MENING MA'YuSGINA BOLALIGIM… (1-qism)

0

 

Bolaligim garchi bir umr xotiramga mixlanib qolgan bo'lsa-da, uzoq yillar uni qog'ozga tushirishga qiynalib yashadim. Aniqrog'i, achchiq, ma'yusgina o'tmishimni eslaganimda, qalb tug'yonlarim qo'limga qalam olishga qo'ymasdi.

Bugun esa shu tug'yonlardan zo'rroq kelishga urindim va boshimdan kechirgan og'ir kunlarni kichik hikoyalar ko'rinishida o'quvchimning e'tiboriga havola etishni ma'qul topdim…

 

To'y

 

Kuz oylarining biri edi. Men kuzning boshlarida roppa-rosa olti yoshga to'ldim. Lekin qishloqda bu kunni bayram qilishmasdi. Hatto, eslab o'tirishmasdi. Farzandini haddan tashqari yaxshi ko'rganlar uni chaqirib, qo'liga xo'rozqandmi, popukqandmi tutqazib, «Bugun sen falon yoshga to'lding, chirog'im» deb qo'yishardi.

Meni ham tug'ilgan kunimda Bahrinisa buvim xo'rozqand bilan siyladi.

Quvonchimning cheki yo'q edi. Axir, xo'rozqandni faqat bozorda sotishadi! Bozor esa bizning qishloqdan ancha olisda. Men kabi bolakaylar hech qachon u bozorga yetib bora olishmaydi…

Qolaversa, bugun qo'shnimiz Qo'chqor aka uylanyapti. Bunday to'yda biz bolakaylarga maza. Kelin kelguncha ko'chada shataloq otib o'ynaymiz. Keyin tomga chiqib ashulachilarni tomosha qilamiz…

Aksiga olgandek, tushdan keyin birdan havo aynib yomg'ir tomchilay boshladi. Yuragim siqilib, derazadan tashqariga boqqancha xayolga cho'mdim.

Olti yashar bola nimani ham o'ylardi. O'rtoqlarimni qanday dasta o'yinida yutish, to'y boshlangach, tomda kim bilan birga o'tirib ashulachi tomosha qilish haqida bosh qotirdim.

Eh, qaniydi yomg'ir tina qolsa! Tobora kuchayib, xuddi ezma kampir kabi maydalab shivalardi…

Shu ko'yi shomgacha o'tirib qoldim. Buvim ham chaqirmabdi. Ko'zlarim yumila boshlaganda qulog'imga karnayning g'at-g'uti chalindi-yu, hushyor tortib, boshimni ko'tardim.

Vaqt xuftonga yaqinlab qolgan ekan. Yugurib tashqariga chiqdim-u, quvonib ketdim. Ura, yomg'ir tinibdi! Kelin ham kelibdi!

Shosha-pisha buvim va bobom o'tiradigan xonaga kirib ulardan ruxsat so'radim-da, to'yxonaga yo'l oldim.

Namgarchilik sababli tomga chiqishning iloji yo'q edi. Kattalarni oralay-oralay stolga yaqinlashdim.

Bir mahal qarasam, mendan sal kattaroq bola stol ustidagi ichimliklardan birini oldi-da, asta ortga tislanib o'zini hovliga urdi.

— Ie, — o'yladim o'zimcha. — bulardan olsa bo'larkanmi?.. Buvim bilan bobomga bittasini opkirib bersam-chi?.. Rosa xursand bo'lishardi. Menga yana bozordan xo'rozqand opkelib berishardi…

Shunday xayollar bilan men ham qo'limni cho'zib yashil rangli ichimlik to'la shishani qo'limga oldim va orqaga o'girildim. Shu payt tepamda Qo'chqor akaning qarindoshlaridan biri, zaxil yuzli amaki paydo bo'ldi. Ismini bilmasdim-u, lekin undan juda qo'rqardim. Qachon shu xonadonga kelsa, biz bolalarni tizg'itib quvlardi.

— Ha, yetimcha! — qo'limdagi shishaga yopishdi u. — O'g'irlik qiladigan odating ham bormi hali?.. Qani, buyoqqa yur-chi!..

— Qo'yvoring meni! — ko'zimda yosh g'iltillab, g'ingshigancha siltanib amakining qo'lidan chiqishga urinardim.

Amaki meni qo'yarda qo'ymay uyimizga sudraklab kirdi.

— Hoy, Bahri xola, — ichkariga kira solib qichqirdi u. — manaviningizga mundoq tarbiya bersangiz bo'lmaydimi? Qarang, to'yxonaga kirib ichimlik o'g'irlayapti ekan!.. Yetimchaligiga boribdi-da baribir-a?!.

Buvim hayrat aralash bir menga, bir amakining qo'lidagi shishaga tikilib turdi-da, quloq chakkamga shapaloq tortib yubordi.

— Seni shu niyatda katta qilyapmizmi, juvonmarg? — yig'i aralash meni koyiy ketdi buvim. — Birovlarning qo'liga qaramasin deb jon olib jon bersak-u, sen o'g'irlik qilasanmi?..

Shu kechani men hovlidagi bir oyog'i qiyshayib qolgan so'rida o'tirib o'tkazdim. O'ksib-o'ksib yig'larkanman, ahyon-ahyonda buvim va bobom yotgan xonaga qarab olardim. Lekin ular bir marta bo'lsin tashqariga chiqib meni yupatishmadi…

Endi o'ylasam, o'shanda mehribonlarimni qattiq ranjitgan ekanman. Shuning uchunmi, ba'zi-ba'zida qishloqqa borganimda, kimnikidadir to'y bo'layotganini eshitsam, ma'yus tortib qolaman. O'tmishdagi o'sha achchiq xotira bag'rimni tirnaydi.

Hozir to'ylarga sira-sira borgim kelmaydi.

 

Mening dadam qani?

 

Garchi birinchi sinfga chiqqan bo'lsam-da, o'yinqaroqligim qolmagandi. Ko'pincha bizdan uch uy narida turadigan jo'ram Shavkat bilan birga o'ynardim. Chunki uning o'yinchoqlari ko'p. Dadasi har kuni turli o'yinchoqlar ko'tarib kelardi. Shavkat esa yangi o'yinchoq qo'liga tekkan zahoti meni chaqirib maqtanardi.

Ayniqsa, yangi velosipedini menga ko'z-ko'z qilgan kuni qotib qoldim.

Ikki g'ildirakli velosiped yal-yal tovlanib, ko'zlarimni quvnatib yubordi.

— Menam bir minay-y! — yalina boshladim velosipedini mahkam ushlab olgan Shavkatga. — Jon jo'ra, beraqol! Bir marta hov anavi darvozagacha borib kelaman xolos!..

— Hecham-da! — lab burdi Shavkat. — Buni dadam menga olib bergan. Bor, senam dadangga ayt, olib bersin!..

— Mening dadam uzoq safarga ketgan-da! — burnimni tortgancha bosh egdim. — Kelgandan keyin mengayam oberadi shunaqasidan…

Shunday deyishga dedim-u, baribir alamim keldi. Shartta ortga o'girilib uyga chopdim.

Buvim piyoz to'g'rayotgan ekan. Mening yig'lamsirab kirib kelganimni ko'rgach, yosh to'la ko'zlarini yengiga artgancha o'rnidan turib yelkamdan quchdi.

— Ha, bolam, kim xafa qildi yana? — so'radi buvim mehr bilan boshimni silab. — Nega yig'lading?

— Mening dadam qaerda? — so'radim hiqillab. — Nega meni ko'rishga kelmaydi? Nega menga velosiped olib kelmaydi?

— Voy, dadang safarda degandim-ku, qo'zichog'im! — dedi buvim muloyim ohangda. — Safardan qaytsin, albatta keladi. Menga qara, kimning dadasi velosiped olib beribdi-a?

— Ana, Shavkatning dadasi oberdi. — ko'chaga ishora qildim. — Menga mindirmadi.

— Qo'y, xafa bo'laverma! — buvimning ovozi mungli chiqdi. — Hali ko'rasan, senga dadang Shavkatnikidanam zo'r velosiped olib keladi.

— Rostdanmi? Aldamayapsizmi?

— Yo'q, rostini aytdim…

— Ura!.. Dadam mengayam velosiped opkelarka-an!..

Bir og'iz gap meni shu qadar quvontirib yuborgandiki, irg'ishlagancha buvimning gaplarini «suyunchilash» niyatida Shavkatlarnikiga yugurdim…

Oradan bir hafta vaqt o'tdi. Bobom meni tomorqamizdagi o'rik daraxti ostiga o'tqazib qo'yib, ertak aytib berayotgandi. Bir mahal buvim ko'chadan hovliqib kirib kelib qoldi.

— Tur, bolam! — dedi buvim hassasini o'rikka suyab. — Dadang safardan qaytibdi! Seni ko'rishga kelibdi!

O'sha lahzadagi holatimni tasvirlab bo'lmasdi.

Og'zimning tanobi qochib, yuragim hapriqdi. Azbaroyi ishonqiramaganimdan goh buvimga, goh bobomga alangladim.

Ko'zi ojiz bo'lsa-da, bobom ham mening holatimni payqagani hovliqib o'rnidan qo'zg'alishga tutinganidan sezilib turardi.

— Yur, yangi ko'ylagingni kiy, qo'zim! — meni ichkari uy tomon boshladi buvim. — Dadangning yoniga bu kiyimda kirmagin!

Buvimning etagidan tutib ketib borarkanman, irg'ishlab o'ynagim, ovozimning boricha «dadajon» deb qichqirgim kelardi.

— Buvi, dadam menga velosiped opkelibdimi? — so'radim yo'l-yo'lakay. — Ayta qoling, opkelibdimi?

— Bilmadim, — dedi buvim yelka qisib. — Opkelgandir. Tushida sen velosiped so'rayotganingni ko'rgandir, axir!

— Dadam o'zi qaerda-a?.. Shu atrofdami?

— Ha, Salima ammangnikida o'tiribdi. Tezroq bo'laqol!..

Buvim egnimga yaqindagina o'zi olib bergan trinka shimimni, yupqa katak ko'ylagimni kiydirdi-da, katta ko'chaga chiqqanimizdan so'ng Salima ammamlarnikiga ishora qildi.

— Bor, buyog'iga o'zing kir, bolam! Faqat indamay turmagin. Kiriboq dadangning bo'yniga osilib salom bergin-a!?

— Xo'p bo'ladi! — men shunday degancha ammamlarning hovlisi tomon chopib ketdim…

Ammamning hovlisi o'rtasiga valish qilingandi. Valish ostiga esa kattakon so'ri qo'yilib, aylana atrofiga duxoba ko'rpachalar to'shalgan.

Ammam menga orqa qilgancha o'tirar, qarshisidagi past bo'yli, sochlari deyarli to'kilib ketgan, yapaloq yuz kishiga choynakdan choy quyib uzatardi.

Meni ko'rdi-yu, ammam dast o'rnidan turib ketdi.

— Voy o'zim aylanay, chiqdingmi? Qani, kelaqol! Qara, dadang seni ko'rgani kepti! Hoy, Odil aka, turmaysizmi? O'g'lingizni qarshilamaysizmi?

Bu odamni ko'rganim zahoti go'yo ko'zlarimdan o't chaqnab ketgandek bo'ldi. Yuragim dukurlab, vujudim junbushga keldi.

Ha, bu azaliy orzum — dadamni ko'rishimdagi holat edi bu…

Shu tobda dadamning bag'riga o'zimni otgim, yuragimga armon bo'lgan tanish hidni to'yib-to'yib hidlagim kelardi. Ko'zlarim esa olma terib, qaerdadir berkinib turgan yangi velosipedni qidirardi. Velosiped hadeganda ko'zga tashlanavermagach, cho'chibroq so'riga yaqinlashdim. Oraga sukut cho'mgandi. Ammam ma'yus jilmayib turar, dadam esa hamon yonboshlab olgancha mening yaqinlashishimni, ko'rishishimni kutardi.

Bir mahal dasturxonda yumalab yotgan ikki dona shishaga ko'zim tushib taqqa to'xtadim. Dasturxon burchida yana bir qip-qizil suyuqlik to'la shisha turardi.

Tanidim. Bu ichkilik. Tog'am Qo'chqor aka bilan tez-tez omborxonamizga qamalib olgancha shunaqa ichkilik ichib turishadi. Buvimga gullab qo'ymasligim uchun menga doim limonad olib berishadi. Lekin baribir qo'rqardim. Chunki ular ichib olganda xuddi dadamniki kabi ko'zlari qip-qizarib ketar, menga tikilib qarashsa, qo'rqqanimdan darrov o'zimni tashqariga urardim.

Nahotki, mening dadam ham shu narsani ichsa? Nega?

Jajji qalbimni titroq bosib asta ortga tislandim… Va beixtiyor ko'cha tomon yugura ketdim.

Jonholatda chopib borarkanman, oyoq-qo'llarim dag'-dag' titrar, ko'zlarimdan sizib chiqqan yosh tomog'imgacha oqib tushardi.

— Ha-a, bolam, senga nima bo'ldi? — meni bag'riga olib vahima aralash so'radi buvim. — Dadangminan ko'rishdingmi? Yo ammang xafa qildimi?

— Y-yo'q… — deya oldim zo'rg'a yig'i aralash. — U mening dadam emas… Mening dadam velosiped olib kelardi… U bo'lsa…

— Nima?.. Bo'lmagan gaplarni gapirma! — yupata boshladi buvim hamon meni bag'ridan bo'shatmay. — Velosipedni ichkari uyga berkitib qo'ygandir… O'ksinma, jonim! Dadang hali senga velosiped uyoqda tursin, undanam zo'r o'yinchoqlar opkeladi.

Shundan so'ng dadam yana bir necha marta meni ko'rgani keldi. Biroq velosiped olib kelmadi. Har gal ammamning dadam o'tirgan so'risiga yaqinlashganimda, dasturxonda qatorlashib turgan sharob shishalari, dadamning qizargan yuz- ko'zlarinigina ko'rdim xolos.

Men dadamning qo'lidan kichkinagina, arzimas o'yinchoq bo'lsa-da olishni orzuladim. Orzularim sarobga aylandi…

Shu alamlar qalbimga qattiq o'rnashib qolgan ekan. Ulg'ayib farzandli bo'lgach, dilbandlarimga so'ragan o'yinchoqlarini olib beradigan bo'ldim. Ularga har gal nimadir sovg'a qilganimda, o'sha alamlarim pasanda bo'lgandek tuyuldi. Ruhan yengil tortaverdim.

 

Karimbuvalik kelgindi

 

Ota-onam ajrashganda, uch yashar bola ekanman. Onajonim Cho'lponoy Teshaboy qizi allakimlarning maslahati bilan boshqa erkakka turmushga chiqdi. Sud esa singlimni otamga, meni onamga ajrim qilib bergandi. O'gay otaning qo'liga qaramasin debdimi, onajonim meni Xonbuva qishlog'idagi bobom va buvimga qoldirib, o'zi kelinlik uyiga ravona bo'ldi. Hayot ekan, murg'ak qalbim xuddi shu yurtni suyib qoldi, tuprog'iga mehr berdim. Bunga bobom hamda munisa buvijonimning mendek tirik yetim qolgan nevarasiga e'tibori, mehri sabab bo'lsa ne ajab!

Menga qishloqdagi yoshu qari baravar yoqardi. Ayniqsa, meni ko'rganda mo'ysafidlarning boshimni silab o'tishi, «Bu yigit Teshaboy otaning nevarasi, ajoyib bolaykan-a?!» deya alqashi ko'nglimni tog'dek ko'tarar, xonbuvaliklarga bo'lgan hurmatim, muhabbatim yuz chandon ortardi. Afsuski…

Mahallamizda Tillaqo'zi ota degan qariya yashardi. O'ziga to'q, tabiatan cho'rtkesar odam edi. Meni ko'rdi deguncha bir savolni takrorlardi.

O'sha kuni ham xuddi shunday bo'ldi. Obidjon degan sinfdoshimnikida o'ynab, uyga qaytayotgandim. Mahalla machiti yonida Tillaqo'zi otani ko'rib qoldim.

— Assalomu alaykum, buva! — deya yugurib borib so'rashdim men.

— Ha karimbuvalik, — dedi Tillaqo'zi ota. — O'ynab yuribsanmi?

Bilmadim, shu gal negadir otaning savoli yuragimni teshib o'tgandek bo'ldi. O'zimni kelgindi kabi his eta boshladim. Etim muzlab ketdi. O'pkam to'lib, nima deyishni, otaga qanday javob qaytarishni bilmay qoldim…

To'g'ri, Tillaqo'zi ota hazillashardi. Buni bilardim. Ammo… Hozir o'sha birgina hazil aralash berilgan savolning mag'zini chaqa boshlasam, vahimaga tushaman. Qabimni o'ksik tuyg'ular chirmab oladi. Xuddi o'sha savol mening kelgusi taqdirimni belgilab bergandek tuyuladi. Negaki, ayni chog'larda yoshim ellikka yaqinladi. Nadomatlar bo'lsin, shu chog'ga qadar qaerga bormay, qay manzilni makon tutmay, kelgindiligimcha qolaverdim. Hatto, o'sha Xonbuva mahallasida ham hozir kelgindi, chaqirilmagan mehmonman. Mahalladagilar meni «mehmon» deb chaqirishlari bag'rimni ezadi, ko'ksimni tilkalaydi.

 

Farzand dog'i

 

Abdumalik ismli katta tog'am bo'lgan ekan. Men u kishini ko'rmaganman-u, buvim aytib bergandi.

— Abdumalik tog'ang kattakon traktorchi bo'lgan, — degandi buvim. — Garajdagilar uni temirning piri deb maqtashardi. Traktorni yo'qdan bor qila olardi-da tog'ang!..

O'sha tog'am bobom va buvimning bosh farzandi bo'lgani, kunlarning birida kechasi traktorida yer haydab kelib, uxlash uchun yotgani-yu, qaytib uyg'onmaganini ham buvimdan eshitganman. Tog'am olamdan o'tganda uch bolasi endi tetapoya bo'lgan ekan. Hammalari yetim qolaverishgan…

To'g'ri, o'lim haq, uni qaytarib, rad etib bo'lmaydi. Ammo buvim tez-tez goh kechasi, goh kunduzi hovli o'rtasiga cho'kka tushgancha dod sola boshlardi.

— Voy bola-a-a-m!!! Bolamni qaytarib be-er, Xudo-o-o!!!

Buvim o'kirib-o'kirib, aytib-aytib yig'lardi. Men bo'lsam, bir chetda piqillab yig'lagan ko'yi turar, buvimning yig'isi sababini tushuna olmasdim.

Oradan yillar o'tdi. Maktabni tugatish arafasida buvim bilan gaplashib o'tirib, Abdumalik tog'amdan so'z ochildi-yu, so'radim:

— Buvi, nega haliyam tog'amni qo'msab yig'laysiz? Axir, u kishining o'lganiga ancha yil bo'ldi-ku!

Buvijonim birdan ma'yus tortib qoldi. So'ngra sal o'ziga kelgan kabi boshimni mehr bilan silab so'z qotdi.

— Farzand dog'i shunaqa yomon bo'ladi, bolam! Tog'ang bosh bolamidi. Nima qilay? Sira usizlikka ko'nikolmayman. Iloyim, sen hech qachon farzand dog'ini ko'rmagin!..

 

Mening ruchkam kamaymadi

 

Beshinchi sinfga borgan yilim edi. Bu safar ham bobom menga bozordan ko'pgina daftar, ruchka-qalamlar olib kelib berdi. Har kuni maktabdan qaytgach, buvimning non bo'ktirilgan qaymoq sho'rvasiga to'yib, Abdumalik tog'am rahmatlining ikki o'g'li bilan birga o'ynardim. Biri mendan kattaroq, ikkinchisi esa kichikroq edi. Ular biznikiga chiqishar, birgalashib domla-domla o'ynardik. Faqat bir narsaga tushunmasdim. Har gal o'ynab bo'lganimizdan so'ng negadir ruchkalarim kamayib qolaverardi. Oldiniga unchalik hayron bo'lmadim. «Qaerdadir yo'qotgan bo'lsam kerak», degan xayolda buvimga bildirmay qo'ya qoldim. Ochig'i, tanbeh eshitishdan cho'chidim.

«Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi», deb shunga aytsalar kerak-da! Kunlarning birida ruchkalarim qaerga g'oyib bo'layotganini aniqladim. Ularni tog'amning ikki o'g'li har safar menga bildirmay o'g'irlab qo'yishayotgan ekan. Tog'amning o'rtancha qizi Surmanisa aytib berdi. Lekin men qarindoshlarim bilan janjallashmadim, mushtlashib o'tirmadim. To'g'ri borib buvimga arz qildim.

— Buvijon, anavi Vali bilan Mannop ruchkalarimni o'g'irlab qo'yishayotgan ekan, — dedim yig'lamsirab. — Qarang, qanchasini olib qo'yishibdi. Iltimos, ruchkalarimni qaytarib berishsin, siz ayti-ing!

— Voy, qanday ularning qo'lidan ruchkalaringni tortib olay, qo'zim? — dedi buvijonim kulimsirab. — Axir, ular ham senga o'xshagan nevaralarim! Ularniyam boshida otasi yo'q. Qo'yaver, senga bobong yana yangi ruchkalar olib beradi. O'zim aytaman.

— Yo'-o'q, o'zimning ruchkalarim yaxshiydi, — deya injiqlik qila boshladim. — O'zimning ruchkalarimni qaytarib berishsin! O'g'ri ular, o'g'ri!

— Kel, bir duo qilay, — dedi buvim boshimni mahkam quchib. — Iloyim ruchkalaringni o'g'irlaganlarning uyi donga to'lsin! Sening ruchkalaring hech qachon kamaymasin!

Oradan yillar o'tdi. Meni qayta-qayta hayron qoldirib, buvimning o'sha duosi ijobat bo'ldi. Mannop fermerga aylanib, har yili uyiga qop-qop don tashidi. Men bo'lsam, ijodkor bo'ldim. Ruchkalarim ko'paysa ko'paydiki, sira kamaymadi. Faqat… Ba'zan… Hayot tashvishlaridan charchagan kezlarimda o'ylab qolaman. O'shanda buvim meni ham «uying donga to'lsin» deb duo qilsa bo'lmasmidi?!.

 

Samolyotlar yog'dirgan zahar

 

Yoz oxirlariga kelib paxtazorlar uzra samolyotlar parvoz qila boshlardi. Biz bolalarga ularning nima ish bajarishi emas, parvozi qiziqroq edi. Aslida samolyotlar endi-endi ko'saklari ko'z ocha boshlagan paxtazorlar ustidan dori tumanini yog'dirishar, shu yo'l bilan barglarini to'kishardi. Biz baribir ularni irg'ishlab, kulib qarshi olardik. Ayniqsa, pastlab uchayotgan samolyot uchuvchisi gohida qo'l ko'tarib qo'ysa, bizdan baxtli odam yo'q edi dunyoda.

— Yur, qo'ylarga pechak terib kelamiz, — deb qoldi bir kuni buvim. — Paxtapoyada rosa pechak ko'p ekan.

— Buvi, — dedim negadir ortga tislanib. — Birgad buva ko'rib qolsa-chi? Urishadi-ku!

— Meni urishmaydi, — dedi buvim qo'l siltab. — Egat atrofidan teramiz. Ichkarisiga kirmaymiz.

Biz oldinma-ketin «mozordala» tomon yo'l oldik. Men ham buvijonim o'z qo'llari bilan tikib bergan jajjigina etakni, bobom atayin bozordan men uchun olib kelgan o'roqchani xuddi abjir o'tterarlar kabi ikki yelkamga tashlab oldim. Bilardim, agar «mozordala»da o't tersak, albatta samolyotlar pastlab uchganini ko'ramiz, uchuvchi bizga qo'l ko'tarib o'tadi. Tergan pechaklarimizni qo'ylarimiz maza qilib yeydi.

Ura!!! Hali o't terishni boshlab ulgurmasimizdan, samolyot paykalni aylanib uchdi. Men azbaroyi quvonib ketganimdan ikki qo'limni baland ko'targancha uchuvchini chaqira boshladim. Samolyot ikkinchi aylanishda yanada pastladi-da, naq buvijonimning tepasidan dori sepib o'tdi. Men shovqin-suron ichida beixtiyor buvim tomon o'girildim. Buvim yerga cho'k tushib o'tirib olibdi. Ikki qo'li bilan boshini changallagancha qolibdi. Qo'rqib ketdim. Yugurib borib yelkasiga yopishdim.

— Buvi, buvijon, — deya yelkasidan siltay ketdim yig'lamsirab. — Sizga nima bo'ldi?

Mehribonim mening qo'rqqanimni payqadimi, qo'llarini pastga tushirib boshini ko'tardi. Uning ko'zlari qizarib ketgan, burnining tepasida sap-sariq dog'lar hosil bo'lgandi. Buvim ma'yus kulimsiragan ko'yi bir muddat menga tikilib turdi-da, to'satdan o'qchiy boshladi. Shu taxlit ancha vaqtgacha o'qchib, yo'taldi. Men bo'lsam, nima qilishni bilmas, nuqul buvimni quchib yig'lardim…

O'sha voqeadan keyin buvim bir hafta deganda zo'rg'a oyoqqa turdi. Shu-shu qaytib paxta paykalida pechak termaydigan bo'ldik. Men buvimning burni ustiga o'tirgan o'sha sariq dog'ning ma'nisini oradan ancha yil o'tib angladim. U samolyot ustimizga yog'dirgan dorining tomchisi ekan. Aytishlaricha, agar o'sha doridan ikki tomchisi otga berilsa, til tortmay o'larkan.

Hozir ham ahyon-ahyonda o'shanday samolyotlarga ko'zim tushib qoladi. Lekin qalbimni bolalikdagi kabi quvonch emas, alam hissi chulg'aydi. Osmonga boqib ularga qarata haqoratlar yog'diray deyman-u, o'zimni tiyaman. Chunki hozir samolyotlar paxta paykali tepasida parvoz qilib, g'o'zalarga dori sepmaydi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT