DO'ST…

0

 

 

Do'st, mening dunyomga kira ko'rmagin,

Do'zaxning o'tida kuyib ketasan.

Men yurgan yo'llardan yura ko'rmagin,

Bir umr joningdan to'yib o'tasan.

 

 

Qismat itqitadi chilvir cho'liga,

Uzlatga bandilar bo'lib qolasan.

Yolg'izoyoqlikning yolg'iz yo'liga,

Boshingni qo'ygancha o'lib qolasan.

 

 

Farishta degani boylarga boqar,

G'arib-g'uraboni ko'zga ilmaydi.

Qalbingda kuldirgich bo'lsa ham agar,

Ming chiranma, baxting kula bilmaydi.

 

 

Qabriston tarafga qaraysan ma'yus,

Shikasta joningga yantoq botadi.

Do'pmaygan go'r seni tan olmas, afsus,

Tosh qotgan tavbalar titrab ketadi.

 

 

Jon do'st, yolvoraman, o'z dunyongda qol,

Sen-da hashamatning da'vogarisan.

Besabr baxtingni bag'irchangga ol,

Sen menga do'stsan, lek mendan narisan.

Olimjon HAYIT

 

loading...