Siz Alloh ta'riflagan ermisiz?

0

Er sifatida ayolingiz oldidagi vazifa va majburiyatlaringiz.

Ayolingizni oilasidan uyingizga olib keldingiz. Ota-onasining himoyasidan chiqarib oldingiz. Uning valiysi – otasi bor edi. Xursandchiligi-yu o'ksib qolmasligi, ozor chekmasligi haqida qayg'urish aynan otasining zimmasida bo'lgandi. Otasi uni barcha kamsitishlardan, u xoh ruhiy, xoh hissiy, xoh jismoniy bo'lsin, himoya qilardi. Ayolingizning hayotida otasining o'rni mana shunday edi. Siz kelib, nikoh ahdnomasini imzolaganingizdan va uni tan mahramlikka olishga roziligingizni bildirganingizdan keyin ayolingiz otasining zimmasidagi mana shu vazifalar sizning zimmangizga o'tdi. Endi ayolingiz uchun nafaqat himoyachi bo'lishingiz, balki otasi uning hayotida tutgan o'rnidan ham ko'prog'ini qilishingiz kerak bo'ladi. Chunki sizning u bilan munosabatingiz kengroqdir. U –farzandlaringizning onasi. Bunda hissangiz ko'proq bo'lishi kerak. Ya'ni endi siz u uchun qo'rg'on bo'lishingiz kerak. Ayni paytda o'g'il farzand ham hisoblanasiz. Ham otangizga, ham onangizga o'g'ilsiz. O'zingiz ham yaxshi bilasizki, biz e'tiqod qiladigan dinimiz ota-onamizga hatto uf deyishimizga ruxsat bermaydi. Ularga nisbatan ovozingizni ko'tarishingiz mumkin emas.

Mana shu yerda ikki tomonga yo'nalishga majbur bo'lasiz. Biri – jufti halolingiz oldidagi ulkan majburiyatlar. Qur'oni Karimda nikoh og'ir shartnoma, yengil bo'lmagan qiyin bir kelishuv sifatida ta'rif etiladi.

Oldingizda turgan ikkinchi yo'nalish – ota-onangiz oldidagi ulkan javobgarliklar. Ba'zan shunday hollar bo'ladiki, ushbu yo'nalishlardan birini tanlashingizga to'g'ri keladi. Bunday holatda qilishingiz kerak bo'lgan ish ularni ikkiga ajratib olishdir. Ayolingiz uchun nimalar qilishingiz, u haqida qanday qayg'urishingiz va qanday himoya qilishingizni belgilab olasiz. Ota-onangizga ham bu haqida ma'lum qilib: “Meni sizlar voyaga yetkazgansizlar, men sizlarni farzandingizman, men bilan nima qilmoqchi bo'lsangiz ixtiyoringiz. Men barchasini qabul qilaman. Ammo siz unga bunday qila olmaysiz. Unga biror narsa deya olmaysiz. U sizniki emas. U sizning majburiyatlaringiz ostiga kirmaydi va u sizning farzandingiz emas”.

Ayniqsa, men ulg'aygan jamiyatda qaynona va qaynotalar nima deyishadi, bilasizlarmi? U xuddi o'zimning qizimdek, deyishadi. Xuddi oilamizga o'z qizimizdek bo'lib keldi, deyishadi. Oilangizda mana shunday so'zlar jaranglay boshladimi, bundan hazir bo'ling. Qizlar buni haqiqatda istashadi. Chunki ular o'zlari haqida oilaning qiz farzandi ekanligini eshitishsa, muammo vujudga kela boshlaydi. Oradan atigi bir necha hafta o'tgach, ayolingizning qanday ovqat tayyorlagani yoki tayyorlay olmagani haqida fikrlar bildirila boshlaydi. Ovqatga kam tuz solibdi, kelin dangasa ekan, tozalamabdi kabi har turli gaplar chiqa boshlaydi. Yo'q, yo'q, yo'q! Er-xotin va ota-ona o'rtasidagi munosabat aslida o'zaro bir-birini hurmat qilishdan iborat bo'ladi. Ayolingiz ularga hurmat ko'rsatishi kerak, ota-ona ham ayolingizga nisbatan hurmat ko'rsatishi lozim. Ammo gap ayolingizning ota-onangiz oldidagi majburiyatlariga kelsa, u holda ma'zur tuting, uning ota-onangiz oldida hech qanday majburiyatlari yo'q! Agarda shu paytgacha ayolingizni ular oldida majburiyatlarga ega deb o'ylab yurgan bo'lsangiz, bundan afsusdaman. Ammo ayolingiz ota-onangizga buysunishga majbur emas. Agarda uni ota-onangizga buysunishga va ularning xizmatlarini qilishga majburlayotgan bo'lsangiz, demak, unga nisbatan haqsizlik qilyapsiz. Uni o'ksityapsiz va o'z burchingizni o'rinli ado etmayapsiz. Unga g'amxo'rlik qilishingiz kerak edi. Uyingizga xizmatchi olib kelmadingiz. Uni bu ishlarga majburlar ekan, sabr-toqatli bo'lishga undab, ota-onangiz keksayib qolganini, ular nimani ixtiyor qilishsa, shuni so'zlashlari mumkin deya uqtirishga harakat qilib, ayolingizga ma'ruzalar o'qishingiz kerak emas. Yo'q, yo'q, yo'q!

Hatto o'z oilangiz qandaydir holatda xatolikka yo'l qo'ysa ham, Alloh taolo bizni adolatli bo'lishga buyuradi. O'zingizga nisbatan qarshi bo'lsa ham, adolat pallasini tutishga buyurilgansiz. Bu degani biror narsani yanglish qilib qo'ydingizmi, buni tan olishingiz kerak. Agarda ota-onangiz tomonidan biror xatolik sodir etilgan bo'lsa, ularga mehr-muhabbat bilan, hurmat-ehtirom ko'rsatgan holda, boshingizni quyi egib, muloyim ovozda: “Onajon, bunday qilolmaysiz. Iltimos, meni kechiring, ammo bunday qila olmaysiz”, deyishingiz kerak. Yoki otangizga: “Otajon, meni kechiring, ammo bunday qilish to'g'ri emas. Bunga yo'l qo'ya olmayman”, deb ma'lum qilishingiz kerak. Ularga qo'shimcha qilib, uning haq-huquqlarini poymol qilishga yo'l qo'ymasligingizni, chunki Alloh taolo  ertaga ayolingiz borasida ulardan emas, sizdan ayolingiz ustidagi majburiyatlaringizni ado etgan yoki etmaganligingiz haqida hisob so'rashini aytishingiz mumkin. Agarda siz ayolingiz uchun himoya qo'rg'oni bo'la olmas ekansiz, demak, Alloh taolo sizdan er sifatida kutadigan majburiyatlarni suiiste'mol qilayotgan bo'lasiz.

No''mon Ali Xon ma'ruzalaridan

Tarjimon: Ummu Mahammadiyn

loading...