7 nafar mingbuloqlik oilaga ko'rsatilgan g'amxo'rlik

0

Nozimjon Do'stmatov Mingbuloq tumani Oybek mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiladi. Kuni kecha xonadoniga Byuroning tuman bo'limi boshlig'i, xududga biriktirilgan davlat inspektori hamda “Iftixor Zahro” fermer xo'jaligi rahbarining tashrifi ularni behad xursand qildi. Boisi, ushbu oila mahallada kamxarj oila hisoblanib, foydalanilgan elektr energiyasidan salkam 5,5 mln so'm qarzdorligi bor edi. Bundan tashqari, talabnoma shartlarini bajarmagan uchun tarmoqdan ajratilgan va qayta ulov uchun 446 ming so'm to'lashi lozim edi. Aynan Byuro tashabbusi bilan saxovatpesha insonlar yordamida mana shunday oilalarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklardan ushbu xonadon ham bebahra qolmadi. Oilaning qayta ulov hamda elektr energiyasidan bo'lgan qarzdorlik to'liq to'lab berildi.

— Mana shunday saxovatli kishilar bor ekan, biz hech ham e'tibordan chetda emasmiz, — deydi Nozimjon Do'smatov. Aynan bugungi ularning bizning oilaga ko'rsatgan g'amxo'rligi uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Darhaqiqat, Byuroning tuman bo'limi tashabbusi bilan har bir mahallada mana shunday tadbirlar davom etmoqda.

Xususan, Mustaqillik mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi Murodjon Otajonovlarning ham salkam 6,5 mln so'm qarzdorligi va qayta ulov uchun hisoblangan 446 ming so'm “Qumloq oltin balig'i” fermer xo'jaligi tomonidan to'lab berildi.

— Byuroning Mingbuloq tuman bo'limi tomonidan har bir mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilarning ro'yxati olindi, — deydi bo'lim boshlig'i Jahongir Rahimov. Ularning qarzdorliklarini bartaraf etish bo'yicha “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limlari bilan xududlarda yashovchi fermer xo'jaliklari, tadbirkorlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etdik. Aynan Byuro tashabbusini qo'llab-quvvatlovchi fuqarolarning ko'pligi bizni xursand qildi. Birgina, 30 oktyabr kunning o'zida 7 nafar fuqarolarimizning salkam 17,5 mln so'm qarzdorliklari to'lab berildi.

Bunday xayrli tadbirlar shahar va tumanlarda davom etmoqda.

loading...