Nyu-Yorkda AQShdagi eng yirik qamoqxonalardan biri yopiladigan bo'ldi. Buning uchun 8 mlrd dollar talab qilinishi mumkin

0

Nyu-Yorkda shahar kengashi qaroriga binoan Ist-River ko'rfazidagi Raykers orolida joylashgan qamoqxona yopiladigan bo'ldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Buning sabablari sifatida rasmiylar mahbuslar soni kamaygani, qamoqxonadagi ayanchli sharoit va zo'ravonlik holatlarini ko'rsatib o'tgan. Shahar kengashi spikeri Kori Jonson Raykers qamoqxonasini «shafqatsizlik va g'ayriinsoniylik timsoli» deb atagan.

Qamoqxonani 2026 yilgacha tarqatib yuborish ko'zda tutilmoqda. Uning o'rniga Nyu-Yorkning turli hududlarida 4 ta yangi qamoqxona quriladi. Raykers yopilishi rejasi 8 milliard dollardan oshiq xarajatni talab qilishi aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, Raykers orolidagi qamoqxona AQShda mahbuslar soni bo'yicha ikkinchi o'rinda (birinchisi Los-Anjelesda) turadi va bu yerda o'z vaqtida 22 ming kishi hibsda saqlangan. Hozirda qamoqxonada 7 ming kishi qolgan.