishgach, Yo'ldosh mashinani to'xtatib tashqariga chiqdi. Keyingi mashinadan Rustamni Latta yetaklab chiqdi.

Yo'ldosh unga yaqin bordi-da, ko'zlariga boqdi.

Rustam boshini yerdan ko'tarolmas, ko'zlaridan shashqator yosh oqib tushardi.

— Senga achinaman. — dedi nihoyat o'rtadagi jimlikni buzib. — Qiyin, senga judayam qiyin!.. Mayli, bo'lar ish bo'pti. Nimayam derdim? Harqalay, kursdosh do'stimsan. Yaxshilik qilmoqchi bo'lgandim. O'xshamadi. Na iloj?.. Yo'q, yo'q, sen qo'rqma, o'ldirmayman seni!.. Shunchaki… Mana shu o'rmon icharisiga qo'yib yuboraman. Agar yo'l topib chiqib ketolsang, sening baxting. Chiqib ketolmasang, mendan o'pkalama!.. Boraver, hov anavi so'qmoqdan yursang, to'g'ri yo'lga boshlaydi. Bor!..

Rustam bir muddat Yo'ldoshning ko'zlariga umidvor termulib turdi-da, kutilmaganda ko'rsatilgan so'qmoq bo'ylab chopib ketdi.

Yo'ldosh esa, u yigirma qadamlar uzoqlashgach, yonidagi yigitga ishora qildi…

To'pponchaning uch qismiga o'rnatilgan ovoz pasaytirgich, o'q tovushini xamirdan qil sug'urgandek jimgina chiqarib berardi…

Tepki ikkinchi marotaba bosilgach, Rustam chalqancha quladi…

— Hammangning yodingda bo'lsin! — dedi Yo'ldosh atrofidagi yigitlarga bir-bir qarab chiqarkan. — Men hech qachon sotqinlarni kechirmayman!.. Qani, ketdik!..

 

* * *

 

Shuncha paytdan beri turli to'siqlarga, qotilliklarga ro'baro' bo'lib ko'nikkan Yo'ldosh shu kuni qilgan ishlariga pushaymonligini his etdi. Bilmaydi. Nega birdaniga pushmon yeya boshladi?!. Rustam ketma-ket uzilgan o'q zarbidan so'ng so'qmoq osha qulagach, ancha vaqtlardan beri ilk bor yuragi achishib, o'zidan o'zi nafratlanib ketdi.

— Men shu yoshga kirib nimaga erishdim? — mashinada uyi tomon ketib borarkan, o'ylardi u. — Mayli, boyligimning hisobi yo'q ham deylik. Hamma qo'l ostimdagilar qarshimda qo'l qovushtirib turishadi. Hamma mendan qo'rqadi. Davlat tashkilotlari teginishmaydi, ishlarimga xalal berishmaydi. Ammo Xudo-chi? Xudoning oldida nima deb javob qilarkanman? Ana, sotqinlikka, yana boshqa kimlargadir yo'yib qancha-qancha kimsalarning yostig'ini quritdim. Nimaga? Boylikka, faqatgina shu iflos pullarga ega bo'lish uchunmi?.. Yo'q, ortiq bu yo'ldan borolmayman. Endi… Endi bu yorug' dunyoda tanho umr kechiraman. Uzoq-uzoqlarga, turli yoqimsiz basharalardan yiroqlarga bosh olib ketaman-u, o'zim uchun yashayveraman…

— O', Rinad, seni anchadan beri kutayotgandim!..

Yo'ldosh mashinadan tushiboq darvoza oldida mashinasiga suyangancha kulib turgan Quvondiq akani ko'rib yanada kayfiyati yomonlashdi.

Lekin sir boy bermadi. Har galgidek quchoq ochib ko'rishdi. Mehmonni ichkariga taklif etdi.

— Bizning oldimizga hech kimni kiritma! — ostona hatlab o'tayotib Lattaga buyurdi u. — Zarur gaplarimiz bor…

Shohona bezatilgan dasturxon atrofiga o'tirishgach esa, Yo'ldosh masalani ko'ndalang qo'ydi.

— Men bu o'yindan chiqaman. — dedi u iloji boricha Quvondiq akaning yuziga boqmaslikka urinib.

— Nega? Nima bo'ldi senga?..

— Charchadim… To'g'risi, charchatishdi…

— Shunaqa degin?..

Quvondiq aka bosh qashib unga qattiqroq tikildi.

— Xo'sh, o'yindan chiqib keyin nima qilmoqchisan? Tag'in militsiyangga qaytasanmi? Ular seni ko'rishsa, naq jon berib qo'ya qolishadi. Axir, u yoqdagilar uchun sen o'lgansan!..

— Militsiyada pishirib qo'yibdimi?.. Boshim oqqan tomonlarga ketaman-u, tanho hayot kechiraman.

— Oilang-chi? Ularni olib ketmaysanmi?..

Bu gapni eshitgan Yo'ldosh yalt etib Quvondiq akaga qaradi.

— Qanaqa oila? Ustimdan kulayapsizmi?

— Ie, men sening ustingdan kulamanmi? O'ylab gapir! Oilangga bor haqiqatni aytganman.

— Nimani aytasiz? O'lganimnimi?

— O'zingni go'llikka solma! Poylab borganing, Mavjuda bilan uchrashganingni bilmaydi deb o'ylaysanmi?

— Ha-a, ana endi o'zingiz yorildingiz!.. Adashmasam, siz uylanib olgan emasmisiz unga?

— Nima?.. Yo alhazar! Axir, mening gulday farzandlarim bor. Qayoqdan olding bu gaplarni?.. Kelib-kelib senga…

— O'sha borgan kunim sizni u bilan birga chiqib ketayotganingizni ko'rgandim. Tinchlantirgandingiz, so'ngra mashinaga o'tqazib qaergadir olib ketgandingiz.

Quvondiq aka beixtiyor kulib yubordi.

— Obbo sen-ey!.. Hali mendan gumon qilib yuribman degin? Obbo xumpar-ey!.. Yo'q, men o'sha kuni sening o'lmaganingni aytish uchun uyingga borgandim. Ha endi, biroz charchaganim uchunmi, do'konga chiqib konyak opkelishni xotiningdan iltimos qildim. U chiqib ketdi-yu… Haligiday, seni ko'rib sal qursa o'zi o'lib ketayozdi… Baribir, o'ldi deb aytilgan odam bilan ro'baro' bo'lish qiyin-da tiriklarga!.. Bilasanmi, o'sha Mavjudangga tan berdim. O'ldi deb aytganimdayam ishonmagandi… Senga sodiq qolib uydan ko'chaga chiqmay o'tiribdi sho'rlik. Baribir qaytib kelishingga umid bog'labdi. Eh, tirik ekaningni aytganimda qanday xursand bo'lganini, o'ziga kelgach, albatta, qanday yig'laganini bilsayding!.. Sen bo'lsang, bosh olib ketaman deysan. E'tiboring uchun, qizchang ham allaqachon tetapoya bo'lib, dada deyishni o'rganib olgan…

— Demak… Siz menga xiyonat qilmagansiz-a?.. — Yo'ldosh o'rnidan turdi-da, stolni aylanib o'tib Quvondiq akaning tepasiga keldi. — Demak… U turmushga chiqmagan, shundaymi?..

Quvondiq aka javob o'rniga uni bag'riga bosdi.

— Yo'q, albatta, do'stim!.. U sadoqatli. Umuman, senga o'zini do'st deb bilganlarning hammasi sadoqatli. Men o'shanda yolg'on gapirdim. Buni tan olaman. Shunday qilishim shart edi. Agar turmushga chiqmagan, seni kutayapti, desam, xayoling bo'linardi, bu yerdagi ishlarimiz chappa bo'lishi mumkin edi…

— Siz… Juda ayyor odamsiz. — dedi Yo'ldosh kulib. — Pixini yorganlardansiz!..

— Ishimiz shunaqa. Ayyor bo'lmasak, jinoyatchilarni qanday tutamiz?!. Xo'sh, buyog'iga qanday rejalar bor, yigit?..

— Buyog'igami?.. Nimani… Nazarda tutayapsiz?

— Pullarni… Boyliklarni nazarda tutayapman.

— Ha-a, gap buyoqda deng?.. Men bir qarorga kelib qo'ydim, aka. Pullarni… Hamma boyliklarni bolalar uylariga, nogiron bolalar internatlariga taqdim qilsammi devdim.

— Otangga balli!.. Nihoyat, shuncha mehnatlarim, to'kkan terlarim behuda ketmaydigan bo'ldi.

— Nima, siz ham shu haqda o'ylaganmidingiz?

— Bo'lmasa-chi?!. Seni bu yerlarga olib kelib mana shu ishlarga jalb qilishdan maqsadim aynan shu edi. Biz qariya rahmatli bilan uzoq vaqt muzokaralar olib borganmiz. Sho'rlik Valera amaki uyoqlarda birontayam do'st, yaqin odam topolmay o'tib ketdi. Shuning uchun men unga ayni sen aytgan gaplarni taklif qilib kiritgandim. O'ylay-o'ylay rozi bo'ldi… Mana, adashmabman. Sen aqlli, mardligingni yana bir bor isbotlading!.. Malades, o'g'il bola!.. Unda pullarni o'z yurtimizdagi mehribonlik uylari hisob raqamlariga o'tkazamiz-u, bolalarni xursand qilamiz. Lekin o'zinggayam tirikchilik uchun olib qolishni unutma!.. Mehnatingga yarasha…

— Siz-chi? Sizgayam…

— Mendan ko'nglingni to'q qil!.. Meniki yetarli. O'shandayam bir milyonni o'zim uchun so'radi deb o'ylaysanmi? Uniyam bolalarimiz uchun so'raganman… Mayli, gapni kalta qilaylik. Ishlarni yo'lga qo'ygach, sen mening tashkilotimda ishlaysan.

— Aslo! — dedi Yo'ldosh qo'l siltab.

— Nega?

— Men Mirzacho'l tomonlarga ketib alamdan chiqquncha dehqonchilik qilmoqchiman. Harqalay, ota kasbim. Bir kunimni o'tkazaman. Faqat… Mavjudam, Mavludam yonimda bo'lishsa bas…

— Yoningda bo'lmay, qaerda bo'lishardi… Xo'p, unda men ketdim. Sen bilan ona yurtda uchrashamiz. Omon bo'l!..

 

SO'NGSO'Z O'RNIDA

 

Yo'ldosh ertasi kuniyoq banklardagi pullarni o'zi yashab turgan shahar banklariga o'tkazdi va vatanga jo'nadi. Qo'l ostida ishlagan yigitlarni ham norozi qilmadi.

Hammalari o'z ulushlarini olishdi…

Aeroportda esa, Mavjuda allaqachon qizchasini yoniga olib umrining mazmuni — Yo'ldoshni intizor bo'lib kutardi.

(Tamom)

Olimjon HAYIT