KALLAKESAR… (13-qism)

0

 

 

«ODAMXO'R»

 

* * *

 

Tergovchi chiqib ketgandan so'ng u yana joyiga kelib o'tirdi-da, yer ostidan Mehmonaliga boqdi.

— Demak, sen haliyam gapimga ishonmayapsan-a? — dedi Mehmonaliga yeb qo'ygudek tikilib. — Yaxshi, hozir oldingda o'sha Samadga qo'ng'iroq qilaman. O'zing eshitasan!

Tohir kissasidan telefon chiqarib, kerakli raqamlarni terdi. Keyin esa ovoz kuchaytirgichni yoqdi. Zum o'tmay, go'shakdan Samadning ovozi yangradi.

— Ha-a, Tohirbek do'stim, ishlar qalay? — dedi u kulgi aralash. — Bizning Mehmon mehmondorchilikni qoyillatyaptimi?

— Xuddi shu masalada qo'ng'iroq qildim sizga, — dedi Tohir bir Mehmonali tarafga ko'z tashlab olib. — Mehmoningiz pulini talab qilyapti. Tez yetkazarmishsiz!

— Pul? Qanaqa pul? Jinni bo'lganmi u?

— Bilmadim. Turmada bir yil o'tirib berishga kelishgandagi pullarni so'rayapti ekan. Nima deb qo'yay?

— Hech qanaqangi pul-mul yo'q, — dedi Samad gapni kalta qilib. — U qovunlar pishib sotilib ham ketdi. O'zidan ko'rsin! Mening qo'lim tekkan ayolga ilakishmasligi kerak edi o'shanda. Endi o'sha ahmoqligining jabrini tortaversin! Bo'sh kelmang, adabini bering! Toki keyingi gal birovning haqiga ko'z olaytirmaydigan bo'lsin!

— Xo'p, tushunarli, — dedi Tohir jiddiylashib. — Yaxshilikda ko'rishaylik!..

Telefon o'chgach, ich-etini yeb bitira boshlagan Mehmonaliga yuzlandi.

— Eshitdingmi, qahramon? — so'radi u mushtlarini tugib. — Okaxonlaring seni chuv tushirishdi. Ammo bu ishda bizning aybimiz yo'q. Sen bizlar uchun hozir eng xavfli retsidevistsan. Qotilsan! Qotil bo'lgandayam, militsiya xodimlarining qotilisan! Kamida 20 yil olasan. Bu aniq!..

Mehmonali hanuz nimalar bo'layotganiga tushunmay, bir necha o'n marotaba atrofga alangladi. Go'yo nimanidir qidirgan bo'ldi. Keyin… Kutilmaganda o'rnidan turdi-da, turma boshlig'iga yopishdi.

— Ablahla-ar, — deya uni bo'g'a boshladi Mehmonali. — K-ko'rsatib qo'yaman senlarga!..

— Konvoy!!! — jon achchig'ida qichqirdi Tohir kuch bilan Mehmonalining qo'llarini tomog'idan olib tashlarkan. — Konvo-oy!!!

Ko'z ochib yumguncha xonaga uch nafar nazoratchi kirib keldi va he yo'q, be yo'q Mehmonaliga yopishib, darhol qo'llarini kishanladi.

— Bu iflosni «odamxo'r» o'tirgan karserga tashlanglar! — buyurdi kiyimini to'g'rilash bahonasida turma boshlig'i. — O'sha yerda o'tirsa, ko'zi ochiladi. Bo'l tez! Opketlaring!

Mehmonaliga turma boshlig'ining dag'dag'alari, pastga urishi, it o'rnida ko'rishi alam qilmasdi. Samadning gaplaridan ado bo'layozgandi. Yaqin o'tmishni yodga olarkan, ko'z o'ngida Samadning viqor bilan kerilib turishi gavdalanar, va'da ustiga bergan va'dalari, Mehmonaliga goh achinib, goh ko'nglini ko'tarib dalda berganlari quloqlari ostida jaranglardi. Jaranglagani sayin tepa sochi tikka bo'lar, yorug' dunyoga, odamlarga, do'stlik, insoniylikka qayta-qayta qo'l siltardi.

«Nahotki, xudoyam faqat qo'li kaltalar, o'zi ojiz va notavon yaratganlarga g'azabini sochaversa? — o'ylardi u qalbida g'alayon ko'tara boshlagan talvasa iskanjasida to'lg'onib. — Unda nega yaratdi? Alamlarini olish, boplab ustidan kulish, qiynab, azoblab, masxaralab maza qilish uchunmi? Nega battollar, pulini qaerga qo'yishini bilmay qolgan, ko'zini yog' bosgan, yuragini muzlik qoplagan bandalariga shohona hayotni ravo ko'radi-yu, biz kabilardan darig' tutadi? Unda nimaga yaratdi? Jonimni olib qo'ya qolsa bo'lmaydimi?.. Endi nima bo'ladi? O'zimni o'zim turmaga tiqdim-ku! Endi bu yerdan qanday qutulaman? Umrimda pashshagayam ozor bermagan menday go'l va lattani qip-qizil jinoyatchiga, qassobga, jallodga chiqarib o'tirishlariga qanday chiday? Kimga dardimni aytay? Qaniydi, shuncha baloni boshimga yog'dirgan xudo bir qudrat, shasht, g'ayrat, imkon ato etsa-yu, yomonlarning, ikkiyuzlamachilar, qasamxo'rlarning jazosini bersam! Ularni ham xuddi o'zim ko'rayotgan kunga solsam. Til tortmay o'layotganlarini ko'rib ko'nglim taskin topsa…»

— Devorga o'giril!..

Mehmonali shunday o'ylar girdobida karserga yetib kelishganini payqamay qolibdi.

Soqchining dag'dag'asini eshitib, birdan sergak tortdi va buyruqni ado etdi.

Shundagina turma boshlig'i aytgan «odamxo'r» haqida bosh qotira boshladi.

«Nega uni odamxo'r dedi? — deya o'ziga o'zi xayolan savol berdi. — Rostdanam odam yeydimi nima balo? Yo'qsa, bunday deb atamasdi anavi nusxa. Ko'ramiz, odamxo'ri qanaqaykin!?. Agar shu haqiqat bo'lib chiqsa, demak, o'ch olishni shu kameradan boshlayman. Odam zotini jazolashni o'sha odamxo'ridan boshlayman. Xudo, meni qiynasang ham, dodlarimni tinglamasang ham, mendan yuz burgan bo'lsang ham baribir tilayveraman. Menga kuch, bardosh, matonat, omad ber. Toki intiqom qiyomatga qolib ketmasin!..»

Umrida qamoqxonaning yaqiniga yo'lab ko'rmagan odam karser neligini qaydanam bilsin.

Mehmonali karserni ham Saveliylar o'tirgan kameralarning biri bo'lsa kerak deb o'ylagandi. Adashibdi. Karser, birinchidan, juda sovuq ekan. Ichkariga kirgandayoq qo'lansa hid dimog'iga urilgach, jirkanib ketdi. Ustiga-ustak karserda na karavot, na kursi, stol bor edi. Faqat beton supachalargina «savlat» to'kib turibdi. O'sha supalarning birida yoshi qirqqa borib-bormagan, soqol qo'ygan erkak chordona qurgancha tasbeh o'girardi. Mehmonali kirib kelgandan keyin ham o'rnidan jilmadi. O'tirgan yeridan unga sirli tikilgancha sukut saqlashda davom etdi.

Mehmonali sovvuqdan eti junjikkancha ro'paradagi supacha ustiga cho'kdi. Keyin esa boshini orqaga tashlagan ko'yi bir muddat ko'zlarini yumdi.

Shu ondayoq yana ko'z oldida olis qishloq ko'chasi namoyon bo'ldi. Lekin bu gal o'sha chang ko'chada xayolan Mo''tabar bilan qo'ltiqlashgancha qishloq tomon keta boshladi. Zum o'tmay, hov narida qo'shni ayollar, sinfdoshlari, tog'asi, yangasi qotib turganiga ko'zi tushdi.

Ular yaqinlashib kelgach, turganlarning barchasi ko'zlari alang-jalang o'ynagancha ikkovlariga tikilib qoldi…

Shu tobda orqaroqdan Samadning dag'dag'ali tovushi quloqlari ostida jarangladi:

— Sen bola, tag'in nima qand yeb qo'yding? Yana mening qo'lim tekkan buyumga ko'z olaytirdingmi?..

Shu dag'dag'a Mehmonalini hushyor torttirdi.

Shosha-pisha jussasini ko'tarib, «odamxo'r»ga boqdi. U hanuz chordona qurgan holda o'tirar, ora-orada chuqur xo'rsinib qo'yardi.

Mehmonali aristonga yaxshiroq razm soldi. Kirgandayoq qaramagan ekan. U boshini eggan ko'yi hamon tasbeh o'girish bilan band edi.

«Namozxonga o'xshaydi, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Buyam o'zbek. Aniq sezilib turibdi. Ammo nega salom-alik ham qilmadi? Hatto, pinagini buzmadi kirib kelganimdayam. Nega bu yerda o'tiribdi?.. Umuman, shundaylarga havasim keladi. Namoz o'qiydi, xudoni taniydi, xudoga har kuni sajda qiladi, niyatlari ijobat bo'lishini so'raydi. Men-chi? Men nega shunday qila olmayman? O'qishni bilsam, xotiram joyida bo'lsa. Nima uchun namoz o'qimayman? Nahotki, bir umr yetimlikning qattiq nonini kemirib ham ko'zim ochilmagan bo'lsa?.. So'rab ko'rsammikan anavindan? Nima derkin? Qanday maslahat berarkin? Yordam qilarmikin?..»

Soqolli yordam so'rashga hojat qoldirmadi. Daf'atan tasbeh o'girishdan tiyildi-da, tasbehni o'pib, ko'zlariga surgach, kissasiga joyladi va Mehmonaliga yuzlandi.

 

* * *

 

— Ha, bo'tam, xafa ko'rinasan? — so'radi u o'zbekchalab. — Kim seni ranjitdi? Nega karserga tashlashdi?..

Mehmonali xursand bo'lib ketdi. Karser bo'lsa ham yonida rus emas, o'zbek o'tirganidan, o'z tilida dardlashish imkoni borligidan ko'ngli yorishgandek bo'ldi.

— Men o'ldirmagan odamning xunini bo'ynimga yuklamoqchi bo'lishyapti marazlar, — dedi asta o'rnidan turib. — Men bo'ynimga olmadim. Shuning uchun turma boshlig'i alamiga chiday olmay karserga qamashni buyurdi.

— Xavotir olma, — dedi soqolli sovuq tirjayish qilib. — Bu turmada adolatsizlikka uchragan yolg'iz sen emassan. Hammasi o'tib ketadi. Boshingni baland tut! Bularga bo'yin egma! Bo'yin egsang, qul qilvolishadi.

— Menam osonlikcha jon berib qo'yadiganlardan emasman, — dedi Mehmonali kameraning sho'r bosgan devorlariga alam aralash termilib. — Hali ko'radi bular. Nimaga qodirligimni ko'rsatib qo'yaman.

Soqolli Mehmonalining bu gapidan so'ng tasbehni kissasidan chiqarib olib qo'yinga urdi-da, asta o'rnidan turdi va unga yaqin keldi.

— Qani, qaddingni g'oz tut, — dedi u Mehmonalining ko'zlariga tik boqib. — Barakalla! Kelbatingga qaraganda, baquvvatsan, irodalisan, dushmanlarning shafqatsizliklariga arzirli javob qaytara oladigan shashting ko'rinib turibdi. Shu kelbatni yo'qotma bola? Aytgancha, isming nima?

— Mehmonali.

— Meniki Muhammad Sayyid. Mana, tanishib ham oldik. Endi gapimga quloq sol, bo'tam. Harqalay, uch-to'rtta ko'ylakni sendan ko'proq yirtganman. Qolaversa, bu turmalarini ko'raverib ko'z pishdi. Sen-chi, hech qachon ularga siringni boy berma! Boy bersang, tamom. Ezg'ilab tashlashadi.

— Bilasizmi, Muhammad Sayid aka, — dedi Mehmonali yer chizib. — Aslida meni bir boyvachcha ko'ndirgandi. Katta pul evaziga o'g'lining o'rniga turmada bir yil o'tirib berishimni so'ragandi. Pulning kattaligini ko'rib yo'q deyolmadim. Pullarni esa shahardagi mafiyachi tanishimga berib qo'ygandim. Turmadan chiqqan kunim qaytarib beradigan bo'luvdi. Endi bo'lsa, u iflos tonyapti. Pul ham yo'q. Turma boshlig'iga meni shu yerda chiritib yuborishni tayinladi. Mana shu quloqlarim bilan eshitdim gapini.

— Shunaqa degin? — Muhammad Sayid bosh qashigancha nari ketdi. Kamerani aylanib nimalarnidir mulohaza qildi. Keyin tag'in Mehmonalining qarshisida hozir bo'ldi.

— Bilasanmi, sen undaylardan o'ch olishing kerak, — dedi asabiy lab tishlab. — Bo'shashmasliging kerak. Hozirgi holatingda esa bu ishni uddalashing mushkul. Boshqacha yo'l bilan ko'nglingdagi nafrat uchqunini alangaga aylantirish kerak. Ana shunda ko'ksingda shahd, shasht, jahd paydo bo'ladi. Shunday odamga aylanishing kerakki, dushmanlaring uchun rosmana johillik bilan kurashgin. Qo'lingdan keladimi shu ish?

— Bilmadim, — yelka qisdi Mehmonali Muhammad Sayyidga qattiqroq boqib. — Bu haqda ilgari sira o'ylab ko'rmaganman.

— O'ylab ko'rish shart emas, — dedi Muhammad Sayyid yanada jonlanib va kissasidan jajjigina xaltacha chiqardi. — Mana bu johillikni qo'zg'aydigan ajabtovur dori. Ko'p kerakmas, bir chimdimini ichib olsang bas, dushmanning haqiqiy basharasini ko'ra boshlaysan. Shu paytgacha kallani ishlatmaganing, baland shasht bilan harakatlar sodir etmaganingdan afsuslana boshlaysan. Ishon, bu dori odam o'ldirishga to'g'ri kelib qolsayam juda asqotadi. Yurakdagi qo'rquvni, hadikni, ikkilanish, andishani bir chetga surib qo'yishga majbur qiladi. Qaerda kim bilan kurashma, albatta g'olib bo'lasan. Xo'sh, tatib ko'rasanmi?

— Ha, — dedi Mehmonali bu matohning neligini chamalab ko'rgach. — Nimaligini bilaman. «Gera» bo'lsa kerak. Topdimmi?

Muhammad Sayyid bu gapni eshitdi-yu, ko'zlari ola-kula bo'lgancha Mehmonaliga yaqinroq keldi.

— Nima… Ilgariyam tatib ko'rganmisan?

— Yo'q, shunchaki… Bu matoh juda tanish menga. Shu xolos.

— Unda, ma, ol, tatib ko'r. Yoqmasa ikkinchi marta majburlash yo'q.

Mehmonali shaxsan o'zi hech qachon bunday narsalarning yoniga yaqinlashmagan. Lekin tanishlaridan biri shu oq og'u bilan andarmonligiga guvoh bo'lgan. O'sha tanishi obdon tushuntirgandi. Geroin deb atalgan narkotikni tatib ko'rsa, odam dunyoni unutarkan, yuragi baquvvatlasharkan, hatto, bomba shundoq yonida portlasa ham bir tuki seskanmaskan. Geroin ta'siri ostida o'zi yoqtirmaydiganlarni sira ikkilanmasdan yo'q qilishga qodir bo'larkan. Dushmanni yenga olishiga yuz ellik foiz ishona boshlarkan…

Mehmonali bir og'iz so'z demay, yangi tanishining qo'lidan paketchani oldi.

Muhammad Sayyid ham xuddi shunday ta'sir qiladiganini bergan ekan. Geroin ta'sir qila boshlagach, go'yo Mehmonalining kuchi bilaklariga sig'mayotgan kabi hadeganda mushtlari tugilaverdi. Qalbidagi kimlargadir atalgan mehr-oqibat, muhabbat, hurmat, izzat tuyg'usi qaergadir g'oyib bo'ldi. Ular o'rnini achchiq, taxir, sovuqqondan-da sovuqqonroq nafrat chulg'ab oldi. Unga yaxshilik tilamaydiganlar borki Mehmonalining xuddi shu sovuq nafratiga ko'ndalang keldi. Qo'yib berishsa, qo'liga qurol tegsa, qurol tugul hatto igna tegsa ham o'zi nafratlanadiganlarni chavaqlab tashlashga tayyor turdi.

«Dunyosi, mana shu ko'rimsiz va jirkanch dunyolari, — ko'nglidan kechirardi Mehmonali karser poliga uzala tushib yotgancha ko'zlarini yumib. — Mendaylarni xush ko'rmas ekan. Shuning uchun tug'ilgandan faqat yomonliklarga do'st tutindim. Hammasi iymonsiz, insof-diyonatsiz! Ular men kabi seva olishmaydi. Mendaylarni fursat topildi deguncha jarga qulatishadi. Ular dinsiz, xudoning qarg'ishiga uchragan kofirlar… O'ldiraman! So'yaman! Chavaqlayman!..»

Shunday to'lg'onishlar asiriga aylanibdi-yu, uxlab qolibdi.

Erta tongda Muhammad Sayid uyg'otdi.

— Xo'sh, bo'tam, kecha maza qildingmi? — so'radi u beo'xshov irshayib. — Rosa xurrakning enasini ko'rsatding o'zingam!..

Mehmonali javob qilmadi.

Javob qiladigan ahvolda emasdi.

Negadir ko'ngli aynib qusgisi kelardi-yu, qusa olmasdi.

Yuragining allaqaerini nimadir mahkam siqib turgan kabi nafas olishga qiynalar, havo yetmayotganini his etgani sayin vujudini vahima bosa boshlardi.

Bu ham yetmagandek, suyaklari xuddi kimdir qo'l bilan majburan burayotgandek tortishib-tortishib og'rirdi.

Mehmonalining o'zi bu neligini idrok etmasa-da, hammasi ravshan edi.

Muhammad Sayyidning kasofatiga qolgan, organizmi geroin talab qilardi.

Og'riqlar, ko'ngil aynishi, nafas siqishi shu tufayli edi.

Mehmonali giyohvandlar ta'biri bilan aytganda, ilk bor «lomka» deb atalmish maraz bir vaziyatni boshdan kechirardi.

Muhammad Sayyid supacha ustiga chordona qurgancha tasbeh o'girardi. O'sha yerdan turib Mehmonalining ahvolini zimdan kuzatardi.

Hadeb buralavergach, tasbehni qo'yinga urdi-yu, tepasiga keldi.

— Iltimos, taqsir, kechagidan yana picha bering, — dedi Mehmonali beixtiyor Muhammad Sayidga javdirab. — O'lib qolaman hozir. Iltimos, bir chimdim bering!

— Ie, g'alati yigit ekansan-ku, — dedi sovuq tirjayish qilib Muhammad Sayyid. — Bir chimdim geroin qancha turishini bilasanmi? Kecha ahvolingni ko'rib rahmim kelgani uchun tinchlanar degan niyatda beruvdim. Endi bo'lsa uyalmasdan so'rashing nimasi?.. Mayli, agar puling bo'lsa, sotishim mumkin. Har holda bu noyob matoh. Tekinga bervorsam uyim kuyadi-da, uka!..

— Pulga bo'lsayam bering! Ko'rmayapsizmi ahvolimni? O'lib qolaman hozir, o'lib!..

— Pul? Qani o'sha pul? Qaerdan topib berasan pulni?

— Topaman! O'lmasam topaman!

— Topa olmaysan. Qaranglar-a, toparmish! Puling bo'lsa shu yerlarda o'tirarmiding? Undan ko'ra, gapimga quloq sol. Agar haqiqatan shu matohsiz yashay olmasligingga ko'zing yetsa, mening shartlarimni bajarishing kerak bo'ladi. Shunda doza sen uchun tekinga tushadi. Xo'sh, nima deysan?

— Roziman, roziman, — deya Muhammad Sayyidga yaqinroq surilib o'tirdi Mehmonali. — Faqat bersangiz bas. Nima shart bo'lsa, turib beraman.

— Turib bera olmasang-chi? — deya ijikiladi Muhammad Sayyid. — Bu shart sen o'ylaganchalik oson emas. Kerak bo'lsa, umringni garovga qo'yishingga to'g'ri keladi.

— Farqi yo'q, — dedi Mehmonali betoqatlanib. — Faqat tezroq bering matohingizni, iltimos!..

— Mayli, ko'ndirding, — dedi Muhammad Sayyid sira shoshilmasdan qo'yin kissasidan xaltachani chiqarib olarkan. — Hozir dozangni olasan-da, keyin shartlarimni eshitasan. Basharti hozir aytgan so'zingdan qaytadigan bo'lsang, bilib qo'y, oxiri yomon bo'ladi. Uqdingmi?

— Uqdim, aka, uqdim!..

Muhammad Sayyid bir chimdimgina geroinni olib Mehmonalining kaftiga qo'ydi va jonholatda kukunni tishlariga ishqalay boshlagan kameradoshiga masxaraomuz termilgan ko'yi qaytadan tasbeh o'girishga tushdi.

 

* * *

 

Oradan hech qancha o'tmay, Mehmonali yana lazzatli lahzalar og'ushiga kirdi. Kayfiyati ko'tarilib, tanasida paydo bo'lgan og'riqlar, ko'ngil aynishi ortga chekindi. Odatiga ko'ra, mushtlarini tugib, lablarini qattiq tishlab, kimnidir do'pposlash, kerak bo'lsa o'ldirar darajaga yetgandek qalbi junbushga keldi.

— Ana endi eshit gapimni, — Muhammad Sayyid tasbehni qo'yin kissasiga qaytadan joyladi-da, Mehmonaliga yuzlandi. — Bu doza bir umr senga kayf bera olmaydi. Buni o'zingam yaxshi bilasan. Agar shartimni bajarmaydigan bo'lsang, geroin yo'q. Demak, yana qiynala boshlaysan. Bu safargi qiynoqlaring oldingisidan kuchliroq bo'ladi. Agar o'z vaqtida dozani olmasang, o'lib ketishing hech gapmas. Uqdingmi?

— Ayting shartingizni, — dedi dadillik bilan Mehmonali. — Bajarmagan nomard. Aytavering.

— Saveliyni o'ldirasan!

— Anavi… Mening kameramdagi Saveliymi?

— Xuddi o'sha. U mening azaliy dushmanim. O'sha iflosning dastidan karserda o'tiribman. Ishning beliga tepdi turma boshlig'iga chaqib. U seniyam sotgan. Aniq bilaman.

— Gap yo'q, — dedi Mehmonali qovoq uyib. — Sotqinlarni qiyomatga qoldirish yo'q. Ular kofir! Kofirlarni ko'rishga ko'zim yo'q.

— Barakalla, — dedi Muhammad Sayyid sovuq kulimsirab. — Unda kechqurun tayyor turasan. Yana yarimta doza beraman. Keyin anavi soqchilari bilan gaplashib seni bo'sh, ko'zdan pana kameraga kirittiraman. O'sha yerda o'ldirasan-u, orqangga qaytasan. Ishni qoyillatsang, dozalar seniki. Agar dushmanimni o'ldirib bersang-chi, yigit, seni birinchi bo'lib afg'on diyoriga yuboraman. U yerda bizning akaxonlar bor. Haqiqiy jangarilar! Seni kutib olishadi. Jang qilishni o'rgatishadi. Kofirlarni qirasan. Ularning urug'ini quritasan. Haqiqiy jihodchiga aylanasan. Baxting kulib, nasibang qo'shilsa, shahid ketasan. Bilib qo'y, musulmon uchun jangda shahid bo'lish sharaf. Shahidlar to'ppa-to'g'ri Yaratganning huzuriga borishadi. Jannatning to'ri o'shalarniki bo'ladi. Ishon, ular seni tashlab qo'yishmaydi. Manavi matohlar oyoq ostida qalashib yotadi. Keyin… O'zim tayinlayman, uylantirib ham qo'yishadi. Mayli, endi dam ol, kayfingni qil! Kechqurun xudo deb shartni bajarishga borasan!

Mehmonali Muhammad Sayyidga yana birpas tikilib turgan bo'ldi-yu, ko'zlarini yumdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...