TILGA HURMATDA BO'LAYLIK!

0

Sharqning ulug' allomasi Kaykovusning “Qobusnoma” asarida “So'zni bag'oyat ulug' bilgil” degan hikmat uchraydi. So'z, til benihoya buyuk qudratdir. O'zbek tilining shon-u, shavkati, tuganmas, kuch-qudrati bashariyatning aqliy va badiiy xazinasidan joy olgan juda ko'plab asarlarda mujassamdir.

Bu til sha'nini ajdodlarimiz hamma zamonlarda sarbaland etib kelganlar. Amir Temur mag'lubiyat neligini bilmas qo'shniga shu tilda qo'mondonlik qilgan. Sohibqiron tig'i yetmagan joylarni Navoiy shu tilda zabt etgan.

Bugun millat bilan birga yaralib, shonli tarixning barcha sokin va suronli davrlarini millat bilan hamnafas bosib o'tib, millat dardu quvonchiga sherik bo'lib kelayotgan, Vatan yanglig' bepoyon va muqaddas, ona kabi mo'tabar va munis, jon kabi yaqin va aziz o'zbek tilimizning maqomu martabasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida“gi qarori bilan yana bir karra yuksaldi, e'zoz topdi.

O'zbek tilimiz “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g'oyat muhim o'rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir” deya ulug'lanadi ushbu qarorda.

Til borasida yana bir yangilik. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida ko'chadagi reklamalar,joy nomlari,firmalarning nomlanishi bilan shug'ullanadigan “Nomlash” markazi ochildi. Hozirgi kunda ushbu markaz poytaxtimizdagi Chilonzor tumani bo'yicha tahlil olib boryapti.

So'zimizni ko'ngilga iftixor bag'ishlovchi qahramonimiz haqidagi fikrlar bilan davom ettiramiz. Ta Jen Shen Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon viloyatidan. Hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining doktoranturasida o'zbek tili yo'nalishi bo'yicha mustaqil tadqiqotchi. Uning maqsadi tilimizni mukammal o'rganish va o'z yurtida soha yuzasidan yoshlarga ta'lim berish.

-Hamisha shunday tilimiz borligidan faxrlanaman. Men Navoiy g'azallarini, Bobur baytlarini kuylab el ichra hurmat topdim. Xorijiy mamlakatlarda bo'lganimizda ona tilimizda kuylar ekanmiz, tilimiz sehriga mahliyo bo'lganlarni nigohiga boqib, ichim g'ururga to'lgan paytlar ko'p bo'lgan. Bizning tilimiz ardoqlanishga munosib va bu barcha soha vakillarining vazifasidir- deya ta'kidladi, O'zbekiston xalq artisti Munojot Yo'lchiyeva biz bilan suhbatda…

YuNESKO vakillarining so'zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so'zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 minggacha yetgan bo'lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo'lib, ularning 90 foizi yo'qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir.

Bu tillarda so'zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo'lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so'zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o'z yozuvlariga ega emas.

“Millat tilini yo'qatmak-millat ruhini yo'qatmakdir” degan edi Abdulla Avloniy.Shu birgina so'z tilning jamiyatda tutgan o'rnini isbotlab turibdi.

Biz ona tilimizni qanchalik sevamiz? Qachon tavallud kunlarda o'zbek tilida qutlashni odat qilamiz? Qachon “X” va “H” farqiga yetamiz.

Masalaning biz yoshlar bilan bog'liq jihati haqida ham ikki og'iz so'z. Ayrim yoshlar so'zlashuv jarayonida bir necha tilni qo'shib gapirishlarini qanday tushunish mumkin.Bir so'zi o'zbekcha, ikki so'zi ruscha-yu, yana bir so'zi inglizcha.

Hayron qolasan, balki ular bu holni zamonaviylik bilan izohlar, shu orqali o'zini ko'rsatgisi kelar, ammo muammoning og'riqli nuqtasi shuki, bu holatni ko'rib, tilga hurmatsizlikning oliy namunasini anglaysiz. Alisher Navoiy“Mahbul-ul-qulub” asarida “Tilga ixtiyorsiz-elga e'tiborsiz” deb mana shunday odamlarni nazarda tutgan bo'lsa, ne ajab.

Biz tilimiz bilan faxrlanishga haqlimiz. Ona tilimiz shunchalar boyki, qadri ham qaddi ham tog'lar kabi sarbaland.

To'plangan bilimlarimizga asoslanib aytadigan bo'lsak, bizda yig'lamoq so'zining 36 xil, yuz so'zining 8 xil, shamol so'zining 30 xil shaklini uchratasiz. Bunday ro'yxatimizni istagancha davom ettirishimiz mumkin.

Tizza orqa qismi tilimizda to'piq deb nomlanadi. Vaholanki, bu so'zni dunyoning boshqa biror tilida uchratmaysiz.

Zahriddin Muhammad Bobur o'z asarlaridan birida Alisher Navoiy turk nazmida bayroq ko'tarib, bitta qalam bilan dovrug'ini dunyoga yoyib, turk tilining o'lgan ruhiga Masih nafasdek jon ato qilganligini yozgan edilar.

Bugun ham tilimizga bo'lgan hurmatsizlik holatlar uchramoqda. Biz yoshlar ham xuddi Navoiy bobomizdek, tilimiz qaddini hamisha sarbaland etmog'imiz shart. Tilimiz bilan bog'liq muammolarning yechimi esa-ona tilimizni sevish, uni ardoqlash bilan bog'liqdir. Mana shu pallada ko'p narsa bizga bog'liqdir. Bir yoqadan bosh chiqarib, tilimiz himoyasi uchun birlashishimiz, katta maydonga chiqishimiz shart.

Haykal qo'yishga arzigulik tilimiz bor, biz bu haykalni avvalo, qalbimizda unga bo'lgan cheksiz hurmat orqali namoyon bo'lmog'i lozim, so'zlayotgan so'zlarimiz va qilayotgan amallarimiz bilan ona tilimiz qadrini yuksaltiraylik!

SOHIBJON HOTAMOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti

 

 

loading...