Mashhur bloger nima sababdan ozodlikdan mahrum qilindi?

0

Ijtimoiy tarmoqlarda o'zining tanqidiy va haqoratli postlari bilan tanish bo'lgan, bloger Rustam Karim ustidan sud hukmi o'qildi. Bu haqida tahririyatimizga uning ukasi ma'lum qildi.
Rustam Karim ishining tafsilotlari haqida uning ukasi quyidagilarni aytib o'tdi:

«Akam, Rustam Karimning sudi hozir yakun topdi. Sudya akamga uch yilu to'rt oylik qamoq muddatli hukm o'qidi. Endi sud haqida biroz to'xtalsam, avvalo, «teatrlashtirilgan» sud ishiga, sudya ham «teatrlashtirilgan» hukm o'qidi. Ayblanuvchining so'zlari tinglanmadi, prokuratura taqdim etgan xujjatlarga aniqlik kiritilmadi. Sudya Qilichov, «Rustam Karim prokuraturaning iddaosiga ko'ra, noqonuniy videolavhalarni tarqatish niyatiga telefonida saqlagan degan aybloviga isbot talab qilamiz», degan savolimga javob bermadi.

Akamga tegishli bo'lgan, mulk kuch-ishlatar tizimlar tomonidan tortib olinib, undagi ma'lumotlar asosida sud hukmi o'qilishi hech qaysi mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Islohotlar faqat televizorlarda emas, hayotda ham ishlashini istar edim. Qonunlar esa, faqat kuch-ishlatar tizimlar uchun emas, oddiy xalq uchun ham ishlaganda yaxshi bo'lar edi»

Ma'lumot o'rnida, bundan bir necha oy muqaddam Polshadan O'zbekistonga deport qilingan mustaqil bloger Rustam Karim dastlab «Prezidentni masxara qilgan»ligi iddao qilinib, hibsga olingan edi. Keyinchalik, qo'yib yuborilgan bloger diniy idorada janjal ko'targanlikda ayblanib, ma'muriy javobgarlikka tortilgan va shundan so'ng, unga nisbatan jinoiy ish ochilgan edi.

fayzbog.uz