Yangiyo'lda “Yangi O'zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida saylovoldi ommaviy targ'ibot tadbiri o'tkazildi

0

Toshkent viloyati Yangiyo'l shahrida “Yangi O'zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida saylovoldi ommaviy targ'ibot tadbiri o'tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi shahar kengashi tomonidan turli aksiyalar va taniqli san'atkorlarni jalb qilgan holda partiya g'oya va maqsadlarini aholi ongiga singdirish, aholining bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirda partiya elektorati vakillari – tadbirkorlar, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Joriy yilning 22 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlar butunlay yangicha muhit, yangicha huquqiy sharoitda o'tishi ta'kidlandi. Mazkur muhim siyosiy jarayonga O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ham jiddiy tayyorgarlik ko'rilayotgani alohida qayd etildi.

Targ'ibot tadbirida ishtirokchilarga partiyaning yangi saylovoldi dasturi, xususan dasturda belgilanayotgan asosiy g'oya va vazifalar to'g'risida ma'lumot berildi. Shuningdek, rasmiyatchilikdan xoli tarzda ochiq maydonda o'tkazilgan targ'ibot tadbirida partiya faollari, tadbirkorlar tomonidan OʻzLiDeP amaliy ishlar partiyasi ekani e'tirof etildi.

– To'g'risini aytganda, bu partiya haqida yetarli ma'lumotga ega emas edim, – deydi tadbir ishtirokchisi, “Mezon” mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Sobirova. – Ushbu tadbirda ishtirok etib, partiya, uning ilgari surayotgan g'oyalari to'g'risida muayyan tushunchaga ega bo'ldim. Partiyaning tadbirkorlikni rivojlantirish, pirovardida aholi turmushi farovonligini oshirish borasidagi va'dalari menga ma'qul keldi. Ayni shu boisdan OʻzLiDeP partiyasidan ko'rsatilgan nomzodlarni qo'llab-quvvatlashga ahd qildim.

Tadbir doirasida taniqli san'atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

loading...