* * *
Umrim oqar suv yanglig' tezlashgani tezlashgan,
Jilg'alar irmoqlarni izlashgani izlashgan,
Ko'rolmaslar, nomardlar qasd qilishin qo'ymasdan,
Ajal kelar kunimni ko'zlashgani ko'zlashgan.
Umrim oqar suv kabi tezlashgani tezlashgan.
* * *
Balo, urma, degandim, baloning qahri keldi,
Allakimning aftidan ilonning zahri keldi,
To'g'riga yo'yilgan ish egridan egri keldi,
Gunohim savobim-la tuzlashgani tuzlashgan,
Umrim oqar suv yanglig' tezlashgani tezlashgan.
* * *
Arosatda qolganman, aldanishdan tolganman,
Qora qismat qa'rida qarg'anishdan tolganman,
Qalbim qimir etmaydi, ayting, qachon o'lganman?
Ajal qonli ko'ksim-la yuzlashgani yuzlashgan,
Umrim oqar suv yanglig' tezlashgani tezlashgan.
Olimjon HAYIT