Yulduzlar hayoti: MiyaGi – hayoti, ijod yo'li, baxti va baxtsizligi

0

Uning betakror va o'ziga xos ovozi ko'plab yoshlar qalbini zabt etgan. U rep ijrosi olamida sifatli qo'shiqlari, yorqinligi, takrorlanmas yo'nalishi bilan tanilgan. MiyaGi & Endshpil konsertlari shunchalar katta shov-shuv bilan o'tadiki, ular uchun ortiqcha reklamaning ham keragi yo'q. Yaqindagina O'zbekistonda ham kontsert dasturini taqdim qilgan MiyaGi & Endshpil duetining xonandasi MiyaGi hayoti ko'pchilik uchun qiziq.

MiyaGi – taniqli rep ijrochisi

Asl ismi – Azamat Kudzayev

Tug'ilgan sanasi: 1990 yil, 13 dekabr

Tug'ilgan joyi: Rossiya, Shimoliy Osetiya, Vladikavkaz

Oilaviy ahvoli: Uylangan

Bolalik va yoshlik
MiyaGining asl ismi Azamat Kudzayev bo'lib, bo'lg'usi xonanda shimoliy Kavkazning markaziy qismida tavallud topgan. Uning bolaligi Vladikavkazda o'tdi. Azamatning oilasida ijodiy muhit hukmron bo'lib, ota-onasi san'at bilan bog'liq insonlar bo'lmasalar ham, san'atni hurmat qilishardi. Azamatning otasi va onasi shifokor sifatida faoliyat olib boradilar. Uning otasi Kazbek Kuzdayev mamlakatdagi eng taniqli va nufuzli jarrohlardan biri bo'lib, Shimoliy Osetiyadagi Ortopediya va Estetik jarrohlik Markazi rahbari sifatida ishlaydi. Juftlik o'z farzandlarini osetincha an'analarga sodiq qilib tarbiyalaganlar.

Azamat bolalikdan o'zining turli qobiliyatlarini namoyish qila boshladi: U kichik yoshdanoq kitob o'qishni sevar, yakkakurash bilan qiziqar, musiqaga ixlosi baland, ovozi ham chiroyli edi. Kudzayevni maktab vaqtlarida «Shau» laqabi bilan chaqirgan ekanlar. Bu osetin tilida «Qorachadan kelgan bola, qoravoy» degan ma'noni beradi. Azamatning taxallusi «Karatechi bolakay» filmidagi bosh qahramonni o'qitgan jang san'ati murabbiysiga berilgan va aynan mana shu film Azamatga katta ilhom bag'ishlagan ekan.

U kasb tanlash qarori bilan to'qnash kelgan vaqtda shifokor bo'lish fikriga keldi. Uning bu tanloviga sabab otasiga bo'lgan hurmati va hayotidagi fojia edi. Azamat 7 yoshlik paytlarida uni tramvay urib yuboradi, bolakay halokat oqibatida o'lim topishi ham mumkin edi. Shifokorlar qo'ldan kelgancha harakat qilib, uni o'lim changalidan saqlab qolishgan. Maktabni tugatib, tibbiyot oliygohiga hujjat topshirgan Azamatning ushbu qarori shifokorlarga bo'lgan beqiyos hurmati yuzasidan bo'lgan.

U kelajakda ajoyib ortoped yoki plastik jarroh bo'lishi mumkin edi, ammo musiqaga bo'lgan ishtiyoqi sababli tibbiyotdan ketish fikriga keldi. O'g'lini sulola davomchisi sifatida ko'radigan otasiga ushbu qarorni aytish oson bo'lmadi, albatta. Bu narsa uning otasini quvontirib yuborgani yo'q, ammo u o'g'liga orzulari tomon ildam borish uchun imkoniyat berdi. U otasi bilan so'zlashar ekan, ushbu imkoniyat evaziga «O'z sohasining ustasi» bo'lishni va'da qildi. Oradan bir yil o'tib MiyaGi o'z va'dasini bajardi: Osetiyalik reperning ismini butun Rossiya tanib oldi. Musiqa
MiyaGining ijodiy faoliyati bundan 10 yildan avval boshlandi. U 2011 yilda o'zining ilk qo'shiqlarini yozgan bo'lsa, oradan 4 yil o'tib birinchi albomini muxlislariga taqdim qildi. Sankt-Peterburg shahriga kelgach, o'zini butunlay ijodga bag'ishladi va musiqa studiyasini ochdi. Aynanmana shu pallada hamkasbi va duetdoshi Soslan Burnatsev (Endshpil) bilan tanishib qoldi.

Soslandan Azamatdan 5 yoshga kichik bo'lib, maktabni tugatgach, texnolog mutaxassisligi bo'yicha o'qigan va universitetdagi tahsil davomida uning hayoti musiqa bilan bog'liq ekanligini tushunib yetgandi.

Endshpil Azamat bilan uchrashgunga qadar bir nechta kompozitsiyalar yozib ulgurgan, bu vaqtga kelib MiyaGi ham qator qo'shiqlarni ijod qilib bo'lgandi.

Osetiyalik musiqachilar uchrashuvi MiyaGi & Endshpil duetining yaralishiga sabab bo'ldi. Ularni Bob Marli va Trevis Skott ijodi ilhomlantirar, ammo ular o'zlari uchun mutlaqo yangicha uslubni tanlab bo'lgan edilar.

Ilk qo'shiqlar ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim qilingach, katta mashhurlikka sabab bo'ldi. Ilk kliplarni suratga olish uchun bu ikki yigitda katta mablag' mavjud emasdi, shu sababli havaskor uslubda klip olib, ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatardilar. Ushbu duet katta shov-shuv, reklama va pulsiz ham mashhurlikka erishish mumkin ekanligini isbotlashdi.

 

2016 yilda taqdim etilgan «Hajime» va «Hajime 2» albomlari muxlislarga juda ma'qul keldi, xalq vakillari orasida o'tkazilgan so'rovnomalarda duetni «Yil kashfiyoti» sifatida e'tirof etishdi. Aynan shu yili «Tamada» nomli yangi kompozitsiya taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Shu tariqa duet ijrochining yangi hayoti boshlandi.

Shahsiy hayot
MiyaGi kitob o'qish shaydosi. Uning aytishicha, har bir reper ko'proq kitob o'qishi kerak, sababi kitoblar dunyoqarashni kengaytirish va qo'shiqlar matnining takrorlanmas bo'lishi uchun yordam beradi. Azamatning sevimli yozuvchisi – Oskar Uayld.

Azamat Kudzayev uylangan, ammo shahsiy hayot masalasida ko'p gapirmaydi. U o'z rafiqasini tibbiyot oliygohida o'qib yurgan vaqtlari uchratgan. Qiz bu vaqtda ayollar shifokori bo'lish uchun tahsil olayotgan edi.

2016 yilda MiyaGi o'g'il farzandli bo'ldi. Eng qizig'i, reperlar uchun salkam «zaruriy» element bo'lmish tatuirovkalar tushunchasi MiyaGi uchun mutlaqo begona. U shu vaqtga qadar biror marta ham tatuirovka chizdirgan emas.

MiyaGi otalik baxtidan masrur bo'lgan damlarda, 2017 yilning 8 sentyabr kuni uning hayotida kutilmagan burilish va fojia yuz berdi. Ijodkor bu vaqtda ko'p qavatli uyning 9 qavatida hayot kechirardi, uyning derazasidan uning 1,5 yoshli o'g'li pastga yiqilib tushdi. Bolakay tez tibbiy yordam xizmati yetib kelguniga qadar vafot etdi. Fojia ko'plab guvohlar ko'z o'ngida sodir bo'lgan,  bolakay uyni shamollatish uchun ochib qo'yilgan deraza tokchasiga chiqib olgan. Ijodkorning rafiqasi oshxonaga chiqib kelguniga qadar derazaning dastagini ochgan va pastga qulagan. Uning omon qolishiga umid yo'q edi.

Bolakayning pastga qulayotganini shu yerdan o'tib ketayotgan xat tashuvchi ko'rib qolgan. Oradan bir necha daqiqa o'tmay reperning rafiqasi pastga yugurib tushgan, oradan bir soat o'tib Azamat ham uyiga yetib kelgan. Shifokorlar unga yordam ko'rsatishga harakat qilganlar. Ammo, qattiq azob chekayotgan ota atrofdagi to'siqlarni yakson qilib tashlagan. Shundan keyin Azamat karerasini vaqtincha to'xtatganini ma'lum qildi.

Muxlislari uni qo'llab-quvvatlash uchun reperning ijodga qaytishini iltimos qila boshladilar. MiyaGi bir necha yilni sukutda o'tkazdi. Nihoyat o'zida qaytadan kuch topdi va ijodini davom ettirdi. Bugungi kunda uning ko'zlarida allaqanday g'am borligi bilinib turadi… Bu uning taronalarida ham yaqqol seziladi. Qo'shiqlarining aksariyatida dard, og'riq, ayriliq kuylanadi. Balki muxlislar uni aynan shuning uchun ham yaxshi ko'rishar…

 

 

loading...