O'LIMDAN KEYINGI HAYoT… (8-qism. Mistika. Oxiri)

0

 

 

O'N IKKINChI BOB

 

Men farishtamning yelkasiga boshimni qo'ygancha ostimizdagi poyonsiz kengliklarga tikilardim. Bu sahroda faqat sariq kaltakesaklar izg'ib yurishar, boshqa jonzot ko'zga tashlanmasdi.

— Qaerga ketayapmiz? — nihoyat anchadan beri o'zimni qiynab kelayotgan savolni tashladim.

— Biz boradigan joyga hali qaror chiqarilmagan gunohkor ruhlargina tashrif buyurishadi va aniq qarorni kutishadi. — dedi farishtam.

— Siz meni o'sha yerda qoldirib ketasizmi?

— Yo'q, sening masalangda qaror allaqachon chiqarilib bo'lgan.

— Shu yerga kelishim lozimligi haqida qaror chiqarilganmi?

— Boshqa qaror chiqarilgan. Bu haqda keyinroq bilib olasan. Sen avval bir odam bilan uchrashishing kerak.

— Kim bilan?

— Bilmayman. Sabr qil, biz yaqinlashib qoldik.

Biz pastlay boshladik.

— Bu yerlar nega kimsasiz? Qanaqa joylar o'zi? — so'radim farishtamdan sahroga, atrofimizda suzib yurgan moviy rang tumanga ishora qilib.

— Biz hali do'zaxning bir burchagidamiz. — javob qildi farishtam. — Hov anavi qora sharpalarni ko'rayapsanmi?

— Ha, ular kimlar? Nega uyoqdan buyoqqa borib kelishayapti?

— Ular arosatda qolgan ruhlar. Yaratganning keskin qarorini kutishayapti.

Sharpalar soniya sayin ko'paya bordi va ular orasidan kimdir biz tomon chopib ovozining boricha baqira boshladi:

— Voy, Xudoyimning elchisi! Qaranglar, biz tomonga Xudoyimning elchisi keldi!!!

Ruhlar bir zumda bizni o'rab olib qo'llarini farishtamga cho'za boshlashdi.

— Bizni duo qil, Xudoning elchisi! Duo qil! Sen bizga yaxshi xabar olib keldingmi?

Farishtam mayin jilmayib ularning barchasini duo qildi.

Shundan so'ng farishtam meni qo'ltiqlagancha nari olib ketdi. Chamasi ellik metrlar yurilgach, kutilmaganda osmonu falakni qorong'ilik qopladi. Men qo'rqqanimdan dag'-dag' titrab farishtamning pinjiga kirdim.

— Qo'rqma! — dedi u boshimni silab. — Hozir sen bir odam bilan uchrashasan. Sizlar bemalol gaplashib olishlaring uchun men yolg'iz qoldiraman. Xo'sh, qo'rqmaysanmi?

Men bosh irg'adim.

Farishtam o'zimni yolg'iz qoldirdi-yu, ko'z ochib yumguncha g'oyib bo'ldi. Shu zahoti atrof qaytadan yorishib, ro'paramda… O'sha o'zim bilgan… Georgiy paydo bo'ldi.

Sevinchdanmi, qo'rquvdanmi, bilmadim, ko'zlarim chaqnab ketdi.

— Georgiy! — baqirib yubordim men. — O'zingmisan?

— Anna!..

Biz bir-birimizga yaqin kelib bir muddat jim qoldik.

— Kel, o'tiraylik! — dedi nihoyat Georgiy. — Gaplashib olishimiz kerak.

O'tirdik.

— Bu yerga qaerdan kelib qolding? — so'radim men sal o'zimni qo'lga olgach.

— Chunki, men sendan avvalroq o'lganman. — dedi Georgiy. — Samolyotimiz havoda portlab ketgandi o'shanda.

— Xudoyim!.. Menga qara, begona ayollar bilan uchrashish mana shunaqa jazolanadi. Menga xiyonat qilmasliging kerak edi.

— Anna! Bu nima deganing? Men begona ayollar bilan uchrashgan masman.

— Tag'in yolg'on gapirayapsan-a?

— Ishon, o'shanda o'g'limni ko'rishga ketayotgandim. Vatanda bir o'g'lim bor edi. Anna! Seni bir umr chin ko'ngildan sevganman, ishon!.. Senga xiyonat qilmaganman.

— O'g'lim bor edi degin?.. — bu xabarni eshitgach, lablarim asabiy titrab, peshonamni sovuq ter bosdi. — Kim edi uning onasi? Sevganmiding uniyam?

— Men uni sevmaganman… Ekspeditsiya paytida tanishib qolgandim. U qiz… Meni bir ko'rishdayoq yoqtirib qolgandi… Holi jonimga qo'ymagandi… Shundan keyin…

— O'g'ling necha yoshda edi?

— O'n ikkida.

— Nima? Shuncha yil meni aldab yurgan ekansan-da?

— Ha, agar kechira olsang kechir!

Men indamasdan nari ketdim. Bilmadim… To'g'risi, menga o'lganimdan keyingi qiynoqlar yetib ortardi. Bunisi endi ortiqcha edi…

Yig'lagim kelib, ko'zlarimni kaftlarim bilan berkitib oldim. Georgiy esa hamon ortimdan ergashib kelardi.

— Nega orqamdan kelayapsan? — yig'i aralash so'radim undan. — Meni tinch qo'y!

Georgiy menga yaqin keldi-da, ikki kaftimni olib yuzlariga bosdi.

— Biz vidolashmadik-ku! — dedi u shivirlab. — Men shuning uchun seni kutayotgandim.

— Mayli, alvido! Yaxshi qol!

— Meni kechirdingmi?

— Ha, kechirdim. Marhumlar bir-birlarini kechira olishlari zarur. Aks holda ulardan biri do'zaxda mangu qolib ketadi.

— Rahmat senga, Anna! — dedi Georgiy. — Men shu lahzalardan boshlab bir umr seni kutib yashayman…

 

* * *

 

Oradan bir-ikki daqiqa vaqt o'tib, farishtam qarshimda hozir bo'ldi. Bu orada Georgiy allaqachon ko'zdan g'oyib bo'lgandi.

— Xo'sh, vidolashib oldilaringmi? — so'radi mendan farishtam.

Men bosh irg'adim.

— U senga hech narsa demadimi?

— Yo'q. Nimaydi?

— Anna! Sen yana Yerga qaytasan. O'z jasadingga kirasan. Xursand emasmisan?

— Bilmadim. — dedim yelka qisib. — Xudoyim shunday qarorga kelibdimi?

— Ha. Jasading hamon kasalxonada. Bobong Yaratgandan senga yana bir imkoniyat berishini so'rab yolvordi. Lekin… Bobong tayinladiki, sen butkul boshqacha hayotni boshlashing lozim. Oldingi hayotingdan voz kechishing zarur. Nega jimsan?

— Nimayam derdim? Hammasi uchun Xudoyimga shukr qilaman.

Farishtam mayin jilmayib ko'zlarimga boqdi. Ha, u shu qadar chiroyli jilmayardiki, alam qilib ketdi. Nahotki, qaytib uni uchratmayman?

— Qani, Mariya, endi bizga yaqin kelinglar! — dedi u boshini ters burib.

Vaholanki, yon verimizda o'zimizdan bo'lak hech kim yo'q edi. Farishtam shunday deyishi bilan mendan ikki metrcha narida o'zimga juda tanish va qadrdon bo'lgan jussa hozir bo'ldi.

— Oyijon!..

Biz bir-birimizni mahkam quchoqlab oldik.

Xudoyim, bu qanday baxt tag'in! Onamni uchratsam-a! Onajonimni bag'rimga bossam-a!..

— Oyijon, men Yerga qaytayapman! — dedim yig'lamsirab.

— Bilaman, qizalog'im, bilaman. Endi oldingi xatolaringni takrorlamagin! Sen biz uchun ham, o'zing uchun ham ibodat qilishni o'rgan! Umid qilamanki, bir kunmas bir kun boshingga tushadigan o'limga tayyorsan. Ishon, o'sha kun kelgach, shu zahoti jannatga tushasan. Men bunga aminman. Bu yerlarni qaytib ko'rmaysan.

— Nima, bu yerda yashash yomonmi?

— Yo'q, lekin bu yerda jannatning sharpasi ham ko'zga tashlanmaydi. Chunki, biz unday inoyatga loyiq emasmiz. Voy, qizim-ey! Endi sensiz nima qilarkanman-a? Ayt, meni unutib qo'ymaysanmi? Mening haqqimgayam ibodat qilasanmi?

— Bu nima deganingiz? Hatto, nogiron bo'lib qolsam ham baribir sizlarning haqqingizga ibodat qilib yashayman.

— Ketishing kerak! — suhbatimizni bo'ldi farishtam. — Muddating tugadi. Shoshilmasak, Yaratganning g'azabiga uchraymiz. Qani, onang bilan xayrlash!..

Men yig'lay-yig'lay, onajonimning bag'riga o'zimni otdim. Ammo farishtam shu lahzadayoq meni nari tortib qanotlari ostiga oldi.

— Qani, uchdik! Seni manzilingga yetkazmasam bo'lmaydi.

— Farishtam, endi sizni ko'rmaymanmi? Hech qachon kelmaysizmi oldimga?

— Bu nimasi? Nega kelmas ekanman? Men har soniyada sen bilan birga bo'laman. Seni xato qilishdan tiyib turadigan yagona jonzot menman-ku!.. Qo'rqma, sen hozir o'z jasadingga kirasan va boshqacha hayot boshlaysan…

 

* * *

 

Yarim jonsiz jasadga kirishim oson kechmadi. Jasad muzdek va tor edi. Ha, jasadim o'sha yotganicha uzoq vaqt qimirlamagandi. Aqlli elektr uskunalargina tanaga qon, sun'iy havo yo'llab, o'pkani va yurakni ishlashga majburlashardi.

Men sira shoshilmasdan tanamga joylashib, barcha a'zolarimga quloq tutdim. Yuragimning urishi tezlashdi. Vrachlar esa, bu holatni ikki soatlardan keyingina payqashdi. Men allaqachon mustaqil nafas ola boshlagandim.

Men o'zimga kelib sekin ko'zlarimni ochdim. Barcha bo'lib o'tgan voqealar xotiramda navbati bilan aylanardi.

Qarang, vrachlar o'zimga kelganimni ko'rib bir-birlarini tabriklashar, quvonchdan jazava aralash kulishardi.

Gapirishga holim yetganda, birinchi bo'lib aytganim shu bo'ldi:

— Iltimos, ruhoniyni taklif qilinglar!..

 

XOTIMA

 

Mana, o'sha voqeaga ham o'n yil bo'libdi. Hozir stol qarshisida o'tirgancha, o'zimning o'limdan keyingi xotiralarimni qog'ozga tushirish bilan bandman. O'g'lim Sasha ruhoniy. Cherkovga ketgan. Bugun ibodat qiluvchilar ko'p emish. Ertaroq bormasa ulgurmasmish. Kelinim Zinaida ham u bilan birga ketgan. Negaki, cherkovdagi barcha xo'jalik ishlari o'shaning zimmasida. To'g'ri, o'zim ham borishim lozim edi. Lekin nevaralarim Tatyana va Nastyalar uxlashayapti. Ularni yolg'iz qoldirib bo'lmaydi…

Aytgancha, o'g'lim Sasha bilan har yili Myunxenga borib Georgiyning qabrini ziyorat qilib qaytamiz.

Voy, sal bo'lmasa yodimdan ko'tarilayozibdi. Mushugim Tarvuz ham biz bilan birga. U har kuni Sashaga qo'shilib cherkovga boradi. O'sha yerdagi sichqonlarni ovlab kun ko'radi.

Ha, mayli, nevaralarim uyg'onishdi chog'i. Ularga qaramasam bo'lmaydi.

Hammasi uchun yana bir karra Yaratganga shukr!

Tamom.

Elena VOZNESENSKAYa

Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimasi

 

loading...