«Noshud erim tufayli turmushimiz parokanda»

0
Unhappy couple sitting on couch silently after argument, Image: 163825115, License: Royalty-free, Restrictions: , Model Release: yes, Credit line: Profimedia, CandyBox

— Vaqt o'tgani sari hayot sinovlardan iborat ekanini tushunib boryapman. Turmushimdagi dardlar, g'ussali kunlar go'yo hech tugamaydiganday nazarimda! Qizlik davrimni, tashvishsiz yurganlarimni juda sog'indim. O'sha o'z shahzodamni kutib, umidlarga berilib yurgan damlarimni qumsayman. Gapni qanday boshlashni ham bilmayman. Ichimdagilar shunchalik to'lib ketganki…

Ayni damda erim bilan munosabatlarimiz juda yomon. O'rtamizda qandaydir iliqlik paydo bo'lishiga zarracha umidim ham qolmagan. Bilaman, hamma er-xotinlar ham bir-birini sevib-sevilib yashayotgani yo'q. Biroq ularda jilla qursa, o'zaro hurmat, mas'uliyat hissi, o'rganish degan narsalar bor. Mening turmushimda esa faqat sahroday cheksizlik. Men bu cheksizlik ichra tobora qaqshab, holsizlanib qolyapman…

Erim men tugul bolalariga ham e'tibor berishni istamaydi. Ko'p ayollar «Hech bo'lmasa bolalarini yaxshi ko'radi-ku, shular uchun yashayman-da»,     deyishadi. Men nima dey?..  Uchinchi farzandimni dunyoga keltirganimdan so'ng menga qaerdandir qandli diabet kasalligi yopishdi. Erimga dardimni aytib yig'lasam, parvoyiga ham ilgani yo'q. Ushbu kasallik tufayli tanamdagi har qanday xastalik osonlikcha chiqib ketmaydi. Oddiy bir shamollashni ham immun tizimim pastligi sabab juda qiyinchilik bilan o'tqazaman. Shundoq ham yeb-ichishim, kiyinishimga pul ajratayotgan bechora ota-onam, akalarim endi dori bilan ham ta'minlashyapti.

— Men xotiningizman, nima uchun ehtiyojlarimni haligacha ota-onam qoplashi kerak? Nima uchun bunchalik tosh yuraksiz?!

— Mening sendan boshqa va muhim xarajatlarim bor, kasal bo'laverib jonimga tegding!

Erimning shu kabi gaplari ko'nglimga qanchalar azob bermasin, tishimni tishimga qo'yishga majbur bo'lyapman. Nima uchun onalar qizlarini yaxshi kelin bo'lishga, yaxshi rafiqa bo'lishga tayyorlashadi-yu, o'g'illarini oila mas'uliyati bilan tanishtirishmaydi?! Erimda ana shu mas'uliyatni shakllantirish uchun qanday yo'l tutishni bilmay sarsonman. Bolalarimning qishlik kiyimlari, yeb-ichishlari bilan umuman ishi yo'q. O'ylab o'yimga yetolmayman, inson shu qadar ham e'tiborsiz, loqayd va bemehr bo'lishi mumkinmi?! Erim yarim kechagacha allaqanday kompyuterxonalarda o'tiradi. Xavotir olib yoki biror narsa sabab qo'ng'iroq qilsam, yosh boladay «Seni deb yutqazdim, nima deysan?» deyishi miyamni teshib yuboray deydi. Chindan ham aql yoshda emas, boshda ekan. O'ttiz uch yoshga kirgan erimning oilaga bosh emasligi, turmush tashvishlariga pinagini ham buzmasligi qanchalar ayanchli. Men bu alfozda ortiq davom eta olmasligini ham aytdim.

— O'zi ota-onang boshqalarning qaynota-qaynonasiga o'xshab bizga yordam qilay demaydi-da, tag'in seni ajrashish uchun gijgijlashadi. Avval menga ish topib berishsin, ishlayman!..

Dadam ish ham topib berdi. Lekin noshud erim u yerdan ham mingta bahona topib, bo'shadi, hozir yana uyda, ishsiz, pulsiz…  Men esa o'zimni o'qqa-cho'qqa urib, oila boqish dardida bozorga chiqaymi, deb turibman. Ammo sog'lig'im…  Ayting-chi, mana shunday vaziyatda ham oilam deb hammasiga chidashim kerakmi? Bunday inson bilan oila mustahkam va baxtli bo'lishi mumkinmi? Mana shunday inson bilan butun umr yashashni o'ylasam, yuragim siqilib ketadi. Maslahat bering, erimni qanday odam qilishim mumkin yoki kech bo'lmasdan hammasini to'xtatishim kerakmi?!

Oilasiga mehribon, uyiga ro'zg'or uchun xarajat qilib kelayotgan, bolalarini bog'chaga, maktabga, parkka yoki shifokorga o'zi olib chiqayotgan otalarni ko'rsam havasim keladi, entikib ketaman. Mening turmush o'rtog'im ham qachondir oilasiga g'amxo'r ota, kelajagimiz uchun qayg'uradigan er bo'larmikin, bilmayman?..

SADOQAT

loading...