Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayyorlash markaziga yana bir harbiy delegatsiya tashrif buyurdi

0

O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida Qozog'iston Respublikasi harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrif davomida kichik mataxassislar tayyorgarligi bo'yicha hamkorlikda o'quv-uslubiy yig'in o'tkazildi.

Unda dastlab markazda mutaxassislik bo'yicha tayyorgarlik, serjantlar tarkibini tayyorlash, serjantlar tarkibi malakasini oshirish kurslari, muhandislik, aloqa, zirhli tank xizmati, artilleriya bo'linmalari, quruqlikdagi qo'shinlar va havo hujumidan mudofaa singari mutaxassisliklar bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan delegatsiya a'zolari bilan o'zaro fikr almashildi.

Shuningdek, kichik mutaxassislarni tayyorlashda nazariy va amaliy mashg'ulotlarni olib borish borasida qo'llanilayotgan usul va uslublar haqida so'z yuritildi.

Shundan so'ng delegatsiya a'zolari tomonidan Qozog'iston Respublikasi mudofaa vazirligining kadetlar korpusida professional bilimlarini oshirish va mustahkamlash, komandirlik va liderlik sifatlarini, bo'linmalarni uslubiy boshqarish ko'nikmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumotlar berishdi.

O'zaro fikr almashinish davomida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikning keng ko'lamli masalalari, xalqaro tajribalarni qo'llash hamda ularni amaliyotga tadbiq etish va eng asosiysi amaliy mashg'ulotlarga alohida e'tibor qaratib, mutaxassislarni jismoniy, jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan mashg'ulotlar yuzasidan mulohazalarini bildirishdi.

O'tkazilgan o'quv yig'inidan so'ng delegatsiya a'zolari markazda kursantlarning nazariy bilimlarni egallashlari uchun o'quv binosidagi imkoniyatlar, kutubxona, oshxona, yotoqxona va madaniyat markazlarida yaratilgan zarur shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

 

 

 

 

 

 

 

loading...