Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro'zmetov YTH oqibatida halok bo'ldi

0

Xorazmlik taniqli jurnalist Davlatnazar Ro'zmetov 6 noyabr kuni yuz bergan yo'l-transport hodisasi oqibatida halok bo'ldi. Bu haqda jurnalistning jiyani o'z Facebook sahifasida xabar berdi.

«Ming afsuslar bo'lsinki, amakim Davlatnazar Ro'zmetov 6 noyabr kuni kechqurun avtohalokat oqibatida olamdan o'tdi», — deb yozadi Furqat Ro'zmetov.

Ma'lum qilinishicha, jurnalist bugun, 7 noyabr kuni so'nggi manzilga kuzatiladi.

Davlatnazar Ro'zmetov keyingi paytlarda o'zining shov-shuvli postlari va tanqidiy maqolalari bilan tanilgan edi.

U 2018 yilning oktyabrida Qo'shko'pir tuman hokimligi binosida o'tkazilayotgan yig'ilishga kirib, yig'ilish ishtirokchilarini rasmga olmoqchi bo'lganida, tuman hokimi o'rinbosari yig'ilishni tugadi, deb e'lon qilgan, keyinroq jurnalistning ushbu qilmishi mayda bezorilik deb topilib, u yetti sutkaga qamalgan edi.

Oshanda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari jurnalistni faol tarzda qo'llab-quvvatlagan, Davlatnazar Ro'zmetov ozod etilganidan so'ng barcha qo'llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik izhor etgan edi.

2019 yilning 5 oktyabr kuni ham Davlatnazar Ro'zmetovning hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq, Bosh prokuratura jurnalistning hibsga olinganini inkor etdi.

 

daryo.uz

loading...