To'ti Yusupova: “Yo aktrisalikni tashlaysan yoki o'lasan”, deb shart qo'yishdi…”

0

Kimgadir “Kelinlar qo'zg'oloni” spektaklidagi Sotti, kimgadir “Abdullajon” filmidagi sodda, jaydari ayol yoki sevib tomosha qiladigan “Otalar so'zi— aqlning ko'zi” videofilmlari orqali mehribon ona, buvi obrazlari orqali yaxshi tanish bo'lgan, O'zbekiston xalq artisti To'ti Yusupova “Human.uz” axborot portali jurnalistiga o'tgan 65 yillik ijodiy faoliyati haqida so'zlab berdi.

— To'ti Yusupova deganda ko'z oldimizda mehribon, hokisor ona bir qaraganda sodda, jaydari ayol gavdalanadi. Bolaligingiz, san'atga kirib kelishingiz barchaga qiziq…

— Menimcha, ota-onasi hayot bo'lganda, hammaning bolaligi beg'ubor o'tsa kerak. Bolaligim boshqalarnikiga o'xshash quvnoq biroq biroz murakkab kechgan. Urush davrida yo'qchilik, ocharchilik zamonida o'tgan. Bu yillarni yaxshi eslayman. Hammaning oilasida erkaklar yo'q edi. Chunki ular urushga ketgan. Faqat ayollar, qizlar, yosh kelinchaklar edik. Men maktabda o'qirdim. Darsdan so'ng onamga yordam berardim. Qo'limdan ko'p ish kelmasa-da, Tamaraxonimning “Suv kelar qosh ustida huv” ashulasini qoyilmaqom aytib, dalada ketmon chopayotgan ayollarni ruhlantirardim, kayfiyatini ko'tarardim. “Ana, To'ti keldi, endi zerikmaymiz”, deyishardi. U paytlari svet bo'lmasdi. Kimdir chiroq, kimdir sham yoqardi. Kimningdir uyiga qoraxat kelsa, unga hammamiz dalda bo'lardik. Bilasizmi, o'sha damlar odamda qandaydir kuch, so'nmas iroda paydo bo'lar ekan.

Bolaligimni hozirgi davr bilan solishtirsam, juda ayanchli o'tgan ekan, deb o'ylab qolaman. Biz bir yayrab o'ynamaganmiz, to'yib ovqat yemagan ekanmiz. Hammasi rejissyor tomonidan tuzilgan bir hayotga o'xshaydi. Buni men endi tushunyapman. Odamlarning g'amiga sherik bo'lib, biroz bo'lsa-da, mashaqqatlarini unutishlari uchun sakrab-sakrab raqsga tushardim.

— Demak, san'atga qiziqishingiz o'sha paytlardan boshlangan ekan-da.

— Yaxshi eslayman, otamni urushga kuzatish uchun vokzalga chiqqanimizda ular meni ko'tarib oldilar-da, “Og'zingni och”, dedilar. Keyin og'zimga tuflab qo'ydilar. O'shanda onamga “Shu qizimni qanday bo'lmasin, o'qitgin. Bundan bir narsa chiqadi”, deb tayinlagan ekanlar. Shuning uchun ham 1949-yillar qiyinchiliklardan endi chiqqan paytlarimizdan so'ng onam meni Samarqand shahridagi Xotin-qizlar bilim yurtiga olib keldilar. Men o'sha yerda teatr borligini, artistlar — ayollar, erkaklar ishlashini bildim. San'atning shaydosi bo'ldim. Hech narsa qulog'imga kirmasdi. Ko'z oldimda faqat sahna, o'sha artistlar, spektakllar gavdalanardi. O'qishdan ketdim hisob. Faqat teatrning atrofida aylanib yurardim. Texnikumimizning ro'parasida Samarqand viloyati teatri joylashgan edi. Rejissyorimiz meni chaqirib nima ish qilishimni so'raganida lapar aytaman, raqsga tushaman, artist bo'laman dedim. Shunda “Suv keladi…”, “Yoshligim, yoshligim mening yoshligim” laparini aytib berdim. Shu-shu teatrga qabul qilindim.

Meni sahnada ko'rgan butun qarindoshlarim, jigarlarim artist bo'lishimga tish-tirnog'i bilan qarshi bo'ldi. “Yo o'lasan yoki san'atni tashlaysan”, deyishdi. “O'lsam, o'lamaki lekin bu yo'ldan qaytmayman”, deb yakdil qarorda turib olganman.

— Keyingi taqdiringiz nima bo'ldi? Toshkentga kelishingizga nima sabab bo'ldi?

1953-yilda teatrimizga Toshxo'ja Xo'jayev keldilar. O'sha paytlari Abdulla Qahhorning “Shohi so'zana” asari sahnalashtirilgandi. Unda bosh qahramon, Hafiza rolini ijro etdim. O'n olti yoshda edim. Toshxo'ja Xo'jayev Toshkentda “Teatr va rassomchilik instituti” (hozirgi O'zbekiston Davlat San'at va madaniyat instituti) borligini, u yerda o'qisam, yaxshi aktrisa bo'lishimni aytdilar.

Biroq qo'limda hech qanday hujjat yo'q edi. Maktabga borib, qayta imtihon topshirib, shahodatnoma olganman. Shunda Teatrimiz Toshkentga gastrol safariga bordi. Eski Hamza hozirgi (O'zbek milliy akademik drama teatri)da spektakl qo'ydik. Bu yerda o'sha ustozim Toshxo'ja Xo'jayev bilan ko'rishdim. Meni Toshkentda olib qoldilar. Institutga olib bordilar. Yotoqxona bilan ta'minlashdi. O'sha paytlarda hamma imtihonlar rus tilida olib borilgan. Men esa rus tilini umuman bilmasdim.

Rus tarixi imtihoniga rejissyor Turg'un Azizov bilan birga topshirdim. Bizning paytda maktabda darslar deyarli o'qitilmasdi. Bolaning intilishiga qarab, sinfdan sinfga ko'chirilaverardi. Hatto, o'qituvchining o'zi yo'q edi. Turg'un Azizovga bilganimcha bir narsalarni so'zlab berdim. U esa gaplarimni tarjima qilib turdi. Keyin rus tilida insho yozish kerak edi. Bunda menga rahmatli turmush o'rtog'im Mirg'iyos Soatov yordam berdilar. Uchinchi kuni aktyorlik mahoratimiz sinovdan o'tkazildi. Urush payti jang maydonida bolasini ko'tarib qochayotgan ona qahramonini ijro etib berdim. Shunda Radun degan o'qituvchimiz ijroyimni ko'rib, a'lo baholadi. Shunday qilib, ikkita 4 va bitta 5 ball bilan oliygohga qabul qilindim.

Alo baholarga o'qidim. Sohamni yanada chuqurroq o'rgandim. Shiller asari asosida sahnalashtirilgan “Makr va muhabbat” spektaklida bosh rolni ijro etib, 1956 yilda O'zbek milliy akademik drama teatriga ishga kirdim. Mana salkam oltmish besh yil bu yerda katta-kichik obrazlarni yaratib kelyapman. Bilmaganimni o'rgandim. Bilganlarimni o'rgatdim. Kelganimda yosh, sodda qiz edim. Hozir ham soddaman meni osongina aldash mumkin. Sora Eshonto'rayeva, Mannon Uyg'ur, Shukur Burhonov — bularning hammasi bilan bir davrda yashash va ishlash menga nasib qildi. Bunga shukr qilaman. Teatrda o'z o'rnimni topdim.

— Ko'pincha aktrisalar oila qurganidan so'ng san'atdan yiroqlashadi. Sizda bu jarayon qanday kechdi?

— Turmushga chiqqanimdan keyin ustozimiz va kursdoshlarim bilan turmush o'rtog'imning uyida kichkinagina dasturxon tuzadik. Shu bizning to'yimiz bo'ldi. Bu hayotimning eng shirin damlari edi. Bir-birimizga dalda bo'lib keldik. Turmush o'rtog'im doim menga suyanch bo'ldilar. O'tganlariga besh oy bo'ldi. Ajoyib inson edilar, kamtarin, shinavanda. Barcha rollarimda yonimda madad bo'lib turganlar.

Keyinchalik izimga tushgan qarindoshlarimning: “To'ti hech kimga quloq solmasdan o'ziga chiroyli kelajak yaratgan ekan”, degan gaplarini eshitdim. Chunki o'sha paytda meni ko'rgan yaqinlarim “To'ti artist bo'libdi”, deb ta'na qilishardi. U davrda san'atkorlarni tushunishmasdi.

Hozirgi kunda men o'qigan maktabda ijodiy burchak qilingan. Unda bosib o'tgan yo'lim, o'ynagan rollarim haqida ma'lumot bor.

— Tomoshabin sizni “Kelinlar qo'zg'oloni” spektaklidagi Sotti, “Abdullajon” filmidagi Xolida obrazlaringiz bilan tanib qolgan. Buning sababi nimada?

— “Kelinlar qo'zg'oloni” aslida kichik hikoya bo'lgan. Bahodir Yo'ldoshev Said Ahmad akaga kelib, iltimos qilganlaridan so'ng uni kengaytirib, spektakl qilib berdilar. Men o'z oldimga maqsad qo'yib oldim: Sotti Farmonbibining “otgan o'qi, shaxsiy tansoqchisi”. Sottining “qars-qurs”, saqich chaynashi, oyog'iga katta kovush kiyib uyoqdan bu yokka borib kelishi. Bularning barchasi mening topilmalarim. Ko'ylaklarimni o'zim tikdim.

65 yil davomida ijodimda Sotti boshqa obrazlarimga o'xshamagan xarakterdagi yagona obraz bo'lib qoldi. “Boy ila xizmatchi”da Xonzoda, “Qutlug' qon”da Nuri qahramonlarini yaratdim. Bular Sottichalik shuhrat qozonmadi.

Inson hamisha yaxshilikka intilib yashashi kerak. Shukrki, xalq meni tanidi, san'at yo'lini tanlashimga qarshilik qilgan qarindoshlarim esa mehnatimni ardoqladi. Ozmi-ko'pmi shogirdlarim bor. Ulardan bittasi men faxrlanadiganim, ishonganim — Lola Eltoyeva. Tirishqoq, qobiliyatli aktrisalardan. Mehnati va iste'dodi sabab O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist bo'ldi. Kelajakda ana shunday artistlarimiz ko'payaversin.

Zarnigor ABDUVOHIDOVA

loading...