TIBBIYoT XABARLARI QISQA SATRLARDA…

0

 

 

BU ShIRINLIKLAR SALOMATLIK KUShANDASIDIR

 

Rossiyalik dietolog, tibbiyot fanlari nomzodi Lyudmila Zotova kundalik hayotda iste'mol qilinadigan shirinliklarning hammasi ham foydali emasligini ta'kidlab o'tdi. Dietologning aytishicha, birinchi navbatda yog'da qovurilgan shirinliklar, masalan, ponchiklar, chak-chak, keyin desert sifatida iste'mol qilinadigan shirinliklar, bundan tashqari shokoladli batonchiklar, kremli tortlar salomatlik kushandasi ekan.

— Shirinlik tarkibi qancha murakkab bo'lsa, — deydi Zotova. — Salomatlik uchun shuncha xavfli hisoblanadi. Inson organizmi uchun sutli va tuxum oqi asosida pishirilgan desertlar ham jiddiy ziyon yetkazadi.

Marmelad, zefir kabi shirinliklar esa aksincha organizm uchun foyda bersa beradiki, ziyon yetkazmaydi. Asosiysi, ular tabiiy mahsulotlardan tayyorlansa bas. Asal, murabbo va achchiq shokolad ham bizning salomatligimizga zarar yetkazmaydi.

 

KOFE UMRNI UZAYTIRARKAN

 

Dunyo olimlari olib borilgan izlanishlar natijasida kofening yana bir foydali xususiyatini aniqlashdi. Ma'lum bo'ldiki, kofe tarkibida mavjud katta miqdordagi antioksidantlar odam uzoqroq yashashini ta'minlay olarkan. Izlanishlar 12 yil davom etdi. Ko'ngillilar shu muddat davomida qat'iy nazoratda bo'lishdi. Natija yuqorida aytib o'tilgan fikrlarni to'liq tasdiqladi. Antioksidantlar haqiqatan odam organizmidagi to'qimalar qarishini sezilarli tarzda sekinlashtirarkan. Bundan tashqari, kofe yurak va saraton xastaliklari rivojlanishini ham to'qimalar qatorida sekinlashtiradi. Kuchli shamollashga qarshi kurashda kofening ahamiyati alohida hisoblanadi.

 

PARHEZ ORGANIZMNI ZAIFLAShTIRADI

 

Organizmning turli xastaliklarga qarshi muvaffaqiyatli kurasha olishi uchun immunitet ko'tarinki holatda bo'lishi, biz iste'mol qiladigan taomlar tarkibida foydali moddalar yetarli darajada bo'lishi lozim. Shundan kelib chiqib olimlar har qanday ko'rinishdagi parhez organizm uchun zarar yetkazishini ta'kidlashdi.

Ayniqsa kuz va bahor faslida parhezdan voz kechishimiz lozim.

— Hech bo'lmasa noyabr oxiriga qadar parhezdan voz kechib turishimiz talab etiladi, — deydi olimlardan biri. — Viruslar mavsumida organizm parhez ta'sirida o'z kuchini yo'qota boshlaydi. Ana shu narsa xastalik g'alaba qilishini ta'minlaydi. Bundan tashqari, yog'li, sho'r va achchiq taomlardan yuz burishimiz lozim. Ko'proq dam olishimiz, uxlashimiz, suv ichishimiz kerak. Ana shunda organizm zaiflashmaydi.

 

loading...