KALLAKESAR… (8-qism)

0

 

 

ZANJIRBAND

 

* * *

 

Mehmonalini shahardan tashqaridagi qaysidir bir hovliga olib borishdi. Yo'l-yo'lakay shotirlarning yarmidan ko'prog'i boshqa manzilga burilib ketdi. Faqat orqadagi mashinada to'rt barzangi, Mehmonali o'tirgan mashinadagilar qoldi.

Mashina manzilga yetib kelib to'xtagandan keyin ham Mehmonalini ikki barzangi mahkam tirsaklaridan tutgan ko'yi yerto'laga olib tushishdi.

— Buni zanjirlab turinglar, — barzangilarga tayinladi Samad. — Men hozir ichkariga mo'ralayman-u chiqaman!..

Yerto'la Mehmonali kinolarda ko'rgandek shohona emasdi. Ichkaridan qandaydir qo'lansa hid taralardi. Qaysidir burchakda suvning shildirashiga o'xshash tovush quloqqa chalinardi.

Tayinlanganidek, barzangilar Mehmonalini zanjirlab tashlashdi. O'zlari esa naridagi stol qarshisiga cho'kib pista chaqishga tushishdi.

«Demak, bu xunasa meni o'ldirishga qaror qilibdi-da, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali. — Peshonamda birovlarning qo'lida o'lib ketish yozilgan shekilli-da. Aks holda yugurgilab katta shaharga kelmasdim. Qiziq… Qay yo'l bilan o'ldirarkin? Hoynahoy, to'pponchada otib o'ldirmasa kerak. Oldiniga qiynasa kerak. O'sha yaramas kinolardayam shunaqalarning ishlarini ko'rganlar, bilganlarini ko'rsatisharkan-da bundan chiqdi! Ana, anavi yugurdaklarining pinagiyam buzilgani yo'q. Hazil-huzul qilib o'tirishibdi. Ikkalasiyam xotirjam. Men-chi? Go'dakni yerga ko'mgan kunim tushlarimgacha bulg'anib chiqqandi. Qaltiroq bosib naq o'layozgandim. Nahotki, odam birovni o'ldiraversa, diydasi toshga aylansa?.. Ha-ya, chamasi o'sha murg'ak go'dakning arvohi meni qarg'agan ko'rinadi. Bo'lmasa, ishlar manavinaqangi chappasiga ketib o'tirmasdi. Jin ursin bunaqalarni! Bularga bas kelishning o'zi bo'lmasa. Hammasi bir-biridan vahshiy, qo'rs, shafqatsiz, imonsiz… Dardini kimga aytishni bilmaydi odam. Hatto, oppoq soqoli bilan Soli otayam shularga ilakishib o'tiribdi-ku! Xudodan qo'rqmagani-chi bularning!.. Afsus, niyatimga yeta olmadim. Mo''tabarni fohishaligi uchun jazolay bilmadim. Samadni o'ldirish tugul koyishgayam ulgurmadim. Uning o'zi meni shu yerlarga opkelib bo'g'izlash pallasida turibdi. Ojiz ekanman. Ojiz odam zo'rlarga bas kela olmasligini idrok etmabman. G'o'rlik qilibman. Karate-parateni bilsa, odam manaman deganning belini sindira oladi deb o'ylabman. Xom sut emgan banda ekanman…»

 

* * *

 

Mehmonalining xayoli bo'lindi. Kutilmaganda yerto'la eshigi sharaqlab ochildi-da, avval Samad, ketidan to'rt chog'li barzangi kirib keldi. Stol qarshisida o'tirgan barzangilar imi-jimida pistalarini qaytadan kissaga urib, qaddilarini g'oz tutishdi.

— Boplabsizlar-ku kuyov bolani, — deya kuldi Samad Mehmonalini ko'rsatib. — Mo'tashga sakrayverib toliqqandir harqalay. Shunaqami, kuyov bola?

Mehmonali masxaralanishlarga o'rganmagan.

Samadga yeb qo'ygudek tikilib turdi-da, bilinar-bilinmas tishlarini g'ijirlatib qo'ydi. Bu harakatidan Samad battar nasha qildi. Kula-kula, Mehmonaliga yaqin keldi.

— Demak, sen kelgindi, jo'jaxo'roz meni o'ldirishga kebsan-da-a? — so'radi Mehmonalining sochiga chang solib. — Qariya jo'natdimi? «Men uchun o'ch ol» dedimi? Gapir!..

— Men tergovda emasman senga gapirsam, — javob qildi Mehmonali. — O'ldirishga kelganim rost. Mening ayolimni, qalbimning egasini xo'rlaganing uchun, baxtiga chang solganing uchun javob berishing kerak.

— O', Muhsin, — Samadning kulgisi bu gal nafratga qorishiq chiqdi. — Eshitdingmi? Bratishka ja romantik ekan. Fohishani sevib qopti! Nima qilsak bo'larkin? Yo mana shu yerto'ladan ikkalasiga joy to'shab beraylikmikan-a? Romantika, asal oyi deganday… Nima deysan, Muhsin?..

Barzangi javob qaytarish o'rniga beo'xshov kulish bilan cheklandi.

— Yo'q, — dedi Samad ilkis ortga o'girilib. — Nizom!

Hov narida stolga suyangancha pista chaqayotgan barzangi yugura kelib Samadning qarshisida hozir bo'ldi.

— Eshitaman, aka!

— Bo'shat zanjirdan yigitni! — buyurdi Samad beixtiyor qovog'i uyilib. — Tezroq bo'l!

Mehmonali zanjirdan bo'shatildi. Ammo shundan keyin ham bir tuki seskanmadi. Allaqachon taqdirga tan berib bo'lgandi. Endi unga baribirdek tuyulardi. Qay holatda o'lishning farqi qolmagandi. Bilardi. Pichoqlashsayam, bo'g'ishsayam, yoki kaltaklab o'ldirishsayam baribir joni og'riydi. To yuragi urishdan to'xtaguncha joni og'riyveradi. Faqat… Tezlatishsaydi shu ishni…

Ruhiy azob og'irlik qilarkan odamga.

Nafrat, vahm, alam, armon, nadomat bir-biriga qorishib, Mehmonaliga yomon azob bera boshlagandi.

— Hozir mening ko'z o'ngimda manavi Muhsin akangminan bellashasan, — dedi Samad Mehmonalining ko'zlariga tik boqib. — Hunaringni ko'rsatasan! Agar uni yutib chiqsang, gap bo'lishi mumkinmas, kechiraman, hamma hunarlaringga ko'z yumaman, eshiklarni katta ochib qo'yaman. Ketaverasan xohlagan yeringga. Hatto, akalaring mashinada manzilinggacha eltib ham qo'yishadi. Basharti yutqazsang… Yutqazsang, mening bir shartim bor. Shunga ko'nishingga to'g'ri keladi. Ko'nmasang, o'zingga yomon bo'ladi! Tushuntira oldimmi?

— Menga baribir, — yelka qisgan ko'yi javob qildi Mehmonali. — Qachon, qaerda o'lishning farqi qolmagan anchadan beri.

— Unaqa dema, o'g'il bola, — daf'atan baqirib yubordi Samad. — Qanaqa o'lish? Joningdan to'yganmisan? Hali mushtdek bo'la turib o'limni gapirishing nimasi? Bilib qo'y, mening yonimda bundan keyin o'limdan gap ochmagin! Yomon qip tashlayman, bola! Tushundingmi?

— Tushunarli, — dedi Mehmonali. — Men tayyorman!..

 

YuZSIZLAR

 

* * *

 

Muhsin ham chayirlikda Mehmonalidan qolishmasdi. Ayniqsa, bo'yining uzunligi unga juda qo'l kelardi. Mehmonali dastlab uning harakatlarini kuzatarkan, yuta olmasligiga amin bo'lgandi. Biroq Muhsin bir-ikki «tashlashish»dan keyin ketma-ket xatoga yo'l qo'ya boshladi. Mehmonali navbatdagi xatoga yo'l qo'yishini poylab turdi-da, avval qo'l, ketidan oyoq zarbalarini yo'lladi. Muhsin yiqildi. Yiqilganda ham yerga yuztuban tushgancha yotib, bir necha daqiqa yuzini changallab yotishga majbur bo'ldi.

— Qoyil, bola, qoyil, — dedi dast o'rnidan turib Samad. — Boplading. Desanturadanmisan nima balo?

— Ha, shunaqa desayam bo'ladi, — dedi Mehmonali bosh qashib. — Endi ketaversam bo'lar-a, brat?

Samad bu savolni eshitiboq shotirlariga bir-bir qarab chiqdi-da, shu orada Muhsinning yelkasiga qoqib ovutgan bo'ldi. So'ngra yana Mehmonalining yoniga qaytdi.

— Ha, manzilga o'zim oborib qo'yaman, — dedi u. — Lekin Mo'tashnikiga bormaysan. Menikiga boramiz. Senminan gaplashadigan gaplar ko'p. Xo'sh, rozimisan?

Mehmonali ayniqsa Samaddan bunday lutfni sira kutmagandi. Yutib chiqqani alam qiladi va tag'in yomonlik qilsa kerak deb xayol qilgandi. Vaziyat yumshab, Samadning o'z uyiga taklif qilishi, boyagidek qovoq-tumshuq qilishdan tiyilishi, munosabati keskin o'zgarganini ko'rib ancha xotirjam tortdi. Lekin ko'nglining bir chetida bu zo'ravon, kallakesardan baribir o'ch olishi muqarrarligiga amin turdi.

— Roziman, — dedi u majburan bo'lsa-da, jilmayish qilib. — Siz nima desangiz shu-da, brat!

— Juda soz, — deya shotirlarga yuzlandi Samad. — Qani, arslonlarim, ketdik biznikiga! Bugun Mehmon bratishka bilan tanishganimizni yuvamiz!

 

* * *

 

Mehmonali mashinaning orqa o'rindig'ida, Samadning yonida jimgina ketib borardi-yu, qur-qur qalbiga quloq tutardi.

Qalbi sokin edi. Bezovtalik, qo'rqinch, vahm sezilmasdi.

«Bu zo'ravonning bir rejasi bor shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Juda ayyor bo'ladi bunaqangi nusxalar. O'zicha aldab-suldab turib boplayman deb o'ylasa kerak-da. Boplab bo'psanlar! Menam keyingi paytlarda jonimni tikib, ana undan keyin bir ishga qo'l uradigan bo'lganman. O'limdanam, zo'rliklaringdanam qo'rqmayman. Yo'qotadigan hech kimim ham yo'q. Tavakkal. Xudoga tavakkal qilaman!..»

— Bratishka, — deya kutilmaganda oradagi jimlikni buzib Mehmonaliga yuzlandi Samad. — Qaerliksan? Ota-onang bormi? Nega kelganding shaharga?

Mehmonali avvaliga javob berishni xohlamadi. Javob qilsa, sir boy berib qo'yadigandek tuyulaverdi. Biroq Samad baribir aytmasiga qo'ymasligini sezib, javob berishga ahd qildi.

— Ota-onam o'lib ketishgan, — dedi hiyla bosh egib. — Momomminan bobomning qo'lida o'sganman. Birin-sirin ular ham o'lib ketishdi. Mendan ancha katta yoshdagi tog'am bor. Shu tog'am sig'dirmadi. Uydan haydab soldi.

Samad Mehmonalini tinglab turdi-da, gap shu yerga yetganda, ilkis gapini kesdi.

— To'xta, Mamir, — haydovchiga baqirdi u. — To'xta! Muhsinga qo'ng'iroq qil, tez borib boyagi aytgan ishni qilsin! Ikkalasiniyam men borguncha uyimga opkeb tursin! Biz yo'l-yo'lakay bratishkaminan tamaddi qilvolamiz.

— Xo'p bo'ladi, xo'jayin, — deya mashinani chetga olib to'xtatgach, haydovchi qo'l telefoniga yopishdi.

Muhsin boshqa mashinada yo'lga chiqqandi. Mehmonali sezdiki, mushtlashuvda yutib chiqqanini Samad kechira olmabdi. Demak, Muhsinga o'ch olish uchun imkon bermoqchi. Hoynahoy, kallakesarlarining abjirroqlari bo'lsa, o'shalarni Samadnikiga olib borsa kerak. Na iloj? Hozir shularning qo'lida. Xohlashsa, o'ldirishadi, xohlashmasa, tepkilab-tepkilab yo'l chetiga irg'itib ketishadi…

Ammo Mehmonali sir boy bermadi. Indamasdan o'tiraverdi. Samad haydovchi buyrug'ini Muhsinga yetkazib, motorga o't qo'ygach, yana Mehmonaliga yuzlandi.

— Senam o'zimizdan ekansan, bratishka, — dedi u barmog'i bilan mashina oynasiga chertib. — Menam xuddi senga o'xshab ko'chada o'sganman. Faqat farqimiz shundaki, meni tug'ishgan akam uydan haydab solgan. Hechqisi yo'q, senam pishasan hali. Hammasi oldinda. Xafa bo'lma!..

«Qanchalar ayyor va tilyog'lamaykan bu Samad, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali zimdan unga tikilarkan. — To joningni olgunchayam bildirmaydiganlar, sezdirmaydiganlar xilidanakan. Lekin… Nima zariliykin? Jig'iga tegdimi, yo'liga g'ov bo'ldimi, o'ldirib yuboravermaydimi cho'zmasdan? Baribir shu ishni qiladi-ku! Paysalga solib baraka toparmidi…»

Samad to manzilga yetib kelishguncha so'z qotmadi. Mashina hashamatli hovlilardan biri darvozasidan o'tib hovlida to'xtagachgina, qaddini rostlab Mehmonalining yelkasiga qoqib qo'ydi.

— Hadeb o'y suraverma, — dedi u Mehmonaliga sovuq boqib. — Xudoga tavakkal qil, bratishka! Baribir xudoning aytgani bo'ladi. Hatto, o'limgayam tik qara, bratishka!..

Bu gaplar Mehmonalining shubhalarini battar kuchaytirdi. Samad behuda kimsasiz joyga olib kelmaganiga yana bir karra amin bo'ldi. Demak, hammasi uchun o'ch oladi. Birinchi navbatda Mo''tabarni oraga qo'shsa kerak. Bahona bor. Ana undan keyin Muhsinning yutqazganini ro'kach qiladi. Lekin… Nega haqiqiy erkak bo'lsa, o'z qo'llari bilan qilib qo'ya qolmaydi shu ishni? Qo'rqadimi? Hecham. Qo'rqqanda shu yoqlarga kelib ovora bo'lmasdi…

Qanchalar miyasini yomon o'ylar chirmab olmasin, Mehmonali qalbida qo'rquv hissini tuymayotgandi. Go'yo dunyoga o't ketsa ham bir tuki qimir etib qo'ymaydigan darajada sokin, xotirjam edi.

To'g'ri-da, agar ajal ta'qib etishni boshlasa, olmaguncha qo'ymaydi. Qo'rqib nima baraka topardi?!. Ota-buvalari o'z davrida dushmanning o'qiga qo'rqmasdan, tap tortmasdan tikka borishgan. O'shalarning avlodi-ku! Manavilardan qo'rqib, qaltirab tursa, o'limdan cho'chib yolvorsa, Azroil ortga qaytib ketadimi? Aslo! Shunday ekan, dadil oldinga yuradi! Dushmanning ko'ziga tik boqadi. Toki bu nusxalar ko'rib qo'ysin! Tan bersin!..

Mehmonali Samadning ortidan ichkariga kirdi. Dahliz orqali mehmonxonaga o'tishdi.

Ostona hatladi-yu, Mehmonali taqqa to'xtadi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, poygakda Mo''tabar va Soli ota bosh eggan ko'yi tik turishardi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...