Rasul Kusherbayev: “Ilgari surayotgan g'oyalarimiz bilan bajarayotgan ishimiz bir bo'lsin”

0

O‘zLiDeP s'yezdida o'tgan besh yillik sarhisobini qildik, keyingi besh yillikda bajarilishi mo'ljallanayotgan ishlar to'g'risida delegatlar bilan fikr almashdik. Partiyamiz rahbari saylovoldi dasturimizda bayon qilingan vazifalarga ham to'xtalib o'tdi.

Bu maqsadlarimiz har tomonlama puxta o'ylangan, elektoratimiz vakillari taklif-istaklari asosida shakllangan. Saylovoldi platformasiga kiritilishi mo'ljallanayotgan bir necha vazifa muhokamasida o'zim ham bevosita qatnashganman, qizg'in bahslarga kirishganman. Saylovoldi platformamiz avvalgilaridan judayam xalqchilligi, bugungi kunda odamlarni o'ylantirayotgan masalalar aks etganligi bilan ajralib turibdi. Shu bilan birga yana qanday masalalarga diqqat qaratishimiz, partiya kuch va imkoniyatlarini ularning yechimiga yo'naltirishimiz talab qilinmoqda? Tadbirkorlarni tashvishlantirayotgan, mamlakat investitsion jozibadorligiga rahna solayotgan bir qancha muammolarni hal qilishni zimmamizga olishimiz darkor. Ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash bilan bog'liq masalalarga alohida e'tibor qaratishimiz kerak. Afsuski, shu kabi muammolar qonunchiligimizda to'la yechim topganiga, Prezidentimiz tashabbusi bilan tegishli me'yoriy hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, joylardagi mutasaddilar psixologiyasida o'zgarish bo'lmayapti. Binobarin, ayrim mansabdorlar dunyoqarashini o'zgartirishdek og'ir ishga ham partiya qo'l urishi kerak, deb o'ylayman. Yaqinda Turkiyadagi elchimiz turkiyalik ishbilarmonlar O'zbekistonga investitsiya kiritishga ikkilanayotganini tilga oldi. Gap shundaki, mazkur o'lkaga borgan ba'zi hokimlarimiz, amaldorlarimiz shu yerlik ishbilarmonlar bilan suhbatlar chog'ida “O'zbekistonga boraveringlar, xohlagan joyingizni tanlang, kerak bo'lsa, u yerdagi ob'yektlarni buzib tashlab, sizga beraman”, degan gaplarni aytishgan. Turkiyalik biznesmenlar esa “Ehtimol, 3-4 yildan keyin biz tiklagan inshootlarni ham buzib, boshqalarga berarsizlar, qani bu yerda qonun ustuvorligi?!” deya haqli savol berishgan. Afsuski, ana shunday yo'sinda fikrlaydigan mutasaddilar bitta-ikkitagina emas.  Haqiqat shuki, investor qonun ustuvor bo'lgan yurtga boradi, bitta shaxs “o'zim xon, ko'lankam maydon” qabilida yakkahukmronlik qilayotgan joyga emas. Qonunlar ustuvorligiga erishishning yagona yo'li esa jamoatchilik kuch-qudratidan samarali foydalanishdir. Bir deputat yoki faolning joylardagi shu kabi illatlarga qarshi chiqishi hech qanday naf bermaydi, ochig'ini aytganda, uni hokim “sindirib” tashlaydi. Jamoatchilik, partiya uni qo'llashi, har qanday vaziyatda yonida turishi kerak. A'zolarimiz 755 mingga yaqin, deyapmiz. Bu yaxshi, albatta. Lekin shu ulkan salohiyatni qachon ishga solamiz?

Xullas, maslakdoshlarga aytadiganim shuki, gapimiz, ilgari surayotgan g'oyalarimiz bilan bajarayotgan ishimiz bir bo'lsin. Shundagina odamlar bizga ishonadi, ortimizdan ergashadi.

Rasul KUShERBAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here