Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Seul shahridagi Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko'rgazmada

0

Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vazirining O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziriga yo'llagan rasmiy taklifiga binoan mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo'yicha o'rinbosari polkovnik Oybek Ortikovich Ismoilov boshchiligidagi harbiy delegatsiya joriy yilning 13-18 oktyabr kunlari Koreya Respublikasining Seul shahrida bo'lib o'tayotgan “Seoul ADEX-2019” Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko'rgazmasida ishtirok etmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

“Seoul ADEX-2019” Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko'rgazmasi – bu muhim jismoniy va harbiy shaxslar hamda boshqa mutaxassislarning sohada erishilgan so'nggi yutuqlari namoyishi va yangi texnologiyalar almashinuvi, ishtirokchilarning muhim uchrashuv va amaliy muzokaralar joyligi bilan ahamiyatlidir.

“Seoul ADEX-2019” Xalqaro ko'rgazmasi davomida O'zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasi tomonidan Seul shahri yaqinidagi KINTEX – Korea International Exhibition markaz va “Chxondju” aerodromida taqdim etilgan harbiy havo kuchlari qurollari, havo hujumidan mudofaa qurilmalari, uchuvchisiz uchish apparatlari, yerdagi qurol-aslaha, harbiy texnika va eksponatlar hamda boshqa Koreya Respublikasi korxonalarining xizmat turlari bilan tanishdi.

Shuningdek, Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko'rgazmasi davomida polkovnik Oybek Ismoilov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi uchun mudofaa sanoati assotsiatsiyasi raisi va bir qator Koreya hamda boshqa xorijiy kompaniyalar rahbarlari va vakillari, shu jumladan, Koreya Respublikasi mudofaa vazirining o'rinbosari Su Cho Suk bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Unda harbiy va harbiy texnik hamkorlik, Mudofaa vazirligi qo'shinlariga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda tajriba almashinuvi, turli xizmatlar ko'rsatish bo'yicha muzokaralar olib borildi.

Ayni damda “Seoul ADEX-2019” Xalqaro ko'rgazmasida mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo'yicha o'rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov boshchiligida delegatsiya o'z ishini davom ettirmoqda. Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida O'zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo'yicha davlat qo'mitasi xodimi Qahramon Ermatov ham ishtirok etmoqda.

 

 

 

loading...