Ukkosha kim edi?

0

Ukkosha ibn Mihsan ulug' sahobalardan bo'lib, Bani Abdushshams ibn Abdumanofning ittifoqdoshi edilar. U kishi Islomga avval kirgan peshqadamlardan bo'lib, Madinaga hijrat qilganlar. Ukkosha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan barcha janglarda qatnashdilar.

Badr kunida jang qilayotganlarida qilichlari sinib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga yo'g'on tayoq berib: «Mana bu bilan jang qil, ey Ukkosha!» – dedilar. Tayoqni olib silkitgan edilar, qo'llarida uzun yaltiroq qilichga aylandi. Ukkosha roziyallohu anhu Alloh taolo musulmonlarga g'alabani ato qilgunicha o'sha qilich bilan jang qildilar. Bu qilich “Al-avn” (yordam) deb nomlanardi. O'sha qilichlari doim uning yonida bo'lardi. U Ridda jangida halok bo'lganida ham qilichi yonida edi. O'shanda uni Tulayha ibn Xuvaylid al-Asadiy o'ldirgan edi. Bu voqeani Ibn Asir “Usdul g'oba” kitobida keltirganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan yetmish ming kishi hisob qilinmasdan jannatga kiradilar” dedilar. Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni o'shalardan qilsin” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim! Uni o'shalardan qilgin!»  – dedilar. Keyin yana bir kishi o'rnidan turib: “Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni ham o'shalardan qilsin” dedi. Shunda u zot sollalohu alayhi vasallam: “Ukkosha bu borada sendan o'zib ketdi” deb marhamat qildilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Ushbu hadisdan mana bularni olamiz:

Yaxshilikka shoshilish, musobaqa qilish, kech qolmaslik zarurligi. Yaxshilik borasida sekinlashish esa foydadan mahrum bo'lishga, orzuga yetolmaslikka, maqsadga yetishish kechikishiga, fursat qo'ldan boy berilishiga sabab bo'ladi.
Yaxshilikka uringan, shoshilgan kishini mukofotlash.
Solih amallarga shoshiluvchilarni alohida zikr qilish.
Mukofot amaldan keyin bo'ladi. Ukkosha roziyallohu anhu ungacha ko'p amal qilgan, barcha janglarda qatnashgan edilar. Alloh taolo Rasuli sollallohu alayhi vasallamning tillariga mazkur hadisni Ukkosha roziyallohu anhu borliklarida joriy qildi, Ukkoshaga esa tezkorlik bilan fursatni g'animat bilishni nasib etib, so'nggida mukofotni ato etdi.
Javob berishdagi lutf, muloyimlik. U zot sollallohu alayhi vasallam ikkinchi so'ragan kishiga “Sen loyiq emassan”, “Sen munosib emassan” demadilar. Balki uning ko'ngliga botmaydigan qilib, “Ukkosha bu borada sendan o'zib ketdi” dedilar va bu bilan qayta so'rash eshigini berkitdilar.
“O'zib ketdi” degan so'z bilan yaxshilik masalasida musobaqalashish kerakligini bayon etdilar.
Musobaqada yutgan kishining ismini eslatib, boshqalarga namuna qilish. Ukkosha deb e'lon qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Ummatimdan yetmish ming kishi hisob qilinmasdan jannatga kirishi berildim. Ularning yuzlari badr (oy to'lgan) kechadagi oydek va qalblari bir odamning qalbidek bo'ladi. Men Rabbim azza va jalladan yana qo'shishini so'radim. U menga har birlari bilan yetmish mingta qo'shib berdi”.

Bu hadisi sharifni imom Ahmad “Musnad”larida rivoyat qilganlar. Ustozlarimizdan Mubashshir Ahmad hafizahulloh ushbu hadisni tarjima qilib, ostiga quyidagicha izoh yozganlar: “Men hisoblagichni olib yetmish mingni yetmish mingga ko'paytirdim. 4900000000 (to'rt milliard to'qqiz yuz million) chiqdi. Ey karami keng Zot, Rasuling sollallohu alayhi va sallamning bir so'rovlariga yetmish ming barobar qo'shib berding. Biz ham o'zimizning holimizdan kelib chiqib o'tinamiz, bizni o'sha to'rt millard to'qqiz yuz milliondan bittasi qilgin! Yo Robb, bizni hisob berishga majolimiz yo'q.

Alloh taolo bizni ham ana shu hisobsiz jannatga kiruvchilar safida qilsin!

 

Internet ma'lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

loading...