Xato qilishimizni kutishmasin…

0

Shu yilning 5 noyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o'zining rasmiy davaktiv.uz saytida “Saylovda qatnashish – har bir fuqaroning siyosiy huquqidir” mavzuida siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etganligi va unda O'zLiDePdan hech kim qatnashmaganligi borasida xabar tarqatdi. Ana shu xabarga tayanib, u24.uz internet saytida “O'zLiDeP nega saylov oldi davra suhbatlariga bepisandlik bilan qaramoqda?” sarlavhasi ostida maqola e'lon qilindi.

Xo'sh, O'zLiDeP davra suhbatida nega ishtirok etmadi degan savolga javob berib o'tsak. Birinchidan, agentlik tomonidan o'tkaziladigan tadbir haqidagi rasmiy xat O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi qabulxonasiga elektron pochta orqali joriy yilning 5 noyabr kuni soat 10:07 da yuborilgan. E'tibor bering, davra suhbatiga sanoqli daqiqalar qolganda xabarnoma jo'natilyapti. Vaqt har qancha tig'iz bo'lsa-da, biz ushbu tadbirga  vakilimizni jo'natardik ham. Lekin aynan 5 noyabr kuni O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining IX s'yezdi bo'lib o'tishi belgilangan va tabiiyki, partiyaning eng nufuzli anjumanini bekamu ko'st o'tkazish, tashkiliy masalalarni joy-joyiga qo'yish uchun siyosiy kuchning barcha darajadagi xodimlari unga jalb etilgandi.

Taassufki, agentlik tomonidan uyushtirilgan tadbir haqida hech qursa bir kun avval xabar berilganida edi, bu davra suhbatida qatnashardik. Negaki, aynan o'sha, partiya s'yezdi bo'lib o'tgan kuni “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tashkil etilgan brifing hamda Xalqaro press-klub Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi bilan hamkorlikda “O'zbekistonda sog'liqni saqlash sohasi islohotlarida siyosiy partiyalarning o'rni va ishtiroki” mavzuida press-kofe formatida o'tkazilgan ochiq muloqotda ham O'zLiDeP vakillari ishtiroki ta'minlandi-ku! Boisi, tashkilotchilar bizni bir kun oldin xabardor qilgan edi.

O'rni kelganda shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zLiDeP har qanday formatdagi tadbirlarda har doim faol qatnashgan va o'z pozitsiyasini mustahkam himoya qilib kelmoqda. Bundan buyon ham u seminar, debat, ochiq muloqot bo'ladimi, ishonch bilan qatnashishga doimo tayyorligini eslatib qo'ymoqchimiz. Faqat yuqorida aytganimizdek, bu kabi tadbirlardan bizni oldinroq xabardor qilishsa bo'lgani.

Endi “O'zLiDeP nega saylovoldi davra suhbatlariga bepisandlik bilan qaramoqda?” degan maqolaga muxtasargina javobimiz shunday: birinchidan, bu maqola O'zLiDePni qachon, qaerda xato qilar ekan, deb kechani kecha, kunduzni kunduz demay, pinhona poylab yuradigan va partiyamiz bilan ochiq kurashdan cho'chiydigan ayrim “raqibchalarimiz”ning buyurtmasi asosida tayyorlangani shundoqqina sezilib turibdi.

Maqola muallifi O'zLiDeP vakillari ushbu maydonda bo'y ko'rsatishni istamagani biroz g'alatiligi to'g'risida ko'p va xo'p gapiribdi. Juda yuzaki yozilgan va maqsadi qanday bo'lmasin O'zLiDePga kichkina bo'lsa-da, yana bir marta toshcha otib qo'yishni ko'zlagan muallif fikrlarini sharhlab o'tirishga esa hech qanday hojat yo'q. Lekin ushbu agentlik “maydonida”, ya'ni  Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyat yuritayotgan maydonda O'zLiDeP albatta “bo'y ko'rsatadi”. Chunki partiya davlat aktivlaridan foydalanishda samaradorlikka erishish bugun iqtisodiyotimizning eng og'riqli, tanqidiy qayta ko'rib chiqishni talab qiladigan nuqtalaridan biri deb biladi va albatta bu sohada boshqaruvning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish vaqti keldi deb hisoblaydi.

Partiyaning saylovoldi chiqishlari davrida bu borada hali kengroq fikrlar bildirib o'tiladi va o'ylaymizki, agentlik rahbariyati va vakillari bilan ushbu muloqotlar jarayonida hali ko'p bora uchrashamiz, muloqotda bo'lamiz.

O'zLiDeP bundan keyin ham barcha darajada uchrashuvlar, muhokamalar uchun o'zining ochiq, oshkora tayyor ekanligini bildiradi.

 

Akbar MUZAFFAROV,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo'mitasi bo'lim boshlig'i

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here