Jannatning barcha eshigidan kirishi mumkin bo'ladigan kishi…

0

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Kim Alloh yo'lida ikki bor infoq qilsa-biror narsa sarflasa (yoki ma'nosi: Alloh yo'lida ikki juft ot, tuya, eshak, dinor va hokazo sarflasa), jannat eshiklaridan biridan chaqiriladi: kim namoz ahlidan bo'lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo'lsa, jihod eshigidan, kim ro'za ahlidan bo'lsa, Rayyon eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo'lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi». Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu shunda: «Ey Alloh payg'ambari, ota-onam sizga fido bo'lsin, barcha eshiklardan kirish fazilati ham bo'larmikan, biror kishi barcha eshiklardan ham chaqirilib qoladimi?» deb so'radilar. Payg'ambar alayhissalom: «Ha. Siz o'shalardan bo'lsangiz kerak» deb javob berdilar.

Bu ulug' hadis shariflardan bo'lib, unda shariatda eng muhim bo'lgan asoslardan biriga ishora etilgan. Bu – musulmonlarning hammalari ham bir xil emasligi, har kimning, har amalning o'z o'rni borligi asosidir. Hofiz Ibn Abdul Barr mazkur hadisni keltirganidan so'ng, uning sharhida quyidagi so'zlarni aytadi (At-tamhid kitobi, 7/184-185):

«Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan biri shuki, Islom targ'ib etgan amallarni bajarishda har kim ham hamma sohada ilg'or bo'lolmaydi, birida jonbozlik ko'rsatsa, aksar hollarda boshqasidan mahrum qolishi mumkin, juda kam holatlarda bularning barchasi bir kishida to'planadi, Abu Bakr roziyallohu anhu ana shunday nodir kishilardan edilar. Bu hadisda yana shunga dalolat borki, bir narsaga ko'proq odatlangan kishi o'shanga mansub etib qayd etiladi (albatta, bu yerda farzi ayndan tashqari bo'lgan ibodatlar haqida gap ketmoqda). «Kim namoz ahlidan bo'lsa», degan so'zlariga e'tibor bering, ya'ni «kim namozdan ko'paytirgan, ko'p o'qigan bo'lsa» degani. Negaki, hamma ham namoz ahlidan ekani ma'lum. «Kim jihod ahlidan bo'lsa», «kim ro'za ahlidan bo'lsa» deganlari ham shu ma'noda.

Imom Molikning Abdulloh ibn Abdulaziz Umariy nomli zohid, obid kishiga aytgan so'zlari ham shunga o'xshab ketadi. Mazkur zohid bir kuni imom Molikni ko'proq uzlatga da'vat etib, zikru namoz, amalni ko'paytirishga, odamlar bilan hadeb o'tiravermaslikka chaqirib xat yozadi. Imom Molikning unga javobi quyidagicha bo'lgan edi: Alloh taolo xuddi rizqlarni bo'lib berganidek, amallarni ham taqsimlab qo'ydi; ba'zilarga namozda g'ayrat berilib, ro'zada uncha berilmagan bo'lsa, ayrimlar ro'zada peshqadam bo'lib, namozda bunday bo'lmagan, yana boshqalar sadaqada jonbozlik ko'rsatib, ro'zada ilg'or bo'la olmagan, tag'in birlar jihodda o'rnak bo'lib, namozda o'rtahol bo'lgan. Ilmni yoyib, undan ta'lim berish eng afzal ezgu amallardan hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo menga berib qo'yganiga roziman. Men qilayotgan ish siz qilayotgan amaldan quyi bo'lmasa kerak, ikkimiz ham yaxshilik ustidamiz, deb umid qilaman».  Ibn Abdul Barrdan keltirilgan iqtibos tugadi.

Yuqorida aytilgan so'zlardan olinadigan xulosa shuki, amal maydoni juda keng maydon. Unda mujohidga ham, olimga ham, da'vatchiga ham, saxiyga ham, zohidga ham, odamlar og'irini yengil qilib yurgan boshqa sohadagi kishilarga ham, hammaga joy bor. Bularning barchasi bir bo'lgan holda yaxlit Islomni namoyon qilmog'i lozim.

Odam o'zining qilayotgan ishiga mag'rur bo'lib, boshqalarni malomat ostiga olmog'i shu katta asosning unda buzilganidan dalolat beradi. Kim o'zida bunday holatni sezsa, ixlosini qayta ko'rib chiqsin, o'zining ustida yaxshilab ishlasin. Salaflar qalbda bunday g'urur paydo bo'lib qolmasin, deb o'z nafslari ustida o'n yillab, yigirma yillab ishlar edilar. Negaki, amallarning sof bo'lishi, barcha g'urur, kibr, o'zga (sohadagi)larni mensimalik kabi illatlardan pok bo'lishi uning maqbul amallar jumlasiga kirishiga yo'l ochadi. Aksincha, kishida bunday illat paydo bo'lishi esa xuddi ichiga qurt tushgan meva kabi bo'ladi, sirtdan chiroyli ko'rinadi-yu, ichi qurtlagan bo'ladi.

Alloh taolo barchamizni ixlosdan ayirmasin, gap-so'zlarini, ishlarini ixlos tarozisi orqali o'lchaydigan, amali habata bo'lib ketishidan hadikda bo'lib turadigan kamtar mo'minlardan qilsin. Qilayotgan amaliga mag'rur bo'lib qolib, oxiratda quruq qoladigan baxtiqarolardan qilib qo'ymasin. Omin.

Sayfulloh Nosir

 

azon.uz

loading...