Hikoya: «Portlab ketma yuragim!»

0

Bu sevgi qissasini talabalik yillarimda bir do'stim hikoya qilgandi. Do'stimning aytishicha, bu voqea aynan uning qishlog'ida bo'lgan ekan. Hali yuragimdan sevgi joy olmagani uchunmi, uning hikoyasini ishonib-ishonmay tinglagandim. Hatto yillar o'tib unutayozgandim.

Keyinchalik yuragimdan sevgi joy oldi. Yor bilan kechgan shirin lahzalar ko'z ochib yumguncha o'tdi-ketdi. Og'ir ayriliq azobi butun vujudimni burovga oldi. Shunda do'stimning hikoyasi yodimga tushdi va ro'y bergan voqealar ko'z o'ngimda gavdalandi…

Do'stimning qishlog'ida bir yigit-qiz bo'lgan ekan. Ular bolaligidan birga ulg'ayishgan, bir sinfda o'qishgan. Yillar o'tib, ular o'rtasidagi samimiy tuyg'u shirin sevgiga aylanibdi. Maktabni tugatgan vaqtida bilishsa, qiz otasining qo'shni qishloqdagi do'stining o'g'liga beshikketti qilingan ekan. O'sha davr urf-odatiga ko'ra qizni yigitga unashtirishibdi. Qiz bunga qanchalik norozi bo'lmasin, ota-onasining ra'yiga qarshi borolmabdi. Yigit ham o'zini qafasdagi qushday har yonga urmasin, baribir, sevgilisining to'yi bo'libdi.

Qiz yangi xonadonga kelin bo'lib tushibdi, bir yil o'tib farzand ko'ribdi. Yigit bor dardini ichiga yutibdi. Shu tariqa yillar o'taveribdi. U sevgilisining visoli qachondir nasib etishiga ishonib yashabdi. Bu orada sevgilisining oilasida yana farzandlar     dunyoga kelibdi.

Yigitni ota-onasi ko'p bor uylantirishga urinib ko'rishibdi, oxiri u hech qachon uylanmasligini aytibdi va sababini ohista tushuntiribdi.

Sevgilisining eri traktorchi ekan. Bir kechasi paxtazorni shudgor qilayotganda uxlab qolibdi, traktori bilan jarga qulabdi va uyqudaligida hayotdan ko'z yumibdi.

Beva rasm-rusumlar to'la bajarilgandan keyin uch bolasi bilan ota-onasining uyiga qaytibdi. Bu vaqtda yigit «keksa bo'ydoq» nomini olgan, lekin ota-onasi uni uylanishga da'vat etishdan charchamagan ekan. Nihoyat, yigit uylanishga rozilik beribdi, faqat o'sha ayolga. Ota-onasi battar kuyibdi, oxiri noiloj bevaning uyiga     sovchilikka boribdi.

Bevaning ota-onasi hayratdan qotib qolishibdi. Shunday es-hushli yigitga uch farzandi bor qizini bera olmasligini aytibdi. Yigitning ota-onasi sovchilikka borishdan charchamabdi, bevaning ota-onasi rad etishdan. Nihoyat, qizining ko'ngil ra'yiga qarab, to'yga rozilik berishibdi.

Yigit-qizning samimiy sevgisidan xabar topgan qishloq ahli katta to'yda o'ynab-kulibdi. To'y tugabdi. Kelin to'y libosida kuyov ostonasiga qadam qo'yibdi. Shunday baxtli lahza kelishini orziqib kutgan yigitning yuragi sevinchdan yorilib ketibdi…

Men ham yoridan ayrilgan o'sha yigit holiga tushdim. Sevgilim farzandlar ko'rsa ham shirin visoliga yetishishga ishonib yashayapman. Qachondir uning to'y libosida ostonamdan kirib kelishini hamon kutayapman. Yillar esa beayov o'tib borayapti.

Imonim komil, menga orziqib kutganim shirin visol nasib etadi. Sevgilim kutganimday uyimga kelin libosida kirib keladi. Faqat sendan iltimos qilaman yuragim, o'sha baxtli lahzada sevinchdan portlab ketma. Uzoq yillik ayriliqning og'ir azoblariga dosh bergan yuragim, iltimos, shirin visol kulib boqqanda sevinchdan portlab ketma!

Asror MO'MIN,

shoir va tarjimon

 

loading...