KALLAKESAR… (12-qism)

0

 

 

* * *

 

— Ha, qo'rqib ketdingmi? — masxaraomuz tirjayish qildi Tohir Suyunov. — Birov bilmaydi, bilgan qandimni yeb yuraveraman deb o'ylaysan-da-a? To'g'ri, sen tarafdagi melisa, prokurorlar bilmasligi mumkin. Chunki okaxonlaring ularniyam og'zini moylab qo'ygan. Usta okaxonlaring bunaqa ishlarga. Lekin shu yerdan turib ham melisalarga shipshitib qo'yish qo'limizdan keladi, qahramon. Qo'limizdan hamma ish keladi. Lekin unday qilmayman. Bilasanmi nega? Sababi shuki, anavi fohisha bilan bo'lgan gaplar, go'dakni podvalga ko'mishingdan Saveliy amaking xabar topsa, senga yetib ortadi. Vah, ja-a yomon qip tashlashadi seni aristonlar. Birinchidan, gap kamerangga yetgani hamono seni unitazning yonboshiga itqitishadi. Xuddi o'sha yerda badbo'y hidlarni hidla-ab yashaysan. Bundan tashqari, hech bir ariston seni davraga qo'shmay qo'yadi. Xudoning bergan kuni aristonlarning oyog'ini yuvib, poyida tiz cho'kib umr kechirasan. Kerak bo'lsa, ular senga orqasini o'ptiradi. Qani aytganini qilmay ko'r-chi!..

— Ba-as! — beixtiyor baqirib yubordi Mehmonali. — Itimos, o'rtoq boshliq, yetadi! Yetadi!..

— Qo'rqib ketdingmi? — turma boshlig'i yanada jonlanib Mehmonaliga yaqin keldi. — Qo'rqmaganning joni nechtaykan!?. Xo'sh, tarqataveraymi o'sha gaplarni? Yo biz bilan kelishib ishlaysanmi? Ishon, agar biz bergan topshiriqlarni uddalay bilsang, turmadagi hayoting birmuncha yaxshilanadi. Mayli, bir yil o'tirgin. Biroq bir yil ham ja cho'zilib ketadi turmada. Bu yer ozodlikmas, turma, ukam, turma!..

 

IKKIYuZLAMAChI

 

* * *

 

Rozi bo'lishdan boshqa yo'l qolmaganini Mehmonali tushunib yetgandi. Qarshisidagi zaxil yuzli bu yurtdoshi aytgan ishni bajarmasa, it kuniga solishi muqarrarligini sezib turardi. Shuning uchun gapni cho'zgisi kelmadi. Tavakkal qilishni ma'qul topdi.

— Roziman, — dedi u yer chizib. — Faqat o'sha gaplar oramizda qolsin, iltimos, aka!

— Albatta qoladi, — Tohir kaftlarini bir-biriga ishqalagancha joyiga borib o'tirdi. — Men so'z berdimmi, demak, so'zimda turaman. Qani, o'tir!

Mehmonali ortiqcha qarshilik qilib o'tirmay, turma boshlig'i ko'rsatgan kursiga cho'kdi.

— Saveliyni shunday gapga tutasanki, — uqtirishga tushdi u. — O'ziyam bilmay qolsin tilidan ilinganini! Shu bachchag'arni deb necha marta tergovchi almashtirildi. Baribir bo'yniga olmayapti.

— Men… Harakat qilaman, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Harakat qip ko'raman!

Turma boshlig'i nimadir yodiga tushgandek dast o'rnidan turdi-da, orqaroqda turgan temir sandiqni ochib ichidan diktofonni olib Mehmonaliga uzatdi.

— Manavindan foydalanishni bilasanmi?

— Bilaman, — dedi Mehmonali diktofonni qo'liga olarkan. — O'zimnikiyam boridi, kimgadir berovdim, qaytarmagan.

— Unda juda ustalik bilan ish tut. Kameraga kirmasingdan oldin diktofonni yoqqin-da, kissaga joylavol. Kameradagilarga umuman ko'rsatma. Ko'rib qolishsa, kallangminan javob berasan. Uqdingmi?

Mehmonali so'zsiz bosh irg'ab turma boshlig'ining savoliga javob qaytardi.

— Barakalla, — dedi u Mehmonalining yelkasiga qoqib. — Saveliyni ilintirib ber qarmoqqa! Ishni qoyillatsang, keyingi hayotingni o'ylab ko'ramiz. Balki… Qaysidir yaxshiroq kameraga o'tkazarmiz… Xullas, ko'ngling to'q bo'lsin! Endi bor! Omadingni bersin, hamshahar!

 

* * *

 

Mehmonali ham anoyi emas. Turmadagi bu taxlit ishlar, gap-so'zlar haqida ko'p eshitgan. Chuv tushib qolganlar, sirli ishini sezdirib qo'yib aristonlarning g'azabiga uchraganlar haqida ham gapirib berishgan. Samad ham turma sirlarini shipshitayotib, ayni «stukach»lik masalasida ham aytib ogohlantirgandi. «Stukach», ya'ni, to'porichasiga aytganda, ikkiyuzlamachilar hech qachon jinoyat olami vakillari orasida hurmat topa olmasligini gapirgandi…

Shunday xayollar iskanjasida kamerasiga yetib keldi. Soqchi shosha-pisha kamera eshigini ochdi-da, sovuqqon va zardali ohangda buyurdi:

— Kir!..

Mehmonali kirishdan oldin epchillik bilan diktofonni yoqdi-da, kissasiga qayta joyladi. Shundan keyingina buyruqni ado etdi…

Kameradoshlari uni ko'rgach, birinchi galdagidek qiziqish bilan boqishmadi. Saveliy amaki ham karavotida qanday cho'zilib yotgan bo'lsa, shundayligicha yotaverdi. Faqat bir-ikki tomoq qirib oldi xolos.

Ishni tezlashtirish lozim edi. Turma boshlig'i kechki yo'qlamadan keyin yana chaqirtirishini aytgan. Shoshilmasa, ulgurmaydi. Ulgurmasa, turma boshlig'i shubhalana boshlaydi. Imi-jimida aristonlar bilishi kerak bo'lmagan gaplarni tarqatish payida bo'ladi. Shularni o'ylab karavotiga cho'kdi. Ammo ilkis yana o'rnidan qo'zg'aldi. Go'yo asabiylasha boshlagan bo'lib, bir necha marotaba kameraning uyog'idan buyog'iga borib keldi.

Aristonlar hayron bo'lishmasdi. Unga yotgan yerlarida hissiz qarashardi. Mehmonali payqagan bo'lsa-da, tusini o'zgartirmasdan, eshitilar-eshitilmas so'kindi.

— Itdan tarqagan ment! Iflos! Meni kim deb o'ylayapti o'zi bular? Aniqlab bo'psan! Hayotda aytmayman sen kutgan gapni! He enangni!..

Ana shu so'kinishlari ish bera boshlagandek bo'ldi. Saveliy amaki dast o'rnidan turdi-yu, bir muddat Mehmonaliga sirli nigohlarini qadagan ko'yi sukut saqladi. So'ngra karavotdan pastga tushib unga yaqin keldi.

— Nima bo'ldi, Mehmon? Nega asabiysan? Nima gap o'tdi?

Mehmonali qariyaga ta'sirini o'tkaza olganidan quvonib battar jig'ibiyron bo'la boshladi.

— E, anavi turma boshlig'ini so'kyapman, — dedi u mushtlarini tugib. — Bo'ynimga yana bir qotillikni ilishga chog'lanibdi xunasa!

— Ie, — hayron bo'lib unga qattiqroq tikilib qaradi Saveliy amaki. — Nega unaqa qiladi u haromi? Turma boshlig'ining tergovga aralashishga haqi yo'q-ku! Aytmadingmi shuni?

— Tergovchi yonidaydi, — dedi Mehmonali o'zini battar alamzadalikka solib. — Ikkovlashib qonimni ichishdi. Ikki soat ichida yana chaqirisharkan. Agar bo'ynimga olmasam, umrimni karserda chiritarkan.

Saveliy amaki kameradagi boshqa mahbuslarga bir-bir qarab oldi-da, stol tarafga ishora qildi.

— Ochig'i, o'g'lim, bachchag'ar turma boshlig'i ziyofatning beliga tepdi. Kelinglar, birgalikda ziyofatimizni oxiriga yetkazib qo'yaylik!..

Aristonlar darrov stol qarshisida hozir bo'lishdi. Kimdir ko'rpa ostiga berkitilgan bir shisha ichkilikni keltirib stol ustiga qo'ydi. Yana kimdir gazak uchun qora non keltirdi.

Shu ko'yi ular yarim soatcha o'tirishdi. Ichkilikning ko'proq qismi Mehmonali va Saveliy amakiga berilgani sababmi, ularning kayfi oshib, yanada yozila boshlashdi.

— Yur, sen bilan endi nariroqda suhbatni davom ettiramiz, — deya o'rnidan qo'zg'aldi Saveliy amaki. — Sen Mehmon, ja shinavanda suhbatdosh chiqib qolding. Sendaqalarni hurmat qilaman, ha!

Mehmonaliga ayni shu kerak edi. Borib Saveliy amakining ro'parasidagi karavotga cho'kdi.

— Menga ishonasan-a? — so'radi Saveliy amaki shivirlab. — Gapir, qahramon, ishonasanmi menga?

— Albatta ishonaman, — dedi kulimsirab Mehmonali. — Birinchi ko'rishdayoq ajoyib inson ekaningizni ilg'aganman.

— Barakalla. Xo'sh, unda tergovchiga aytmaganlaringni menga ayt! Aslida o'sha bo'yningga qo'ymoqchi bo'lishayotgan ikkinchi qotillikkayam qo'l urganmiding? Yo haqiqatan…

Mehmonali suhbat xuddi o'zi xohlagandek avj pallaga kira boshlaganidan terisiga sig'mas darajada sevinib, Saveliy amakining qulog'iga shivirladi.

— Rostini aytsam, ular haq. Men birmas, ikki mentni tinchitganman. Faqat ikkinchisini daryoga uloqtirishga ulgurovdim. Shuning uchun darrov aniqlasha olmay qolishgan. Endi esa kimdir jasadni daryodan topib olgan bo'lsa, surishtirib mengacha yetishibdi-da qizig'arlar!

— Yashavor shovvoz, — deya uning yelkasiga shapatiladi Saveliy amaki. — Boplabsan! Senga hurmatim yanayam oshdi. Aslida-chi… Menam sendan battar ahvoldaman.

— Nega? — xuddi qiziqsingan kabi qariyaga qattiq tikildi Mehmonali. — Tinchlikmi?

— E, mana shu mentlarning dastidan bo'larim bo'ladi shekilli. Uch murdani bo'ynimga yuklashmoqchi. To'g'ri, aslida shunday. Uchtasini tinchitganman. Lekin faqat bittasini bo'ynimga oldim. Qolganidan tonib turibman. Shuning uchunam SIZO da ushlab turishibdi. Yo'qsa, allaqachon zonaga jo'natgan bo'lishardi.

— Nima, sizam menga o'xshab ularni daryoga uloqtirganmisiz? — so'radi Mehmonali ish silliq bitayotganidan quvonib. — Yo yoqvorganmisiz?

— Rostini aytaymi?

— Ayting, ayting. Juda qiziqib ketyapman.

— Unda shu gap shu yerda qolsin, — dedi Saveliy amaki stol atrofida o'tirgancha qartabozlik qilayotgan aristonlarga ma'noli ko'z tashlab olgach. — Agar buni eshitib qolsa, mentlar meni zambarakning og'ziga boylab otadi.

— Bilasiz-ku, men sir saqlay olaman, amaki, — dedi Mehmonali jiddiylashib. — Menga ishonaversangiz bo'ladi. Bratvalarni sotish yo'q. Sotgandan ko'ra o'zimni osganim ma'qul…

— Bilasanmi, men ikki marazning murdasini maydalab to qo'lga tushgunimcha pishirib yeganman, — shivirladi sovuq kulimsirab Saveliy amaki. — Alamdan shunday qilganman. Xudoning g'azabiga uchrashniyam o'ylab o'tirmaganman.

— Yo'g'-e, — kutilmagan gapdan Mehmonalining ikkala ko'zi ham chaqchaygancha jussasini orqaga tashladi. — Axir… Bu…

Saveliy amaki ikki qo'lini Mehmonalining yelkasiga tashlab, norozi bosh chayqadi.

— Zinhor chunqingni chiqara ko'rma! Xudo ko'rsatmasin, agar bu gaplar mentlarning qulog'iga yetsa, birinchi navbatda sen g'azabimga uchraysan. Uqdingmi, bola?..

— Uqdim, — deya asabiy lab tishladi Mehmonali. — Sizning dardingiz menikidan ming barobar og'irroq ekan. Ishoning, kar-soqovman!

Saveliy amaki bir muddat sukut saqlagan ko'yi Mehmonaliga tikilib turdi-da, asta o'rnidan qo'zg'aldi.

 

* * *

 

Hali stol atrofida qartabozlik qilayotgan aristonlarning yoniga o'tirib ulgurmagandi. Kamera eshigi sharaqlab ochilib, tanish nazoratchi kirdi.

— Sen qo'lingni orqaga qilib oldimga tush, — buyurdi Mehmonaliga. — Tez bo'l, turma boshlig'i kutyapti seni!..

Mehmonali ortiqcha savol berib o'tirmadi. Itoat bilan ikki qo'lini orqaga qilgancha nazoratchiga ergashdi.

Kameradan chiqishi bilan yana tanish buyruq quloqlari ostida jarangladi.

— Devorga o'giril! Qimirlama!..

Turma boshlig'i yolg'iz emasdi. Qarshisidagi kursida taxminan qirq yoshdagi kalbosh erkak o'tirar, ular nimalar haqidadir astoydil bahslashishardi.

Turma boshlig'i hanuz ostonada tek qotgancha buyruq kutayotgan Mehmonaliga sovuq boqdi-da, qarshisidagi erkakka so'z qotdi.

— Mana, bo'lg'usi mijozingiz yetib keldi, — dedi u masxaraomuz tirjayish qilib. — Shu yerda gaplashaverasizmi, yo tergov xonasiga chiqasizlarmi?

— Tohir, oldin birgalikda o'sha siz aytgan diktofondagini tinglab ko'raylik-chi, — javob qildi erkak. — Sizdan yashiradigan sirimiz bo'lmasa, nima qilamiz tergov xonasida? Nima deysiz?

— Gap yo'q, — dedi turma boshlig'i. — Qani, mahbus, manavi kursiga o'tir! Bu kishi tergovchi Yevgeniy Morozov bo'ladi. Seni tergov qiladi. Qani, diktofonni ber!

Mehmonali indamay ko'rsatilgan kursiga cho'kdi-da, kissasidagi diktofonni olib turma boshlig'iga uzatdi.

— Eplay oldingmi ishqilib? — kulgi aralash so'radi turma boshlig'i. — Yo shu ishniyam uddalay olmadingmi?

— Nachalnik, eshitib ko'rsangiz hammasi ravshan bo'ladi, — turma boshlig'ining muomalasi yoqmay, xuddi u kabi sovuqqonlik bilan javob berdi Mehmonali. — Hammasi yozilgan.

Tohir Suyunov diktofonni yoqdi-da, stol ustiga qo'ydi. Undan Saveliy va Mehmonali orasida bo'lib o'tgan suhbat yangray boshladi.

Turma boshlig'i va tergovchi berilib tinglashar, Tohir Suyunov ora-orada Mehmonaliga yer ostidan razm solib lab tishlab olardi.

Suhbat yakun topgach, turma boshlig'ining ham, tergovchining ham rangi o'zgardi. Ular baravar Mehmonaliga yeb qo'ygudek boqqancha bir muddat sukutga tolishdi.

Oradagi sukunatni esa Tohir Suyunov buzdi.

— Hali sen shunaqa ishbilgi qotilmisan? — u dast o'rnidan turdi-da, Mehmonalining tepasida hozir bo'ldi turma boshlig'i. — Hali bizni, militsiyani, prokuraturani laqillatib yurganmiding? Shu yo'l bilan jazodan qochishni niyat qilganmiding?

— M-men… Nima qildim? — vaziyat bu darajada qaltis tus olishini kutmagan Mehmonali ko'zlari chaqchaygancha bir Tohir Suyunovga, bir Yevgeniyga javdiradi. — Men… Axir…

— O'chir chakagingni! — baqirdi Tohir Suyunov. — Bizning turmada bunaqa nomerlaring o'tmaydi. Mana, Yevgeniy xuddi shu masalada tergov qilishni mo'ljallab kelgandi. Muammoni o'zing yechib berding. Nima deysiz, Jenya?

Tergovchi istar-istamas, o'rnidan qo'zg'aldi-yu, ikki qo'lini beliga tiragancha Mehmonaliga tikilib qoldi.

— Ha-a, bu yigitning ishi biz o'ylagandanam chalkashga o'xshaydi, — dedi nihoyat beixtiyor sergak tortib. — Bu ishni shunday qoldirib bo'lmaydi. Tez bayonnoma tuzishim kerak, Tohir!

— Marhamat, — dedi turma boshlig'i yelka qisib. — Bemalol tuzavering bayonnomani! Kabinet sizning ixtiyoringizda! Men… Nima qilay? Chiqishim kerakmi yo…

— Ishingiz bo'lsa qarshiligim yo'q. Bo'lmasa, menga xalal bermaysiz. Aksincha, siz shu yerda bo'lsangiz, bizga dalda bo'ladi… Aytgancha, bu mahbusning taqdiri nima bo'ladi endi?

— Karserda o'tiradi ma'lum muddat, — dedi Tohir Suyunov. — O'sha yerda adabini beramiz boshlanishiga.

— Qarshi emasman!.. Xo'p, unda boshlayveraylik-a suhbatni!

— Albatta.

Evgeniy qo'liga oppoq qog'oz va ruchka oldi-da, nimalarnidir yoza-yoza, oxiri Mehmonalini savolga tutishni boshladi.

Ammo tergovchi niyatiga yeta olmadi. Chunki Mehmonali hammasini anglab yetgandi. Turma boshlig'ining o'yinlari-yu, uni chuv tushirish maqsadida boshlagan ishi haqida to'liq tushunchaga ega bo'lib ulgurgandi. Shuning uchun avvaliga indamadi. Tergovchining savollaridan qotilliklarni faqat u sodir etgani anglashilgach, ortiq tek o'tirishni xohlamadi.

— O'rtoq turma boshlig'i, — dedi u tergovchi yo'llagan navbatdagi savolni ham javobsiz qoldirib. — Qo'ysin aka bunday narsalar haqida gapirmagandi. Siz bilan kelishganini aytgandi. Men axir…

— Ha, sen axir, — jerkib berdi uni turma boshlig'i. — O'zingcha boyib ketdingmi? Shu sababli tergovchini pisand qilmayapsanmi? O'sha Qo'ysin akang seni aldaganini bilasanmi o'zi? Vey, bola, sen turmadasan! Bu yerda pul, kelishuv, qonunbuzarliklar o'tmaydi. Qolaversa, o'sha Qo'ysin akang bergan pullarni Samad deganlari allaqachon o'zlashtirib, sarflab bo'lgan. Sen quruq qolding. Go'lliging, omiliging uchun hozir qip-qizil jinoyatchiga aylanding.

— Bo'lishi mumkinmas, — dedi Mehmonali gezarib. — Samad aka unaqangi odammas!..

Shu orada tergovchi qog'oz-qalamini qaytadan jildiga joyladi-da, qovoq uygan ko'yi o'rnidan turdi.

— Ertaga bu aristoningizni javob berishga taxt qilib qo'yarsiz, — dedi u xonadan chiqishga chog'lanib. — Agar ertagayam hozirgiday hunar ko'rsatsa, diktofondagi dalil asosida ishni yopib sudga oshiraman.

— Xo'p bo'ladi, Jenya, — deya dast o'rnidan turdi turma boshlig'i. — Ertaga tayyor turadi. Aksi bo'lsa, o'zidan o'pkalasin?..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...