QOChQINDAGI ARISTON…

0

 

Primorskdagi turmadan birdaniga uch mahbus qochib ketishga erishdi. Qarangki, ular oddiy qoshiq yordamida yerosti yo'li qazigan ekanlar…

 

YoMON TO'DA

 

Bolalikdan Yegor do'stlarga yolchimadi. U yashaydigan shaharcha ham mundoq odam yashaydigan taxlitda emasdi. Shahar o'rtasida qahvaxona. Uning ro'parasida esa, turma. Qahvaxonada shu sabablimi asosan militsiya xodimlari, qamalib chiqqanlar birgalikda o'tirib ulfatchilik qilishardi…

Nima qilsin? Ulg'ayib Yegor ham o'shalarga qo'shildi. Ulfat shu ekan-da deya kunini o'tkazaverdi. Afsuski, qamoq ko'rganlardan yuqdimi, bilmaydi, o'zi ham kunlarning birida qamaldi. Ammo kamera eshigi tashqaridan yopilishi hamono bu yerlardan qanday qochib ketish to'g'risida bosh qotira boshladi. To'g'ri-da, yoshi qirq beshga borib qoldi. Turmadan qachon chiqadi-yu, qachon shirin hayot kechiradi…

Kameradoshlari ikki kishi edi. Biri g'irt nashavand, ikkinchisi bosqinchi. Ularning yo'qotadigan hech narsasi yo'q. Yegorning rejasini baravariga qo'llab-quvvatlashdi…

Uchovlashib rejani qanday amalga oshirish masalasini kelisha boshlashdi…

 

«XATA» IZLAB…

 

Dyumaning «Graf Monte Kristo» romanini o'qigan bo'lsangiz kerak. Roman qahramonlari ham Fransiyada eng jirkanch va xavfli turma hisoblangan If qal'asidan qochib ketishga muvaffaq bo'lishgan. Yegorning xayoliga ham xuddi shunday fikr keldi. Demak, qochishning eng maqbul usuli yerosti yo'li kovlash. Ammo nima bilan kovlash mumkin?..

Egor, kameradoshlari kamera devori ostilarini tekshirib chiqishdi. Baxtni qarang, o'rnatilgan betonlar, toshlar juda yumshoq chiqib qoldi. Orasiga temir aralashtirilmagan…

Kameradoshlar endi nima bilan yer qazish haqida bosh qotira boshlashdi. Qidira-qidira, buning ham imkonini topishdi. Oddiy osh qoshiqda kovlay boshlashdi. Ko'pchilik-ko'pchilik-da! Kechalari tinim bilmay ter to'kishdi. Kunduzlari esa, kovlangan joyni latta-puttalar bilan yopib, soqchilar ko'zidan pana qilishdi. Nashavandga ham, bosqinchiga ham baribir edi. Bir kunmas bir kun qo'lga tushishlarini bilishadi. Ozgina muddat bo'lsa-da tayin joy topib maishat qilib olishsa bo'ldi. Keyin bir gap bo'lar…

Ish shu qadar puxta ediki, turma rahbarlarining xayoliga kelmasdi bunday hiyla ishlatilishi. Shu sababli ularda gumonsirash degan narsaning o'zi yo'q hisob…

Nihoyat yerosti yo'li tayyor bo'ldi. Endi tezroq turmadan daf bo'lish lozim…

Shu kecha uchovlari osongina turmani tark etishdi. Chunki tezroq harakat qilinmasa bo'lmaydi. Qochganlarini bir-ikki soat ichida sezishadi. Qisqa muddat ichida shahardagi barcha yo'llar yopiladi. Unda kech bo'ladi…

 

QO'LGA OLISh OPERASIYaSI

 

— Men sizlar bilan uzoqqa borib o'tirmayman, — dedi nashavand yo'lda. — Yaxshisi, uyga boraman. Uyim yaqin. Qo'lga tushgunimcha picha kayf qilib olsam bas…

— Unda bizni sotib qo'ymaslikka qasam ich! — dedi bosqinchi. — Har qalay, jon shirin. Sotib qo'ysang hammamizga yomon bo'ladi.

— Qasam ichaman!.. Boraveringlar!..

Nimayam qilishsin? Nashavand bilan xayr-xo'shlashishdi-yu, yo'lda davom etishdi.

Uzoq izg'ib yurishlardan so'ng Yegor va bosqinchi bir «xata» topishdi. Bu yerda qari kampir yolg'iz yashardi.

— Uyda yana kim bor? — do'q aralash so'roqqa tuta ketishdi kampirni. Qo'rqib ketgan onaxon titrab-qaqshab ularni dasturxon atrofiga taklif etdi.

— Bolalarim, men yolg'iz yashayman. Lekin bugun kechqurun qorovullikka borishim lozim. Bormasam bo'lmaydi. Sizlar bemalol dam olaveringlar!..

Avvaliga kampirni tashqariga chiqarishga rozi bo'lishmadi. Kim bilsin, sotib qo'ysa… Biroq qo'yib yuborishmasa ham noto'g'ri ish qilgan bo'lishadi. Ishxonasidagilar xavotir olib bu yerga yetib kelishsa, qo'lga tushishlari aniq.

— Bo'pti, ketaver! — dedi Yegor. — Faqat biz haqimizda birovga ayta ko'rma! O'lasan!

— Voy, bu nima deganing, bolam?..

Kampir shosha-pisha kiyimlarini kiydi-yu, uyni tark etdi…

Albatta, ishxonaga kelib birinchi qilgan ishi militsiyaga xabar berish bo'ldi. Oradan bir soatlar o'tib-o'tmay, hovliga militsiya naryadi yetib keldi. Qochoqlar osonlikcha qo'lga olinib turmaga qaytarildi…

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading...