Karate bo'yicha O'zbekiston Kubogida yuz bergan tartibsizlik yuzasidan tegishli choralar ko'rildi!

0

2019 yil 16 oktyabr kuni soat taxminan 17:00larda Toshkent shahridagi «Universal» sport saroyida bo'lib o'tayotgan karate bo'yicha o'smirlar, yoshlar va kattalar o'rtasidagi O'zbekiston kubogi musobaqasida nizoli holat kelib chiqqan.

Unda musobaqa hakami Bo'riyev Azizbek Eshboyevich, Toshkent viloyati «Chempion» karate sport klubi treneri Yusupov Dilshod Ma'rupovich hamda Surxondaryo viloyati karate milliy federatsiyasi treneri Ismatullayev Abdulaziz Inoyatullayevichlar o'rtasida musobaqa yakuniy natijasi yuzasidan o'zaro tortishuv kelib chiqqan. Mazkur kelishmovchilik oqibatida biron bir shaxs tan jarohati olmagan. Ushbu holat yuzasidan O'zbekiston karate milliy federatsiyasi rayosati yuqoridagi sport mutaxassislariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi.

Tekshiruv yakuni yuzasidan O'zbekiston karate milliy federatsiyasi hakami Bo'riyev A.E.ni ikki yilga hakamlik ish faoliyatidan chetlashtirish, Surxondaryo viloyat karate milliy federatsiyasi treneri Ismatullayev A.I.ni uch yilga va Toshkent viloyati «Chempion» karate sport klubi treneri Yusupov D.M.ni ikki yilga trenerlik faoliyatidan chetlashtirish haqida qaror qabul qilindi. Musobaqa bosh hakami Qoraboyev Qosimjon Hoshimovichga esa hayfsan e'lon qilindi.

O'z navbatida O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holat ishtirokchisi, karate bo'yicha O'zbekiston o'smirlar milliy terma jamoasi katta treneri hamda oliy toifali trener (2018 yil 19 noyabrdagi 985-sonli buyruq, guvohnoma raqami №0158) Bo'riyev A.E. Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari to'g'risidagi nizomga ko'ra ma'naviy-axloqiy va boshqa normalarni buzilganligi sababli milliy terma jamoa tarkibidan chiqarildi.

O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holatni o'z nazoratiga olgan.