KO'R OTANING KO'NGLI… (Bo'lgan voqea)

0

 

 

***

 

Mirzalining barmoqlari bolaligidayoq uzun-uzun bo'lgani bois onasi rahmatli Jo'raxon xola “Bolam garmonchi bo'lsa kerak”, deb o'ylardi. Shuni aytib jamiki qo'shnilarga maqtanishni ham kanda qilmasdi. Baxtga qarshi Mirzali garmonchi bo'lmadi. Maktabni arang tugatdi-yu, yomon bolalarga qo'shilib, kissavurlik yo'liga kirdi. Xudoning bergan kuni tuman markaziga borib tiqilinch avtobuslarning yo'lini poylaydigan bo'ldi. Jo'raxon xola ham, otasi Qo'chqor ota ham qarib qolishgandi. Nasihat-tanbeh bilan Mirzalini bu yo'ldan qaytara olishmadi. Buning o'rniga militsiyaga tushsa, yig'lab-siqtab, militsionerlarga yolvorib yolg'iz o'g'ilni balodan qutqaraverishdi…

Yillar o'tib, Jo'raxon xola rixlat qildi. Oltmish yil birga yashab suyanib qolgan ekanmi, yig'lay-yig'lay, Qo'chqor otaning ko'zi ko'rmay qoldi. Mirzali esa har kuni erta tongda uyg'onardi-yu, ko'zi ojiz otani duo qilishga undardi. Do'qlardi, po'pisa qilardi, baqir-chaqir qilib bo'lsa-da, duoni olardi va yana o'sha qaltis ko'cha tomon yo'l solardi.

—  Ishqilib, olgin-u, oldirmagin, — deya duo qilardi Qo'chqor ota o'g'lini garchi bu duosi naqadar noto'g'ri, shirk, nomaqbul va dahshatliligini bilsa-da. — Yolg'iz farzandim, axir! Qanday qilib qarg'ayman? Uyi kuyib ketmaydimi qarg'asam? Xudoyim, o'zing hammasini ko'rib turibsan. Mirzalimning ishiga kushoyish bergin! Ko'nglini vayron qilmagin!..

Haqiqatan, besh vaqt namoz o'qib, mahalla machitida katta-yu kichikka nasihat qiladigan Qo'chqor ota uchun bu duolar o'limdan battarroq edi. So'qir ko'zlari dunyoni ko'rmasa-da, pulini bilib-bilmay Mirzaliga oldirib qo'yib, dod-voy qilayotgan, kissavurni astoydil qarg'ayotgan odamlarni qalban ko'rib turar, shu sababli miyasiga shu o'ylar har o'rlaganda, beixtiyor “qarg'ishlaring o'zlaringga ursin iloyim! Bolamni qarg'agan tillaring uzilib tushsin”, deya g'udranib olardi. Hatto, kimdir “tuman markazidagi avtobusda falonchi shuncha pulini kissavurga oldirib qo'yibdi”, deb qolsa, Qo'chqor ota bardosh qila olmay, shu davrani tark etardi. Yolg'iz, Ollohdan tilab-tilab olgan Mirzalisini shunchalar sevar, ardoqlardi…

Mana, bugun ham har kungidek tong otdi. Mirzali uyg'onmay, Qo'chqor ota machitga chiqib jamoa bilan birga bomdod namozini o'qidi. Uni qariyalardan biri uyigacha yetaklab kelib, ortiga qaytdi. Qo'chqor ota esa odatiga ko'ra paypaslana-paypaslana borib, gazda choy qaynatdi. Hassasini oldinga cho'zgan ko'yi dahlizga kirdi-da, non, Mirzali xush ko'radigan shokolad konfetlarni olib hovlidagi so'riga dasturxon yozdi. Bahorning yoqimli havosi yuzlariga urilib, picha kayfi chog'langandek tuyildi. Choy qaynay boshlaganini ding quloqlari eshitdi deguncha, ayvon to'sqichlarini ushlagancha borib choy damladi. Choynakni bir qo'liga ushlagan holda juda ehtiyotkorlik bilan ortga qaytdi. Odamning ko'zlari ko'rmay qolsa, mo'ljalni qo'llari, qalb ko'zi bilan bemalol to'g'ri oladigan bo'lib qolarkan. Qo'lidagi qaynoq choy to'la choynakni so'ridagi dasturxon chetiga aniq qo'ya bildi. Ana endi Mirzalini uyg'otsa bo'lardi.

Qo'chqor ota ortga o'girildi-da, hassasini oldinga cho'zdi. Shu yo'l bilan Mirzali uxlaydigan xonani mo'ljalga olish payida bo'ldi. Ammo ikki qadam yurmay, ko'cha eshik tarafdan oyoq tovushlari eshitildi-yu, Qo'chqor ota taqqa to'xtadi. Qariya bu o'g'lining oyoq tovushlari ekanini qalban sezdi.

—  Mirzalijon, — dedi asta ortga tislanib so'ri chetiga suyanarkan. — Uydamasmiding, bolam? Senga nonushta tayyorlab qo'ygandim. Qaerdayding, qo'zim?

Qandaydir chekimlik ta'sirida ko'zlari qizarib, rangi oqarinqiragan kissavur o'g'il masxaraomuz tirjaygancha otasiga yaqinlashdi.

—  Ko'r bo'libam tinchitmas ekansiz-da, boboy?!. — deya hiringladi Mirzali. — Uydamanmi, go'rdamanmi, nima ishingiz bor?..

Bu haqoratlardan Qo'chqor otaning dili og'ridi. Ammo sezdirmadi. Hassasini ikki kafti orasiga oldi-yu, bosh egdi.

—  Nonushta qilvolgin, bolam, — takrorladi ota bosh ko'tarmay. — Choying sovib qolmasin!

—  Ichmayman! — baqirdi Mirzali otasiga yaqinlashib. — Gapingiz bormi?

—  Gapim yo'q, o'g'lim, — dedi Qo'chqor ota xiyol titrab. — Ko'chaga och qorinminan chiqmagin devdim-da!

—  Undan ko'ra, pensiyaning qolganini cho'zing! Qani qolgani? Qay burchakka berkitdingiz?

—  Pensiya? — Qo'chqor ota ilkis boshini ko'tardi. — Hammasini tiyin-tiyinigacha o'zingga berdim-ku tunov kuni!

—  Yolg'on gapirmang! — o'shqirdi Mirzali og'zidan tupuk sachratib. — Yarmisini opqolgansiz. Yo meniyam o'zingizga o'xshab ko'r deb o'ylaysizmi-a?

—  Xudo asrasin! Astag'firillo de! Bitta men ko'r bo'ldim, yetar! Seni xudoning o'zi asrasin!..

—  Berasizmi-yo'qmi pensiyani?

—  Axir… — Qo'chqor ota beixtiyor yig'lamsirab ko'kka bosh ko'targan ko'yi ikki qo'lini baland ko'tardi. — Aldayotgan bo'lsam, xudo ursin, bolam!

Mirzali bir muddat otasiga nafrat aralash qarab turdi-da, kutilmaganda yoqasiga chang soldi. Kuchli qo'llar zarbidan sal qursa Qo'chqor otaning nafasi qaytayozdi.

—  Vey, boboy, — dedi xirillab Mirzali ora-sirada atrofga alanglab olarkan. — Men bugun qimorda yutqazib qo'ydim! Bir million so'm yutqazdim. Tushunyapsizmi?

—  B-bolam, — deya oldi arang Qo'chqor ota. — Menda… Pul yo'q, ishon! Bo'lsa, sen yolg'izimdan ayarmidim?

—  Har safar dog'ulilik qilib qutulmoqchi bo'lasan! — otani “sen”lab mahkamroq bo'g'di Mirzali. — Duoniyam qotirmaysan! Agar chin yurakdan duo qilganingda, men qimorda yutqazmasdim. Har kuni menga milyonerlar yo'liqib, pulini oldirardi. Ha-a, bilama-an, qarg'aysan ichingda, qarg'aysan! Biri ikki bo'lmasin deb qarg'aysan!..

—  Qarg'asam, qo'l-oyoqlarim shol bo'lib qolsin, jon bola-am! — zorlanib yig'lardi ota. — Qo'yvorgin endi! Pulim yo'-o'q! Yo'-o'q!!!

—  Yolg'o-on! Sen shaytonning qulisa-an! Shuning uchun seni xudo ko'r qilgan!..

Shunday deb hayqirgan ko'yi Mirzali otasini kuch bilan itarib yubordi. Qo'chqor ota uchib borib boshi bilan tok ustuniga urildi. Shunda ham qarg'anmadi. Miq etmadi. Ovoz chiqarsa, o'g'li yana do'pposlab qolishidan qo'rqib yotgan yerida yum-yum yig'ladi. Oradan bir muddat o'tgach, sal o'zini o'nglab quloqlarini ding qildi. Aftidan, Mirzali chiqib ketgandek tuyildi. Yaqin orada uning sharpasi sezilmadi.

Qo'chqor ota baribir qo'rqa-pisa qaddini ko'tardi va paypaslab hassasini qidirdi. Topa olmagach, yeng-to'shiga yopishgan qumlarni qoqa-qoqa inqillab o'rnidan turdi. Zarb kuchli bo'lganidan, boshi lo'qillab og'rir, ikki oyog'i ari chaqqan kabi jizillab azob berardi.

—  Eh, bolam-a, — deya ko'kka boqib shivirladi Qo'chqor ota. — Bekor qilibsan-da qimor o'ynab! Shu qurg'urni o'ynamasang bo'lardi-ku!.. Yo'q, meni urganingga zarracha dilim og'rimadi. Onang rahmatlining yo'qligi alam qildi, xolos. Onang tirik bo'lsa, ura olmasding meni! Onangdan hayiqarding. Mayli, iloyim, o'lmagi-in! Dog'ingni ko'rsatmasi-in! O'zing xohlagancha ka-atta pul topgin! Ammo o'sha harom pulni sening qo'llaring tutmasin, bola-am!..

Bu ko'zlari yorug' dunyoni ko'rishdan benasib otaning qalb nidolari edi.

Qo'chqor otaning nidosidan go'yo yer-u ko'k titrab ketgandek bo'ldi…

Ha, ota baribir o'g'lini qarg'amagandi Aksincha, astoydil duo qilgandi. Xudo vahshiylikni kechira olmadi. Mirzali shu kuni bilmay, mushtumzo'r, kallakesar yigitlarning kissasiga tushib qo'yibdi. Ular to'planishib, Mirzalini urib ezib tashlashdi…

Asr namozidan so'ng Mirzalini qishloq qabristoniga dafn etishdi.

Olimjon HAYIT

loading...