YO'LBARSLAR QIROLIChASINING QAYTAR DUNYoSI…

0

 

Yo'l oldidan

 

Shimoliy Hindistonning Rantambor qo'riqxonasi. Poyonsiz kengliklardan iborat bu maskanda minglab katta-kichik hayvonlar jon saqlaydi. Ularning o'z qirollari, o'ljalari va yashash tarzi bor.

Onadan ajralgach, ikki yoshga yetguncha ko'plab qiyinchiliklar ko'rgan, biroq shu bahonada ozmi-ko'pmi hayotiy tajriba orttirgan urg'ochi yo'lbars Satara ayni kuchga to'ldi. U hozir har qanday raqibni bir hamla bilan o'ziga bo'ysundira oladi. Demak, endi bu yerlarda qolishidan naf yo'q. U ham o'z qirolligini tuzishi, haqiqiy hukmdorlardek umr kechirishi zarur.

Shunday xayollar og'ushida yurgan kunlarining birida Sataraga belgi berildi.

— Aytishlaricha, onang hov anavi yoqlarda qirolicha emish, — degandek olis-olislarga ishora qildi dugonalaridan biri. — Eshitganmisan, u buvijoningni quvib chiqarib, o'rnini egallagan. Endi sening galing keldi, Satara! Buni qaytar dunyo deb qo'yibdi.

— To'g'ri aytasan, — dugonasiga ma'noli boqdi Satara. — Onam o'n yildan beri qirolichalikni hech kimga bermay kelayotganmish. Bu insofdan emas. O'rnini menga bo'shatish vaqti yetdi.

— Onang senga qarshi kurasha olmaydi, — dedi dugonasi ishonch bilan. — Chunki dushman bilan olishuvda bitta tepa tishidan ayrilgan. Temirni qizig'ida bos!

— Bu sen o'ylagandek oson bo'lmaydi, — ko'zlarini yumdi Satara. — Yo'limda ikki opam ko'ndalang bo'lib turibdi. Men oldin o'shalarni yengishim, qirollikka yo'l ochishim kerak. Mayli, alvido, meni unutma!..

Satara bir qarorga kelgandek, dugonasini aylanib xayrlashgan ko'yi yo'lga otlandi.

 

Katta opaning qochishi

 

Satara shu chopgancha o'n chaqirim masofani bosib o'tdi. Chopgani sayin o'ziga bo'lgan ishonchi ortaverdi. Tag'in o'n chaqirimcha yo'l yursa, katta opasi yashaydigan hududga yaqinlashadi.

Yo'lbars chakalaklar orasiga kirib, birpas nafas rostladi-da, asta yo'lga tushdi. Daraxtdan-daraxtga sakrab irg'ishlayotgan maymunlar uni ko'rdi deguncha o'zlarini chetga olishar, qushlar ham sayrashdan to'xtab, Sataraning o'tib ketishini kutishardi. Bularning barchasi yo'lbarsga kuch bag'ishlab, shashtini yanada orttirardi.

Bir mahal chamasi o'n-o'n besh metr narida uxlayotgan katta opasiga ko'zi tushib, Satara taqqa to'xtadi. Opasi uni payqamadi. U quyoshda toblangancha qotib uxlardi.

— Yotishini qara, — o'yladi Satara. — Ozib ketibdi. U bir hamlaga ham dosh bera olmasligi aniq.

Satara opasiga ohista yaqin borib shundoq tepasida to'xtadi. U ham tanish hidni sezib, shosha-pisha boshini ko'tardi. Opa tushundi. Satara bekorga tashrif buyurmagan. Tishlarini g'ijirlata boshlashidan niyati yaxshi emas.

— Yo'q, sen bilan kurashishga holim yetmaydi, — deya opasi ortga tislandi. — Bilaman, onamizdan qirollikni tortib olish uchun kelayapsan. Omadingni bersin!

— Shunday bo'lsin! — viqor bilan oldinga tashlanib, opasini ta'qib eta bordi Satara. — Shu daqiqadan e'tiboran bu yerlarda qorangni ko'rmay!

Opasi norozi chayqalgancha butalar orasiga o'zini urdi.

Kichik opa onasi bilan birga emasdi. U singlisi yashagan joydan besh chaqirimcha olisdagi daryo bo'yida dam olardi. Satarani uzoqdan tanidi.

— Singlim yaramas ekan, — xayolidan o'tkazdi kichik opa jangga hozirlanib. — Onamizni taxtdan qulatish niyatida kelayapti. Qani, yaqinroq kel, o'zim adabingni berib qo'yaman!

Adashgandi. Satara undan-da kuchliroq, abjirroq va vazni ham bir necha o'n kilo ortiq. Bir hamla kichik opani duch kelgan tarafga qochib qolishga majbur etdi. Endi Sataraning so'nggi ishi qolgandi. Onasi egalik qilayotgan qirollikka yetib olish. Faqat ehtiyotkor bo'lishi shart. Negaki, onasi o'ta ayyor va tajribali. Bunday dushmanni mahv etish oson kechmaydi.

 

Satara qirollikda

 

Yo'lbarslar qirolichasi gumbazli shiyponda uzala tushgancha yotib, tevarakni zimdan kuzatardi. Qirollikdagi jonivorlar o'zi bilan o'zi ovora. Hech kim qirolichaning tinchini buzib shiyponga yaqin borishga jur'at topa olmaydi. Shuning uchunmi, to'satdan qarshisida Sataraning paydo bo'lganini ko'rib kapalagi uchayozdi.

— Eshitgandim, — degandek istar-istamas o'rnidan qo'zg'alarkan, bosh irg'adi qirolicha. Kuch yig'ibsan. Ikkala opangni ham tumtaraqay qochishga majbur etibsan. Senga qirollik zarur bo'ldimi? Bunga qurbing yetarmikan?

— Ha, it quvdimi? — o'kirib asta Sataraga yaqinlashdi qirolicha.

— Men yo'lbarsman! — degandek bosh irg'adi Satara. — Qayoqdagi itvachchalar bilan meni tenglashtirma! Undan ko'ra, joyni bo'shat!

— O', zo'rsan-ku! O'z onangga hujum qilmoqchimisan hali?

— Buni qaytar dunyo deydilar. Bir paytlar sen ham o'z onangdan qirollikni tortib olganding. Endi mening galim keldi.

— Hozir senga ko'rsatib qo'yaman!

O'rtada olishuv boshlandi. Ona-bola yo'lbarslar old panjalarini ishga solib, bir-birlarini tirmalay ketishdi.

Baxtga qarshi, qirolichaga yuqori tishlaridan birining kamligi pand berdi. Sataraning hamlalariga dosh bera olmay, daryo tomon qochishga majbur bo'ldi.

 

Ishrat lahzasi

 

Oradan ikki hafta o'tdi. Satara qirollikni egallab, nihoyat xotirjam tortdi. Endi ov ham qiyinchilik tug'dirmaydi. Qo'riqxonaning unga tegishli ellik gektardan ziyod maydonida faqat Sataragina ov qila oladi.

U qirolichalikning eng totli lahzalarini boshdan kechira boshladi. Mazali kiyik go'shtini tanovul qilgach, gumbazli shiyponda uzala tushib istirohat qilishni bir umr orzu qilgandi.

Shunday kunlarning birida shiypon tomonga erkak yo'lbarsning yaqinlashib kelayotganiga ko'zi tushdi. Yo'lbars Sataraga nisbatan ancha baquvvat, vazni uch yuz kiloga yaqin, yoshi ham taxminan ikki yarim-uchlar atrofida edi.

— Qanday kelishgan erkak! — Satara mehmonga peshvoz chiqib butazorlar tarafga qarab yurdi. — Shunday yigit bilan yashasa, hech bir urg'ochining armoni qolmasa kerak. U haqiqiy muhabbat timsoliga o'xshaydi…

— Juda chiroyli ekansan! — Sataraga suykalib erkalagan bo'ldi yo'lbars. — Senday go'zalni bir umr qidirdim. Mana, nihoyat topdim, o'zimning qirolicham!

— Siz ham menga yoqdingiz, — bosh egdi Satara. — Umrbod suyib yashashingizga ishonaman…

Navqiron yo'lbars hali nasl qoldirishga qodir emasdi. Buning uchun yana ikki yilcha vaqt kerak bo'lardi. Ishq o'tida qovrilib borayotgan Satara esa suyuklisining bu kamchiliklariga ko'z yumdi va unga ixtiyorini topshirib qo'ydi.

 

Firibgar

 

Sataraning hayotida unutilmas onlar boshlandi. U har tong shirin orzular og'ushida uyg'onar, tura solib, suyuklisining istiqboliga chopardi.

— Bu dunyoda armonim yo'q, — o'ylardi Satara. — Biz sevgilim bilan shirindan-shirin yo'lbarschalarni dunyoga keltiramiz. Qirolligimiz gullab-yashnaydi. Biz boshqa yo'lbarslarga o'xshab qolmaymiz. Albatta, bir-birimizga sodiq qolamiz.

Afsuski, shirin o'ylari uzoq cho'zilmadi. Ajoyib kunlarning birida tuni bilan qirollikka qaytmagan erkak yo'lbars birdan mudrayotgan Sataraning tepasida hozir bo'ldi. Satara yo'lbarsni ko'rdi-yu, yuragi hapriqib suyuklisi tomon talpindi. Lekin uning kuchli old panjasi boshiga gurzidek urildi va biroz gangib qoldi.

— Bu nima qilganing? — irilladi Satara. — Hazilingmi? Hazillashadigan odating yo'q edi-ku!

— Ahmoq ekansan! — boshini baland ko'tarib Sataraga sovuq boqdi erkak yo'lbars. — Kelib-kelib sen bilan hazillashamanmi? Hoziroq ket bu yerlardan! Qirollikni haqiqiy erkaklar boshqarishi zarur!

— Nima?.. — Satara avvaliga hech narsaga tushunmay, ortga tislandi. — Qanaqa qirollik?.. Men…

— Eshitganing, — yo'lbars bir hamla bilan Satarani yerga qulatdi. — Bu yerlarning qiroli endi menman! Kelganimdayoq payqamaganmiding? Men sening manavi chiroyli ko'zlaringni deb kelmaganman. Qani, dumingni tug bu yerlardan! Aks holda…

Satara ilojsiz ahvolda qolgandi. Qarshilik qilishga o'zida na kuch, na shijoat topa oldi. Bilardi, bu qadar basavlat erkakka qarshi hech qachon kurasha olmaydi. Xohlasa, burda-burda qilib tashlaydi u.

— Ablah ekansan! — alam bilan erkak yo'lbarsga boqdi-da, Satara so'nggi bor so'ngsiz kengliklarga tikildi. — Men senga ishongandim. Senga ko'ngil qo'ygandim.

— Yo'qol! — bor ovozda o'kirib yubordi yo'lbars. — Agar shu yaqin atrofda qorangni ko'rsam, g'ajib tashlayman! Daf bo'l!..

Satara boshini quyi solgancha istar-istamas qirollikni tark etdi.

Endi u olis makonlarga yo'l olishi, o'ziga boshqa joy qidirishi, ammo bu yo'lda yana qancha-qancha yangi sinovlarga bardosh berishi shart edi.

Olimjon HAYIT