Soqov ayol

0

Qaysidir zamon, qaysidir yurtda yashagan bu ayol gapga chechan, doim oila a'zolari, qarindoshlari, qo'ni-qo'shnilariyu hamkasblari – hammaning ko'nglini olishga harakat qilarkan-u, negadir hech kim bilan til topisha olmas ekan. Nazarida, o'zi aqlli, mulohazakoru, atrofdagilar uni tushunmas, birovga yomonligi yo'g'u, yaqinlari yaxshiligini ham ko'rolmas ekan. Kimgadir yurishi, kimgadir turishi, yana allakimga qarashlari yoqmas, haqligini isbotlayman, deb mudom kuyib-pishar ekan. Hech kim uni tushunmayotganini, aytganlari havoga uchayotganini, umri safsata bilan o'tayotganini anglagan ayol qaqragan guldek tobora so'liy boshlabdi. Bir kuni uy yumushlaridan toliqqan juvonning ko'zi ilinibdi. Tushiga mo'ysafid chol kiribdi va bunday debdi: “Nega bu qadar mahzunsan, ko'ngling cho'kkan? Axir bir ayol orzu qilishi mumkin bo'lgan hamma narsaga egasan-ku! Oilang but, ota-onang sog'-omon, shirindan shakar farzandlaring, yoqtirgan kasbu koring bor. O'zingni baxtli his qilishing uchun senga nima yetishmaydi?” Ayol savolga tayinli javob berolmabdi. Faqat ulkan bu olamda o'zini nihoyatda yolg'iz, noshudu notavon his qilayotganini aytib, yum-yum yig'labdi. Mo'ysafid miyig'ida kulimsirab, “Hammasi yaxshi bo'ladi”,- debdiyu g'oyib bo'libdi. Ayol eshikning zarb bilan taqillashidan uyg'onib ketibdi. Ishdan charchab kelgan eri dasturxon tuzalmaganini ko'rib, darg'azab bo'libdi, xotinini tergabdi. Ayol kun bo'yi uy yumushlaridan ortmaganini, ozgina ko'zi ilinganini tushuntirmoqchi bo'lib og'iz juftlagan ekan, ne ajabki… tili gapga aylanmabdi. O'zini oqlashga harchand urinmasin, miq eta olmasmish. Nuqul ko'zlari javdirab turarmish. Xotinining odatdagidek diydiyo qilishiga shay turgan er bu holatdan hayron bo'libdi. Ko'ngli yumshab, sabr bilan kechki ovqatni kuta boshlabdi. Har safar ayol atrofdagilarga nimanidir uqtirmoqchi bo'lganida aynan shu vaziyat takrorlanaveribdi. Uyda eriyu qaynonasi, ishxonada boshlig'i, bog'chada tarbiyachi, ko'chada begonalarga gapiraman deb og'iz ochishi bilan tildan qolarmish. Oldiniga juda qiynalibdi. Gapi ichida, zahri tilida qolaveribdi. Asta-sekin taqdirga tan beribdi. Jimgina ishini qiladigan, gap-so'zlarga parvosiz yo'lida ketadigan bo'libdi. Kunlarning birida ko'chadan o'tib ketayotsa, ortidan qo'shnilari gapirganini eshitib qolibdi: – Anavi juvon biram oqila-ya. – Gap-so'zlari ham joyida! Ayol hayratdan qotib qolibdi: “Meni gapirishyaptimi? Nahotki?! Axir og'zimdan hech bir so'z chiqmasa…” Vaqt o'tib, bunday gaplarni tez-tez eshitadigan bo'libdi. Eri uni itoatli rafiqa, qaynonasi sabrli kelin, qo'ni-qo'shnilari dono suhbatdosh, boshlig'i yaxshi xodim sifatida ko'ra boshlabdi. Ayol «soqov» bo'lish tili biyronlikdan ko'ra ko'proq foyda berishini tushunibdi.

Ayrim ayollar uchun ibrat!