SOG'INDIM… (qizim Dilafruzga)

0

 

 

***

 

Olisdasan, senga qo'lim yetmasligi yomon-da,

Peshonamga sendayin baxt bitmasligi yomon-da,

Qaysardanam qaysar qalbim bo'zlayverar, ko'nmaydi,

Hech zamonda unga so'zim o'tmasligi yomon-da,

Olisdasan, senga qo'lim yetmasligi yomon-da.

 

***

 

Jonim og'rib qolsa, seni eslab-eslab yig'ladim,

Uy to'ridan izginangni izlab-izlab yig'ladim.

Qora qismat bor bo'yimni tuzlab-tuzlab yig'ladim.

Zulmatga yon bergan tonglar otmasligi yomon-da,

Dardu alam mendan ayro ketmasligi yomon-da.

***

 

Ellik beshga kirgandayoq qarib qoldim, jon qizim,

Sog'inch yukin ortmoqlashdan xorib qoldim, jon qizim,

Sen kelajak yo'lda uzo-oq turib qoldim, jon qizim,

Senginam bor karvonlar hech o'tmasligi yomon-da,

Boshim uzra oymomoning botmasligi yomon-da,

Zulmatga yon bergan tonglar otmasligi yomon-da.

Olimjon HAYIT

 

loading...