Davlat siyosatiga to'sqinlik qilayotgan kim?

0

O‘zLiDePning bu galgi saylovlarga tayyorlagan platformasida shu savolga aniq javob bor ekan

Gapning indallosini aytganda, juda katta mas'uliyat talab qiladi ayni mavzuda aniq egasi bilan gapirish. Boisi ma'lum: darrov asos va isbot so'raladi. Partiya mutasaddilari buni teran his qilgan holda jiddiy kurashga chog'langani kundek ravshan. Alqissa, o'z elektorati manfaatlarini bu qadar yuqori nuqtaga ko'tarish payida bo'lmasdi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yo'lida taklif etayotgan loyihalari bilan ayrim “daqqi yunus”cha o'ylovchilarga yomon ko'rinishni istamasdi. Och qornim – tinch qulog'im siyosatini olib borardi. Joriy saylovlarning avvalgilardan ulkan farqi ham ochiq-oshkoraligida, nazarimda.

Partiya nuqtai nazaricha, tadbirkorlikka to'sqinlik qilgan har qanday odam yoki tashkilot davlat siyosatiga to'sqinlik qilgan inson yoxud muassasa, deb baholanishi darkor. “Kelinlar qo'zg'oloni”dagi ibora bilan aytganda, allaqachon shunaqa qilish kerak edi. Modomiki, ana shu dadillik biznes doiralari vakilllarining mazkur partiya atrofida yanada mustahkam jipslashishiga ko'maklashishi tayin.

Bunaqa vaqtda o'z-o'zidan navbatdagi savollar tug'iladi: xo'sh, tadbirkorlikka to'sqinlik qilayotganlar kim? O'zbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o'rin olishiga xalaqit qilayotganlar-chi? Sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlariga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag'batlantirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirishga panja orasidan qarayotganlarni “suv yuzi”ga chiqarish payti kelmadimi?

Quruq qoshiq og'iz yirtar, degan ma'noda yuqoridagi savollarni iqtisodiyot sohasini ipidan ignasigacha biladiganlarga berib ko'rdik. Biron bir partiyaga yon bosmaydigan ekspertlarning mulohazalariga ko'ra, O‘zLiDeP taklif qilayotgan Tadbirkorlik kodeksi hamda Investitsiya kodeksining tezroq ishlab chiqilishi va qabul qilinishi biznes yuritishning olis istiqbolga mo'ljallangan imkoniyatlarini o'n chandon oshiradi. Faqat buning o'zi kam. Yaxlit qonunning mavjudligi yarim marra. Shuning uchun ham Biznes-ombudsman bilan birga yaqindan ishlaydigan Investitsion ombudsman institutini tashkil etish zarur. Kodekslar sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirsa, ombudsmanlar tadbirkorlik faoliyatining muhofazasi orqali ularning ijrosini nazorat qiladi. Nazariya va amaliyot uyg'unlashgan joyda taraqqiyotga to'sqinlik qilib bo'lmaydi.

Nima dedingiz, yechim ma'qulmi sizga? Har qalay men partiya rejalashtirgan sa'y-harakatni shunday tushundim… O'zgacha fikrlar bo'lsa – bahs-munozara uchun maydon keng.

Omon ESON

loading...