O'zbekistonda Sankt-Peterburg konchilik universitetining filiali ochiladi

0

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligida Sankt-Peterburg konchilik universiteti vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Universitetning oliy ta'limgacha tayyorgarlik va ijtimoiy dasturlar markazi direktori, qabul komissiyasi mas'ul kotibi V.Voronov bilan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri o'rinbosari U.Begimkulov o'rtasidagi uchrashuv samarali kechdi.

– Universitetimizga 2019-2020 o'quv yilida 17 nafar o'zbekistonlik talaba qabul qilindi, ularning ishtiyoqi tahsinga loyiq, – dedi uchrashuvda V.Voronov. – O'zbekiston oliy ta'lim tizimidagi o'zgarishlar, qolaversa, yurtingiz ta'lim va mehnat bozoridagi talabning yuqoriligi, iqtisodiyotning rivojlanishi har qanday kadr tayyorlovchilarni qiziqtiradi.

2021 yilda O'zbekistonda universitetning filialini tashkil etilishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda filialni tashkil etish bilan bog'liq tashkiliy tadbirlar muhokama qilinib, tomonlarning vazifalari belgilab olindi.

Rossiya delegatsiyasi O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan razvedka, ishlov berish, burg'ilash texnologiyasi, neft va gaz, energetika, metallurgiya, ekologik xavfsizlik, geoekologiya, mashinasozlik kabi yo'nalishlarda hamkorlikda kadrlar tayyorlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Mehmonlar bugun Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialiga tashrif buyurib, oliygohdagi sharoitlar bilan tanishdilar.

loading...