KILLER… (1-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Toshkentning serqatnov ko'chalarida har kungidek odamlar dengiz kabi oqardi. Hamma qayoqqadir shoshadi. Kimdir yonidagi hamrohi bilan nimalardir to'g'risida bahslashib boradi. Yana kimdir o'zicha g'udranib, hayotdan nolib qo'yadi…

Ko'cha yuzida ko'p qavatli uylar ko'p. Hammasida odamlar yashaydi. Ular ham o'z tashvishlariga ko'milib yashashadi. Hatto, qo'shnidan hol so'rashga ham vaqtlari yo'q. Balki vaqtlari bordir…

Mehr yetishmasa kerak ularda…

Shu uylarning bir burchida o'n yoshlar chamasidagi bir bola o'tirardi. Sochlari yuvilmaganidan pataklashib ketgan. Kiyimlari ming bir yamoq. Har-qalay, yoz kuni bo'lgani sabab, u oyog'iga hech narsa kiymabdi. Kim biladi? Balki kiyishga poyafzali yo'qdir?..

Bu bolakayning ismi Vadim. Ota-onasi yaqinda ichkilik tufayli o'lib ketishdi. Yana ikkoviyam bir kunda olamdan o'tdi. Qamoqxonama-qamoqxona yuraverib, ikkovining ham diydasi qotib ketgandi. Rossiyaning qaysidir shahridan kelib qolishgandi bir vaqtlar. Ularning qarindoshi ham yo'q edi…

Vadim ana o'shalarning kasriga qoldi. Bolani turli bahonalar bilan qattiq kaltaklashardi. Shu sababli har ichishganda xuddi mana shu yerda tunab jon saqlardi. Afsuski, bir kun kelib o'z uyida yashab qolish baxtidan-da mahrum bo'lishini bilmagan…

Piyonistalar kvartirani ham sotib ichib yuborishgach, shu burchak unga bir umrlik panoh bo'lib qolayotganini sezdi. Hali yosh. Ota-onasi ko'chada o'lib qolishganini ham bilmay qoldi. Qo'shnilar sekin aytishgandi. Aqli yetmadimi yo mehri yo'qligidanmi, bosh egib qo'ya qoldi…

Mana, burchakda kechayu-kunduz jon saqlay boshlaganiga ikki hafta bo'ldi. Qo'ni-qo'shnilarining hammasi o'rislar. Bu bolakayga bir-ikki marta non-suv berib yurishdi. Lekin vaqt o'tib hech kimga keragi bo'lmay qoldi…

Qorni tatalab ketganda, nodon bola sekin axlatxonaga borib, o'sha yerdan qotgan-qutgan, sasigan nonlarni terib, qorin to'ydirardi.

Xudo saqladi uni. Axlatxona titib, hali kasal bo'lgani yo'q…

Vadim ancha vaqt o'tirib qoldi. Erta tongda axlatxonaga borib kelgandi. Hozircha qorni ochmadi…

Ammo hayot yosh go'dakni ham asta hushyor torttirib borarkan. Kechki tanovul haqida bosh qotira boshladi…

Xo'sh, axlatxonaga borsa-yu, anavi piyonista daydilar yana ola qaray boshlashsa-chi? Umuman yaqin keltirishmasa-chi?..

Sekin o'rnidan turib, kirligidan hidlanib ketgan shalvari cho'ntagiga qo'lini soldi-da, atrofni kuzata boshladi…

Yaqin orada do'konlardan bo'lak hech narsa ko'rinmadi. Vadim nariroq borib ko'rmoqchi bo'ldi. Adashib qolishiga aqli yetmadi. Yurgan sari tobora qiziqsinib, nari ketaverdi…

Shu ko'yi bir chaqirimcha yo'l bosib qo'ydi.

Ro'parada katta bozor bor ekan. Vadim o'sha tomonga qarab yurdi. Kiraverishda xo'ppa semiz bir erkak gumma sotayotgandi. O'shaning ro'parasiga borib og'zini ochgancha tikilib turaverdi.

— Ha, bola, senga nima kerak? — erkak ijirg'anib Vadimga qaradi. — Bor, toshingni ter!

— Amaki… Menga anavindan bitta beri-ing!..

— Nima?.. Bor-e, nari tur dedim senga!..

— Jon amaki!..

— Puling bormi o'zi?..

Vadim tushunmay yelka qisdi.

— Puling bormi, deyapman? — qaytadan o'dag'ayladi erkak. — Yo'q bo'lsa, yo'qol, xalal berma!..

Vadim qaynoq gummalarga termulgani sari og'zidan so'lagi oqib tushadigandek tamshanardi. Lekin… Begona erkakning o'dag'aylashi uni cho'chitib qo'ydi. Indamasdan yo'lida davom etdi…

Bola haqiqatan ikki yo'l orasida edi. Qaerga borishni, kimga yalinishni bilmasdi.

Bozorda esa birov bilan birovning ishi yo'q. Kimdir xarid qilishga shoshilsa, kimdir pul ilinjida yelib-yuguradi…

Vadim aylanib yurib bozor chetidagi axlatlar uyumiga ko'zi tushib qoldi. Atrofda deyarli hech kim yo'q edi. Yugurgancha bordi. Bu yerdagi axlatlar o'zi har kuni boradigan axlatxonaga o'xshamasdi. Qay chetiga qarama, ovqat, go'sht qoldiqlari…

U jonholatda hammasini bir yelim xaltaga joyladi-da, ko'tarib ko'rdi. Ko'tarolmas ekan. O'ylay-o'ylay, sudrab ketishga qaror qildi…

Ammo bozordan chiqib ulgurmay gandiraklagancha sadaqa so'rab yurgan bir piyonista uning yo'lini to'sdi.

— To'xta!.. Q-qo'lingdagi nima?..

Vadim qo'rqib ketdi. Yo'q, u kaltak yeyishdan emas, qo'lidagilarni olib qo'yishlaridan qo'rqardi…

— M-men… Uyimizga olib ketayapman, — beixtiyor yolg'on gapirib yubordi u.

— Qani, buyoqqa ber-chi, bola!..

— Y-yo'q, bermayman!.. Qo'yvoring!..

Aksiga olgandek, Vadim turgan yer kimsasiz, odamlar juda kam o'tadigan joy edi…

Piyonista hiringlab Vadim tutgan xaltani tortar, u tortqilagan sari bola qattiqroq yig'lardi…

Oxiri kuchi yetmadi. Piyonista xaltani oldi-da, bir zumda ko'zdan g'oyib bo'ldi. Vadim och-nahor, turgan yerida qon yig'lab qolaverdi…

 

* * *

 

Pinakka ketib qolgan ekan. Vadim kimningdir turtkisidan uyg'onib ketdi.

— Ha, otaginam, bu yerda nima qilib o'tiribsan? — Vadimni oppoq soqolli, egniga ham oppoq libos kiygan bir qariya qo'lidan tortib turg'azdi. — Qorong'i tushib ketdi. Sen bo'lsang, bu yerda uxlashingni qara!.. Uying qayoqda, bolajonim?..

Vadim indamay boshini egdi.

— Nega indamaysan? Mendan qo'rqib ketdingmi, chirog'im?

— Yo'q, bobojon… Meni… Uyim yo'q…

— Ie, shunaqami?.. Obbo… Ota-onang bordir hech bo'lmasa?

— Yo'q.

— Essiz… Yetimman degin?.. Yetimlik qursin, bolam, yetimlik qursin… Menga qara, qorning ham ochib ketgandir-a?.. E, so'rab o'tirishimni. Yur-chi, men seni machitga olib boraman! O'sha yerda qorningni to'yg'azib olasan. Ha… Keyin bir gap bo'lar…

Machit bozorning shundoq biqinida ekan. Qariya uni yetaklab ichkariga olib kirdi. Ular kirib borgan hujrada hech kim yo'q edi.

— Qani, poygakka o'tir! E, barakalla!.. Manavi nonni yeb ol!..

Oppoq, bo'rsildoq nonni ancha vaqtlardan beri ko'rmagan bola og'zini to'ldirib-to'ldirib kavshanarkan, qariyaning ko'zlariga yosh keldi. Vadimning boshini silay-silay, qo'liga bir piyola choy tutqazdi…

— Ana, qorning ham to'ydi hisob. Endi-chi o'g'lim, yotib, uxla! Mana, ko'rpacha, ustingga manavisini yopib ol. Bo'lmasa kechasi sovuq yeysan! Bo'ptimi?

Vadim mamnun bosh irg'ab qo'ydi va boshini yostiqqa qo'yib ko'zlarini yumdi…

 

* * *

 

Bola shu ko'yi machitda bir hafta yashadi. Mo'min bobo unga har kuni kechqurun issiq ovqatlar olib kelar, to qornini to'yg'azguncha boshini silab o'tirardi…

Faqat… Boboning hadeganda hujra supurtirishi, har xil nasihatlar qilishi bolaga yoqinqiramasdi. Uy burchagida erkin yashab o'rgangan Vadim har gal nasihat eshitganda aftini bujmaytirib olar, shu tobda bildirmasdan qochib ketgisi kelardi…

Bir kuni atayin cholning jig'iga tegmoqchi bo'ldi-yu, hujrani supurmadi.

— Ie, bo'talog'im, hujrani tozalab qo'ymabsan-ku!.. — kulib Vadimning yelkasiga qoqdi Mo'min bobo. — Charchadingmi-a?..

Bola zarda bilan yelkasini tortib oldi.

— Ie, — hayron bo'ldi qariya. — Bu nima qilganing?.. Birontasi xafa qilib qo'ydimi men yo'g'imda? Gapir, og'zingga tolqon solvolganmisan?

— Supurmayman hujrangizni! — dedi yig'lamsirab Vadim.

— Nimaga supurmaysan?

— Ketaman machitingizdan!.. Zerikdim.

— Ie, sen bola… Ja shakkok ekansan-ku-a?.. Men senga rahmim kelib bu yerga olib kelsam-u… Obbo bachchag'ar-ey!.. Men ahmoq seni odam qilmoqchi bo'lib yuribman-a!.. Qani…

Vadim qariya so'zini tugatib ulgurmay, yugurganicha katta ko'chaga chiqib ketdi. Mo'min bobo hay-haylagancha qolaverdi…

Mo'min bobo harqalay uning egniga oppoq ko'ylak-shimlarni kiydirib qo'ygandi. Ko'rgan odam endi jirkanmasa bo'lardi…

Vadim yana to'g'ri bozorga kirib bordi. Avvalgi safar piyonista qo'lidagilarni olib qo'ygandan beri ancha qo'rqib qolgandi. Olazarak bo'lib ehtiyotkorlik bilan yurib borarkan, bir chetda astoydil tilanayotgan kampirga ko'zi tushib qoldi. Oldiga eski bir latta yozib qo'yilgan, lattaning ustida pullar ko'p edi…

Vadimning tinchi yo'qoldi. Birpas kampirni kuzatib turdi. Tilanchi unga e'tibor qilmas, ovozining boricha qandaydir duolarni o'qib o'tkinchilardan sadaqa so'rardi.

U ham qo'rqa-pisa kampirning yoniga cho'kdi. Kiyadigan matosi bo'lmagani uchun boshidagi eski kepkasini yerga qo'yib o'tgan odamning ko'ziga mo'ltirab tikilgancha o'tiraverdi…

Tilanchi kampir oldin bir-ikki Vadimga yomon qarab qo'ydi. Ammo indamadi. Oradan yarim soatlar o'tgach, ko'rdiki, o'ziga berilishi kerak bo'lgan pullarning deyarli hammasi bolaning kepkasiga kelib tushayapti.

— Hoy, tirmazak, — deya Vadim tomonga o'girildi kampir. — Pisht-e!.. Yo'qol, bu meni joyim!..

Vadim qo'rqib ketib shosha-pisha kepkadagi pullarni qo'yniga tiqdi. Lekin joyidan jilmadi.

— Bor, ket dedim! — takrorladi kampir. — Nima, qulog'ing tom bitganmi?

— Ketmayman!..

— Ie, hali gap ham qaytarasanmi? Yo'qol, bekor… O'rnimdan turib olsam, go'shtingni titib qo'yaman!..

— Titib bo'psiz! — dedi Vadim qo'ynidagi pullarni yana bir bor ushlab qo'yarkan. — Bu sizning joyingizmas…

— Otangni og'ziga… seni!.. Hozir o'rnimdan turvolay…

Tilanchi kampir o'tkinchilarga bir-ikki o'g'rincha qarab oldi-da, inqillagancha o'rnidan qo'zg'oldi.

— Turasanmi-yo'qmi?

Vadim boshini eggan ko'yi jim o'tiraverdi. G'azablangan kampir yerdagi eski kepkani tepib yubordi-da, bolaning qo'lidan tortib, o'rnidan turg'azdi.

— Bor, kuchala yegan joyingga borib kuchan!.. He, bola bo'lmay o'l!.. Meni joyim deb turibman-u, bu bo'lsa, parvoyiga keltirmaydi-ya!..

Vadim bo'shashgancha o'rnidan turib yerga sochilib ketgan mayda-chuyda pullarni terib oldi va kepkasini qo'ltig'iga qisgancha nari ketdi…

U yo'l bo'yiga chiqqach, qaerga borishini bilmay qoldi. Lekin ko'ngli to'q edi. Qo'ynida puli bor. Och qolmaydi…

Uyoq-buyoqqa o'g'rincha qarab olgach, Vadim bir chetga o'tdi. Ko'p qavatli uylardan birining shundoq biqinida ulkan chinor daraxti bor ekan. O'shaning ostiga borib qo'ynidagi pullarni yerga to'kdi. Harqalay pul sanashni bilardi. Birma-bir hisoblab ko'rdi. Ming so'mga yaqin pul ishlab qo'yibdi…

Quvonib ketdi. Shosha-pisha pullarini qaytadan qo'yniga joyladi-da, bozorga qarab chopdi.

 

***

 

Vadim endi axlatxona titish balosidan qutuldi. Ertasi kuni o'ziga kampirdan uzoqroq yerdan joy topib oldi. Bu yer ham bozor yo'lida. Vadimdan bo'lak tilanchi yo'q. Hech kim mushugini pisht demaydi…

Ana shu taxlit kunlar o'taverdi. Bola har kungi yiqqan pullarini o'zi tunaydigan uyning yerto'lasiga yashiradigan bo'ldi…

Kunlarning birida Vadim har galgidek tandir somsa yeb o'tirgandi. O'niga o'zi tengi ikki bola keldi. Ular bir muddat Vadimning somsa yeyishini kuzatib turishgach, yoniga o'tirib olishdi.

— Sen rogatkadan otishni bilasanmi? — so'radi bolalardan biri.

— Bilmasam. Otib ko'rmaganman.

— Agar somsangdan ozgina bersang, otib ko'rishga o'zimnikini berardim…

Vadim yelka qisib qo'lidagi somsaning yarmini bolaga uzatdi.

Bolalar tezda yarimta somsani bo'lishib olishdi.

— Oting nima? — so'radi oq-sariqdan kelgani.

— Vadim. O'zingniki-chi?

— Meniki Alisher. O'rtog'im Ravshan…

— Endi rogatkangni bermaysanmi? — dedi Vadim qiziqsinib.

Alisher cho'ntagidan rogatka chiqarib yangi tanishiga uzatdi. Vadim dast o'rnidan turdi-da, mayda tosh topib rogatkaga joyladi.

— Hov anavi daraxtga qo'nib turgan chumchuqni urib tushira olasanmi? — dedi Ravshan Vadimga qiziqish bilan tikilib.

— Bilmasam, hozir ko'ramiz-da!..

Vadim mo'ljallab turib rogatka cho'zmasini mahkam tortdi. Mo'ljallayotib, o'ng ko'zini qisib oldi. Ikki bola hayrat bilan unga qarab turishardi.

Nihoyat, cho'zma qo'yib yuborildi. Tosh chumchuqqa tegib, jonivor yerga quladi.

— Qoyi-il!.. — baqirib yubordi ikki bola baravariga. — Zo'rsan-ku-a!?.. Qaerda o'rgangansan?..

— Hech qaerda, — javob qildi Vadim Alisherga rogatkasini qaytib berarkan.

— Menga qara, nega kiyimlaring yirtiq, kir? Uyingdagilar olib berishmayaptimi-a yangisini?

— Mening hech kimim yo'q, — dedi Vadim bosh egib. — Uyim ham yo'q.

— Ie, qaerda yotib yuribsan unda?

Vadim uy burchagini ko'rsatdi.

— Manavi yerda…

Bolalar tushunmay, yelka qisib olishdi.

— Istaysanmi, mana shu rogatkani senga sovg'a qilaman? — Alisher rogatkani qayta cho'ntagidan chiqarib, Vadimga uzatdi. — Ma, olaver, men yangisini yasab olaman!..

— Rahmat.

— Biz-chi, hov narigi domda turamiz. Hozir senga ovqat opchiqib beraman.

— E, kerakmas, o'zimniyam pulim bor.

Ravshan uning yelkasidan tutdi.

— Maylimi, har kuni oldingga kelib tursak?

— Mayli…

Bolalar, haqiqatan, Vadimning rogatkadan yaxshi otishiga tan berishgandi. To uzoqlashib ketgunlarigacha ham, tez-tez orqalariga o'girilib, unga qo'l siltab borishdi…

 

* * *

 

Ertasiga Vadimning kuni tug'di. Pullar kepkasiga sig'may ketdi. Kechki payt xursand bo'lib pullarini qo'yniga joylayotgandi, baland bo'yli, boshi kal bir erkak sekin kelib uning yelkasidan tutdi.

— Qalaysan, bolakay? — muloyimlik bilan so'radi u. — Tilanchilik qilayapsanmi?

Vadim javob berish o'rniga aybdorona bosh egdi.

— Mayli, qo'rqma, — dedi erkak. — Ota-onang bormi?

— Yo'q.

— Uying-chi?

— Yo'q.

— Shunaqa degin? Men bilan ketishni istamaysanmi?

— Qaerga? — Vadim keskin boshini ko'tarib begona erkakka boqdi.

— Menikiga-da, qaerga bo'lardi!?. Agar yaxshi bola bo'lib aytganimni qilsang, zo'r odam bo'lib ketasan.

— Bilmasam…

— Bolakay, bu yerda o'tirib tilanchilik qilsang, bir kun kelib o'g'ri bolalar boringni shilib olishadi. Juda epchil, aqlli bolaga o'xshaysan. Yur, menikida seni hech kim xafa qilmaydi!..

Nima ham qilardi? Vadim itoatkorona erkakning ortidan ergashdi.

— Meni ismim Samad. — yo'l-yo'lakay o'zini tanishtirdi erkak. — Seniki-chi?

— Vadim.

— Juda yaxshi, Vadim. Hov anavi mashinani ko'rayapsanmi?

Vadim yo'l chetidagi oq «Mersedes»ga qo'rqa-pisa qarab qo'ydi.

— Ha.

— O'sha mening mashinam. Hozir shu mashinaga o'tirib menikiga boramiz…

Mashina Toshkentdan chiqib, ko'z ochib yumguncha atrofi tog'lar bilan o'ralgan qishloqsifat yerga yetib keldi. Samad aka hashamatli darvozalardan biri yonida mashinani to'xtatib tashqariga chiqdi.

— Qani, bolam, tushaqol endi!..

Vadim sekin mashinadan tushdi. Darvoza oldida turgan ikki barvasta yigit yugurib kelib mashina eshiklarini yopishdi-da, Samad akaning buyrug'ini kuta boshlashdi.

— Mana bu bolani ichkariga olib kirib qornini to'yg'azlaring! — dedi u yigitlardan biriga. — Men bir yerga borib kelaman. Kelgunimcha bola ichkarida bo'lsin!

— Xo'p bo'ladi, shef!..

Yigitlar Vadimni o'rtaga olib ichkariga boshlashdi.

— Qani, bolakay, yur-chi!..

Vadim hali bunaqangi chiroyli manzarani ko'rmagandi. Hovlining o'rtasida basseyn bor ekan. Basseyn to'la ko'm-ko'k suvni ko'rib ko'zlari chaqnab ketdi.

— Ha, og'ayni, — dedi yigitlardan biri Vadimning holatini payqab. — Cho'milging kelayaptimi? Oldin qorningni to'yg'az, keyin cho'milasan!..

Ichkari eshik oldida ham ikki yigit turardi. Ular Vadimni katta bir xonaga olib kirishdi-da, stol qarshisiga o'tqazib oldiga bir tovoq palov qo'yishdi. Bola ancha ochiqqan edi. Palovni ishtaha bilan yeb, ketidan piyoladagi qaynoq choyni simirdi…

— Yur, endi basseynda cho'milib olasan! — dedi yigit Vadimga. — Hademay amaking ham kep qoladi. U kishi kelguncha top-toza bo'lib turishing kerak…

Vadim ancha paytlardan beri suvga tushib cho'milmagandi. To'ygunicha suzdi. Bir soatlardan so'ng uni ichkariga olib kirib karavotga yotqizishdi…

 

***

 

— Ie, toy bola, uxlab turdingmi?..

Vadim endi ko'zini ochib o'rnidan turayotgandi. Tepasida o'sha o'zini olib kelgan Samad aka paydo bo'ldi.

— Qani, yur men bilan!

Samad aka uni qo'lidan yetaklab zalga olib o'tdi. U yerdagi yumshoq o'rindiqlardan birida yuzlari zahil, mo'ylovli, barvasta bir erkak o'tirardi.

— Amakingga salom qil! — dedi Samad aka Vadimning yelkasiga qoqib.

— Assalomu alaykum!..

— Samad, bu o'ris bolani qaerdan topib olding? — so'radi erkak Vadimni boshdan-oyoq ko'zdan kechirarkan.

— E, ko'chada tilanchilik qilib o'tirgan ekan. Qara, ko'zlarini chaqnashini ko'r, bundan zo'r snayper chiqadi, Xoliq!..

— Be, qayoqdagi yetimchalarni topib yurasan-da!.. Tashvishing kammidi nima balo?

— Vey, Xoliq, sen menga aql o'rgatma! — Samad aka jahli chiqib stolni bir mushtlab qo'ydi. — Nima qilayotganimni o'zim bilaman…

— E, bilganingni qil!.. Bo'pti, ishga o'taylik!..

Samad aka Vadimga bir qarab qo'ydi-da, tashqariga boshladi.

— Bor, tashqarini tomosha qilib tur! Men chaqirganda kirasan!..

Vadim indamasdan xonani tark etdi. Yo'lakka chiqishi bilan eshik ichkaridan tambalandi…

Samad aka nima ishlar bilan mashg'ulligini Vadim hali tushunmasdi. Lekin bilardiki, bu odam juda obro'li, badavlat. Shuning uchun ich-ichidan faxrlanar, shu odamdek boy bo'lishni orzu qilardi…

— Vadim, buyoqqa kir!.. — Mehmonni kuzatib qaytgach, buyurdi Samad aka. — Tez kel, bolakay!..

U yugurganicha amakisining ortidan yana zalga kirib bordi.

— Xo'-o'sh… Ie, qo'lingdagi nima? — Vadimning qo'lidagi rogatkani olib so'radi Samad aka. — Buni nima qilasan?

— Chumchuq otaman.

— Otishniyam bilasanmi hali? Yur-chi, bir menga otishingni ko'rsat-chi!..

Vadim kulimsiragancha hovliga chiqib kichkina tosh topdi va rogatka ichiga joyladi.

— Hov anavi musichani ko'rayapsanmi? — dedi Samad aka chinorga qo'nib turgan musichani ko'rsatib. — O'shani mo'ljalga ol! Agar urib tushirolsang, seni mukofotlayman…

Vadim beparvogina musichani mo'ljalga olib, cho'zmani bir tortib qo'yib yubordi. Musicha shu zahoti yerga qulab tushdi.

— Malades! — qarsak chalib yubordi Samad aka. — Qara-ya, Tolib, ko'rdingmi?

Darvoza yonida turgan qo'riqchi yigit unga javoban kulib qo'ydi.

— Sen zo'r mergan ekansan-ku-a!?. Sendan zo'r snayper chiqishi mumkin… Malades! Menga qara, ertadan boshlab hov amakingni ko'rdingmi? Bu Tolib amaking bo'ladi. O'sha seni otishga o'rgatadi. Karateniyam o'zlashtirishing lozim. Ha, bizning ish shunaqa… Agar aytganimizni qilib yursang, sen hech kimdan qo'rqmaydigan odam bo'lasan…

Ertangi kundan boshlab Vadimning hayotida o'zi umuman kutmagan sahifalar boshlandi. Tolib deganlari juda qattiqqo'l, sovuq muomalali yigit ekan. Vadimni birinchi kundanoq so'kish-urishish bilan qayta tarbiyalay boshladi. Avvaliga ular yarim chaqirimcha masofani to'xtovsiz yugurib o'tishdi. Bolakay umrida bunday uzoq chopmagandi. Yarim yo'ldayoq harsillab, oyoqlaridan darmon keta boshladi. Lekin Tolib uning orqasida yurib, to'xtayman deganda yelkasiga turtardi.

— Yugur, to'xtasang, itarib yuboraman!.. To'xtama dedim!.. Nimaga qizlarga o'xshab bo'shashasan?.. Xunasa!.. Bo'l tez!..

Bir amallab manzilga yetib kelishgach, shundoq ham charchab, bo'lganicha bo'lgan Vadimni basseynga itarib yubordi. Sal bo'lmasa, suv yutib tiqilayozdi.

— Suz, to'xtama, suz dedim!..

Bola bu barvasta yigitdan negadir qo'rqib qolgandi. Kuchi qolmaganiga qaramay, suvda uyoqdan-buyoqqa suza boshladi.

— Ha, shunday, shunday!.. Endi chalqanchasiga, chalqancha suz!..

Bu mashg'ulot ham yarim soatcha davom etdi. Sulayib qolgan Vadimni Tolibning o'zi suvdan tortib oldi va qirg'oqqa o'tqazdi.

— Yigit, bugunga yetar! — dedi u sovuq tirjayib. — Lekin keyingi gal bugungiga o'xshab bo'shashsang, bo'yningni uzaman, tushundingmi?

Vadim ohista bosh irg'ab qo'ydi.

— Bor, endi ovqatlan!.. Keyin yotib damingni ol!..

 

***

 

— «Qochib ketsammikan? — ichkariga kirib karavotga yonboshlarkan, ko'nglidan o'tkazdi Vadim. — Ertagayam shunday qiynasa, o'lib qolaman… »

Haqiqatan oyoqlari zirqirab og'rir, bellari qotib qolgandek edi…

Bolalik qilib, sekin tashqariga chiqdi. Tolib hamon darvoza oldida o'tirar, Samad aka hali kelmagandi.

— «Tomorqa tarafda bir teshik ko'rgandim. — o'zicha shivirladi u. — Bilib o'tiribdimi… Tashqariga chiqib olsam, bo'ldi… Topisha olmaydi… »

Vadim go'yoki o'ynamoqchidek sekin-sekin yurib tomorqa tarafga keta boshladi. Qosh qorayibroq qolgandi. Tolib unga e'tibor qilmadi…

Teshik kichikroq ekan-u, harqalay, bir amallab sig'sa bo'larkan…

Egilib ehtiyotkorlik bilan boshini suqdi…

— Obbo sen-ey!.. — Bu ovoz Tolibniki edi. U tizzalab o'tirgan Vadimni astagina ko'tarib turg'azdi. — Bu yerda nima qilayapsan, tirrancha!.. O' qochib ketmoqchimisan?

— Yo'-o'q, amaki, o'ynayotgandim. — javob qildi Vadim qaltirab. — O'ynagim kelgandi-da!..

— Bor, uxla!.. Sen mishiqiga aytgandim-ku!..

Bola boshini eggancha yana ortiga qaytishga majbur bo'ldi. Shunda ham baribir qochib ketish fikridan qaytmadi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT