KALLAKESAR… (5-qism)

0

 

 

«TAN MAHRAM»

 

* * *

 

Soli ota uzun yo'lakdan o'tib kattakon zalga kirdi. Xona juda hashamatli, aylanasiga qimmatbaho jihozlar qo'yilgandi. Mehmonali umri bino bo'lib bu kabi koshonalarga kirib ko'rmagani uchunmi, polga to'shalgan qalin, cho'g' kabi qip-qizil gilamga ham qo'rqa-pisa oyoq qo'yardi.

— Qani, o'tir, yigit, — to'rga ishora qildi Soli ota. — Nega anqayasan? O'tirsang-chi!

Mehmonali itoat bilan ko'rsatilgan joyga cho'kdi. Qariya ham tiz cho'kib fotihaga qo'l ochdi.

— Ishqilib, dushmanlarning ko'zi ko'r, tili soqov, qulog'i kar bo'lsin! Omin, Ollohu Akbar!..

Mehmonali hanuz o'zini oldinda nimalar kutayotgani bilan qiziqardi. Yaratgandan ruhan jazolasa tezroq jazolay qolishini so'rardi. Soli otaning har bir qaltis harakatini ko'rganda, yuragidagi shubha-gumonlar, qo'rquvlar ming chandon ortib, bezovtalanishga majbur etardi. Bir ko'zi esa tashqarida edi. Xuddi qariya Mo'ydinga tayinlagan-u, hozir ko'chadan uch-to'rtta o'zi kabi barzangilarni boshlab keladigandek, Mehmonalini bo'g'izlab tashlaydigandek bo'lardi.

— Endi gapni eshit, — o'rtadagi sukutni buzib gap boshladi Soli ota. — Boyagi Mo'ydin akang mening jiyanim bo'ladi. Aytdim-ku boya, isportchi. Ja mushtumzo'r. Besh-o'n yil burun birovni so'yib qo'yib qamoqlardayam yotib chiqdi zang'ar. Kelajakda senga shu dars bo'lsin deyman-da! U gap qaytarganlarni juda yomon ko'radi.

— Nega bularni menga uqtiryapsiz? — so'radi Mehmonali toqati toq bo'lib. — Ja yomonlik qiladigan bo'lsangiz, mana, qarshingizda o'tiribman. Nima qilasiz cho'zib?

— Ja mahmadonalar xilidan ekansan o'zingam, — norozi qo'l siltab Mehmonaliga alamli boqdi qariya. — Sen kim bo'psanki, yomonlik qilsam? Nimangga yomonlik qilaman? Agar ko'nglimda yomonlik bo'lsa, o'sha o'zing kovlagan chuqurga seniyam ko'mdirvora qolardim. Ko'mmadim-ku!.. Aytgancha, yerto'la voqeasini birovga gullab yurmagin! Bilasan, ogohlantirdim, tilxatniyam yozib bergansan. Kechirib o'tirmayman!..

— Ahmoq emasman gullab, — dedi boshini ters burib Mehmonali. — Undan ko'ra, buyog'iga nima ish qilishimni ayting. Vaqt ketyapti, axir!

Soli ota bir muddat yer chizgancha o'yga toldi. Shu orada boyagi hovlida ro'baro' kelgan qiz ichkilik, gazaklar, shokoladlar terilgan patnisni ko'targancha kirib keldi.

— Xush kepsiz, — dedi muloyimlik bilan Mehmonaliga yer ostidan boqarkan qiz. — Ota, charchamadingizmi?

Soli ota qiziga mehr bilan qarab qo'ydi-da, boshi bilan «yo'q» ishorasini qildi.

Qiz o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ygan ko'yi xonani tark etdi.

 

* * *

 

— Bu mening yakka-yu, yolg'iz qizim, — dedi Soli ota Mehmonaliga zimdan sinchkov tikilib. — Gapning indallosini aytsam, qizimning ismi Mo''tabar. Eridan ajratvoldim. Haromi o'z bolasini tan olmaganmish. O'sha… Sen yerto'laga ko'mgan bola nevaramiydi. Xudo kechirsin!.. Xullas, Mo''tabar baxtli bo'lishini xohlayman. Uni sen baxtli qilasan. Basharti bosh tortsang, yo senam o'sha Samad haromining yo'lini tutsang, bilib qo'y, joning meni qo'limda. Buni senga boya uqtirdim ham. Qisqasi, bugun nikoh o'qiladi. Mana shu uy senlarniki. Yayrab-yashnab yashaysanlar. Xo'sh, nega og'zingni ochaverasan, Mehmonboy? Gapirsang-chi munday erkakka o'xshab!..

Mo''tabarni ko'rgandanoq Mehmonalining bo'lari bo'layozgandi. Qizning juda jozibali husni deydimi, qomatimi, yo katta-katta ko'zlarimi, ishqilib nimasidir Mehmonalini hayrat va orzu dengiziga uloqtirib tashlagandi. Bu dengizdan sira chiqqisi kelmasdi. Mo''tabar unga yer ostidan tikilib, otasiga bildirmaygina jilmayib qo'ygani bola faqirning jonini uzib olay degandi…

U darrov Barnoni ko'z oldiga keltirdi. Uning so'nggi gaplari, ota-onasining mensimasdan rad javobini berishi, shu harakati bilan kamsitishi miyasida g'ujg'on o'ynab mushtdek yuragini o'rtay boshlagandi.

«Mana, shunday go'zal qiz ham menga o'tli boqishdan tiyila olmadi, — derdi xayolan o'ziga o'zi. — Barno-chi?.. Bilmagan ekan, unga Mehmonali emas, uy kerak ekan. Demak, muhabbati soxta ekan-da!.. Essiz, o'shanda ko'ngil qo'ymasa bo'larkan. Ko'ngil qo'ydi, ortidan halakaning itidek chopdi, izilladi. Barno bo'lsa, parvoyiga ham keltirmadi. Mehmonalini uysizdan olib uysizga soldi…»

 

* * *

 

Ha, Mehmonali qariyaning so'nggi so'zini eshitgach, hali o'zi ham tanib-tanimagan yovvoyi ishq o'ti ko'ksini battarroq kuydira boshlagandi…

Ammo bir ko'ngli qariyaga ishonma deya g'alayon qilardi. Boshqa bir ko'ngli esa Mehmonalining vujudini qitiqlab, dunyoga yanada kuchliroq mehr bilan boqishga undardi.

«Qariya rostdanam meni kuyov qilmoqchimi? — o'ylardi Mehmonali hayratdan yoqa tishlagudek bir ahvolda. — Axir… Qizi judayam chiroyli, kelishgan ekan-ku! Bunday qizlarning xaridori ko'p bo'ladi deyishardi-ku! Nahotki, shunday sohibjamol baxtsiz bo'lsa?.. Ha-a, chol boya yerto'lada nima devdi? Kuyovining ismini Samad debmidi? Ha, shunday devdi. O'sha Samadiyam g'irt ovsar shekilli-da! Kelib-kelib sohibjamolniyam tashlab ketadimi!?. Eh, Mehmonali, nimalar bo'lyapti o'zi? Boya go'rkovlik qilib, titrab-qaqshab bo'lsa-da, murdani ko'mding. O'sha paytda sendan boshqasi bo'lsa yuragi yorilib o'lardi. Shubha-gumonlarning ming ko'chasiga kirib chiqding. Yorug' dunyoning mo''jizasi-yu, yaxshiliklaridan butkul umidingni uzding. Endi bo'lsa, baxting, omading shundoq peshonangdan chiqib turibdi… Qiziq, Soli ota gapning dangalini ayta qolsa bo'lmasmidi o'sha yoqdaligida?!. Paysalga solib, qo'rqitib, tilxat yozdirishning nima keragi boridi? To'g'ri shu uyga opkelib Mo''tabarni ko'rsatsa, olam musaffo, Mehmonali ko'nardi, qaysarlik qilmasdi. To'g'ri-da, o'zi chekka bir qishloqdan poytaxtga baxtini, omadini qidirib kelgan bo'lsa. Mana, xudo yor bo'lib o'sha baxt, omad oyog'ining ostidan chiqdi. Yana nima kerak unga? Qishloqda yursa, nimaga erishardi? Yo'-o'q, kallani ishlatishi kerak. Agar shunday sohibjamol qiz baxtsiz bo'lsa, Mehmonali albatta baxtli qiladi. Xudoga shukr, men sportidayam uncha-munchasiga so'zimni berib qo'ymayman. Mo''tabarni himoya qilishga, sevishga, qadrlashga qurbim yetadi…

Obba tulki-ey! Obbo ichidan pishgan qariya-ey!.. Mardikor bozorni aylanib faqat meni tanlabdi. Demak, unga menam yoqib tushganman. Ketib qolishimdan qo'rqib, barzangilarini ishga solgan u. Sezgan-da! Yerning tagida ilon qimirlasa biladi bunaqangi boylar. Xayriyat, birovdan kam bo'lmaydigan chiqa boshladim. Chol sira qo'rqmasa ham bo'ladi. Agar ilgari ketish niyatida turgan bo'lsam, Mo''tabarni ko'rganimdanoq bu niyatimdan qaytdim. Ha, men Mo''tabarga jon-jon deb uylanaman…

To'xta, bu qariyaning navbatdagi hiylasi emasmikan ishqilib? Axir, qaysi ota shunday qizini umrida ko'rmagan, tag-tugini surishtirmagan yigitning qo'yniga solib qo'yadi? Muddaosi nimaykin o'zi? Nahotki, sinab ko'rmoqchi bo'lsa? Nega? Yo'q, bunday emasdirov! Aks holda shu yergacha sudraklab, oldiga mana bunday shohona dasturxon tuzab o'tirmasdi…

Ha-a, taxminlari to'g'ri chiqyapti. Mo''tabarning yoshi o'ttizdan naridaligi ko'rinib turibdi. Buning ustiga erdan chiqqan. Katta shaharlarda erdan chiqqan qizlarning baxti ochilishi mushkulroq kechadi. Shuning uchun Soli ota meni tanlagan. Bo'y-bastim, ko'rinishimdan qizini himoya qila olishimga ko'zi yetgan. Buning ustiga Mo''tabardan yoshroqman. Bo'y yigitman. Qaysi o'ttizga kirib qolgan ayol bo'y yigitga tegishni xohlamaydi. Jon deydi! Qishloqda ko'rgan. Omina opa degan hisobchi ayol ham shunday qilgandi. Eri bilan ajrashib ketgandan keyin hech qancha o'tmay, endi armiyadan kelgan Sulton akaga tegvolgandi. Hamma gapirgandi. Ammo faqat yoshi kattalar gapirgan, gap-so'z qilgan. Qizlar, juvonlar bo'lsa, Omina opaga rosa havas qilishgan…»

Qariya ham ana shuni mo'ljallabdi chog'i. Qizi bo'y yigitga tegsa, maqtanib yuradi-da!.. Mehmonali bunaqa sohibjamolni qaydan topsin?!. Ana, Barno cholning qizidaqa ketvorgan bo'lmasayam, Mehmonalini nazarga ilmadi-ku! Uyi yo'qligini yuziga soldi ochiqchasiga. Mana shu ayolga uylanib qishloqqa oborsa-chi? Birinchi bo'lib Barnoga, uyidagilarga ko'z-ko'zlasa-chi? Qanday bo'ladi? E, qandday bo'ladi! Kuyib, sochini yulsin Barno! Mehmonalining kimligini ko'rsin! Shunday go'zal xotini borligiga guvoh bo'lsin-u, uyida o'tira olmay qolsin!.. Ha, rosa alamidan chiqardi. Xotini bilan yetaklashib borardi-da, tog'asi Obid suvchining hovlisiga — o'zining, bobosi, momosining izlari qolib ketgan uyga kirardi. Atayin qo'shib-chatib bo'lsayam rosa maqtanardi. Xotinigayam shipshitib qo'yardi. Kuydirib, kul qilishardi. Eh, rosa ko'nglidagidek ish bo'lardi…

 

* * *

 

— Uxlab qoldingmi? Gapirmaysanmi? — o'rtadagi sukutni buzib so'radi Soli ota. — Mo''tabar yoqdimi senga? Mening gapimga kirasanmi, yo…

— Men roziman, — dedi Mehmonali. — Uylansam, shunday qizga uylanaman-da, ota! Qolaversa…

— Boshqa gaplarni qo'y, — ikki kaftini bir-biriga ishqalab tizzalab oldi Soli ota. — Javobing haqiqatan aqlli odamning javobi bo'ldi, barakalla! Endi tag'in bir gapim esingda bo'lsin! Men biznes odamiman. Bir umr savdogarchilik qilib o'tdim. Nima qilayki, qarib qoldim. Sog'liq qurmag'ur pand berib qo'yyapti. Xudo o'g'ildan qisdi-da, na iloj!?. Bittagina shu Mo''tabarni berdi xolos. Shunisigayam shukr! Agar yaxshi kuyov bo'lib yursang, qizimning aytganidan chiqmasang, topganim senlarniki. Go'rimga orqalab ketmayman-ku boyliklarni!.. Mo''tabar, hoy Mo''tabar! Qayda qolding?

Zum o'tmay Mo''tabar yuz ko'rsatdi. Adrasdan ko'ylak-lozim kiyibdiki, bir husniga o'n husn qo'shilganday ochilib ketibdi.

Mehmonali unga yer ostidan bildirmaygina razm solarkan, sal qursa og'zidan so'lagi oqib ketay derdi. Yuragi bezovta urib o'zi sezmagan holda mushtlarini tugardi.

 

* * *

 

— Ha, otajon, — deya o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ygancha Soli otaning qarshisida hozir bo'ldi Mo''tabar. — Biror narsa kerakmidi?

— O'tir, — dedi qariya atayin Mehmonalining yonidan joy ko'rsatib. — Muhim gap bor!..

Mo''tabar asta kelib Mehmonalining yonidan joy oldi. Garchi oralarida ellik santimetrcha bo'shlik bo'lsa-da, Mehmonalining ko'ksi qaynab ketayotgandek bezovtalana boshladi. Biroq sezdirmadi. Hayajonini sir tutish ilinjida bosh egib oldi.

— Senga aytgan yigit mana shu edi, — dedi Soli ota. — Bilasan, men ochiq gapirishni xush ko'raman. Xo'sh, senga ma'qulmi Mehmonali?..

Mo''tabar ilkis bosh ko'tarib Mehmonaliga bir qarab qo'ydi-yu, qayta bosh egdi.

— Barakalla, — dedi Soli ota kulimsirab. — Hozir Samin mulla keladi. Nikoh o'qitamiz ikkalangizga. Bir-birlaringni hurmatlab, ehtiyotlab yashaysanlar shu uyda. Kaming bo'lmaydi. Hamma narsang to'kis bo'ladi. Nima deysan?

Mo''tabar otasiga yalt etib qaradi-da, yelka qisdi.

— Bo'pti, unda sizlar o'tira turinglar, — Soli ota o'rnidan qo'zg'aldi. — Men qo'shnilarni chaqiray. Guvohlikka o'tishsin. Sizlar gaplasha turinglar, tanishinglar!

 

* * *

 

Oradan bir hafta o'tdi. Mehmonali umri bino bo'lgandan beri birinchi marta o'zini shu qadar baxtli his etdi. Soli ota u o'ylaganchalik johil emaskan. Ikki yoshga umuman xalal bermadi. Mehmonalini ilgarigidek tergab, qo'rqitib xit qilmadi. Har zamonda kirib oziq-ovqat, mayda-chuyda narsalar olib kelib oshxonaga qo'ydi-yu, ikkovlaridan hol so'ragach, chiqib ketaverdi. Mehmonalining yuragiga o'rnashib qolgan vahima, qo'rquv, nafrat hissi vaqt o'tgani sayin so'na borardi. Ayniqsa, Mo''tabarni har erkalaganda, yorug' dunyo ko'zlariga yanada go'zalroq ko'rina boshlardi…

Shunday kunlarning birida Mehmonali oshxonada kimningdir qattiq-qattiq gapirayotganidan uyg'onib ketdi. Uyg'ondi-yu, shosha-pisha yoniga boqdi. Mo''tabarning o'rni bo'm-bo'sh. Dast o'rnidan turib qulog'ini ding qildi. Oshxonada gapirayotgan xotini ekan.

— Muslim aka-a, namuncha qaysarsiz? — deya kulgi aralash so'zlanardi Mo''tabar. — Yana bir hafta muhlat beri-ing, jon Muslim aka! Axir… Chillaliman. Erimning yonida… Haligiday… Tushunasiz-ku o'zingiz! Uf-f… E, mijoz yo'qotmayman, ishoning! Yana bir hafta dam olishga ruxsat bersangiz, ikki hissa ishlab berardim chiqib. Maylimi-i?..

Mehmonalining toqati toq bo'ldi. Bir hatlab oshxonada hozir bo'ldi.

Mo''tabar esa unga ko'zi tushdi deguncha jonholatda telefonni orqasiga berkitib, Mehmonaliga alang-jalang boqdi.

Azaldan qizg'onchiq edi. O'ziga tegishli buyumga kimdir ko'z olaytira boshlasa, jahd otiga minar, buyum birovning qo'liga tushishini hazm qila olmasdi. Bugun tushundiki, xotinini bundan beshbattar qizg'onarkan. Begona erkakning ismini xotini tilga ko'chirgani uni ado qilayozdi. Goh o'ng, goh chap qovog'i uchib-uchib ketdi.

— Kim u Muslim aka? — so'radi u tahdid aralash. — Nega begona erkak bilan so'roqsiz gaplashyapsan? Kim u?

Mo''tabar bir muddat indamay Mehmonaliga tikilib turdi-da, sal o'zini qo'lga olgan kabi qaddini rostladi. Keyin esa qo'lidagi telefonni stol ustiga qo'ydi.

— Meni kim deb o'ylayapsiz? — dedi u lablari xiyol titrab. — Men sizga hisob berishim kerakmi? Qachondan beri?

Mehmonaliga bu javob alam qildi. O'zini xo'rlangandek, tahqirlangandek his etib, xotiniga yaqinlashdi va iyagiga chang soldi.

— Qachondan beriligi eslaridan chiqdimi? — dedi alam aralash shivirlab. — Nikoh o'qilgandan beri! Majbursan hisob berishga. Xo'sh, kim Muslim aka?

— Kim bo'lardi? Ishxonamdagi boshlig'im. Ishga chiq deyapti! Bo'ldimi? Ko'nglingiz tinchidimi endi?

— Ishga?.. Qara-ya, sen bilan bir haftadan beri birga yashab qaerda ishlashingni so'ramabman ham. Qaerda ishlaysan o'zi?

— Sizga nima farqi bor? — ovozini yana bir parda ko'tarib so'z qotdi Mo''tabar. — Ishdaqa ish!

— Nomi bordir axir?!. Qaysi tashkilot? Zavodmi? Yo kasalxonami?

— Menga qarang, — ikki qo'lini beliga tirab bir qadam ortga tislandi Mo''tabar. — Mana buning sizga sirayam qizig'i yo'q. Hisob berish majburiyatini olmaganman.

— Shunaqami? Ja qaysar ekansan! Chiroyli, aqlli desam, o'taketgan qaysar va shartaki ekansan.

— Ajab bo'pti! Boring, nonushtangizni tayyorlab qo'yganman! Yeb oling-da, mening ishimga aralashmang!..

Bu gap ortiqcha edi.

Mehmonali o'zini xo'rlangan, ojiz his eta boshladi. Boyagina qalbini egallab olgan qaynoq muhabbat o'ti so'nib o'rnini muzlik egallab olgandek alam qildi. Biroq Mo''tabar haq edi. Surishtirishga, tergashga haqli emas. Uy ham xotininiki. Uyoqda otasi… Xohlasa, qo'lidagi dalillarni melisaga topshiradi-yu, Mehmonalini qamatib yuboradi…

Ahmoq bo'libdimi qamalib?!.

Hozir naq jannnatda yashayapti-ku! Qaerda ishlasa ishlayvermaydimi?!. Yashashini bilishi kerak u.

Mehmonali shularni xayolidan o'tkazarkan, o'zini majburlab bo'lsa-da, Mo''tabarga jilmayish qildi-da, yuz-qo'lini chayish niyatida vannaxonaga kirib ketdi.

 

* * *

 

Ammo vaqt o'tgani sayin Mehmonalining tabiatiga xos qaysarlik zo'r kela borardi. U qalban xohlamasa-da, miyasining allaqaerida berkinib turgan o'sha qaysarligi qo'zg'olon qilaverdi.

— Sen qanaqa bo'shang yigitsan o'zi? — derdi iblis qaysarlikni zabtiga olib. — Mushtlashishga ustasan. Ancha-munchasiga ko'cha-ko'yda so'z beradiganlardan emassan. Hozirgi tutayotgan ishingni qara. Xotin kishi erkakning qarshisida bosh egib turishi lozim. Buni bilasan. Ammo bila turib uning o'rniga o'zing bosh egib qolyapsan. Xo'sh, uyida yashayotgan bo'lsang nima qipti? Ana, o'rusiyaga bor, yigitman degani borki xotinining kvartirasida yashaydi. Ular tilini bermaydi. Kerak bo'lsa, qaynonasini oyoqqa turg'azib qo'yishadi. Sen-chi? Qo'yningda buralib-buralib yotgan jononingning ish joyini aniqlashga ojizlik qilyapsan. Qamatarmish. Qamatib bo'pti. Chol pixini yorganlar xilidan. Soddaligingni, qishloqiligingni bilgani uchun nog'orasiga o'ynatyapti. Mayli, o'yna, bu hozir senga judayam zarur. Biroq shu o'yin bachchag'arni o'z foydangga ishlat-da! Yo'q, ortidan poyla. Ertaga ishga deb ketishi bilan ortidan poylab bor, qo'rqma! Ana shunda hammasini aniqlaysan-qo'yasan!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here